TRIKOTAJ

TRIKOTAJ

TRIKOTAJ (frans, tircoter toʻqimoq) — bir yoki bir necha iplardan halqalar hosil qilib, ularni oʻzaro biriktirish (oʻrish) natijasida olinadigan mato yoki buyum. Trikotaj iplarning tarkibiga, ishlatilishi, pardozlash usuli va tuzilishiga qarab turlarga boʻlinadi. Tarkibi ga qarab, paxta ipi, jun, ipak va kimyoviy tola aralashgan iplardan toʻqilgan xillarga boʻlinadi. Ishlatilishiga qarab, Trikotaj buyumlar yoki matolarga boʻlinadi. Trikotaj buyumlariga kostyum, jemper, kofta, palto, qoʻlqop, koʻylak, ichki kiyim, paypoq va b. matolariga sunʼiy moʻyna, sunʼiy charm kiradi; bular texnik maqsadlarda va turli xil kiyimlar tayyorlashda ishlatiladi. Pardozlash usuliga qarab, dagʻal, oqartirilgan, tekis va boʻyalgan xillarga boʻlinadi. Trikotajning asosiy fizikmexanik xossalari uning tuzilishiga, xalkalarning shakli va oʻlchamiga, ipning yoʻgʻon va ingichkaligiga, qalinligi va pishikligiga bogʻliq. Tuzilishi (strukturasi) ga qarab, koʻndalang toʻqilgan, tanda oʻrilishli, bir qavatli va ikki qavatli boʻladi. Trikotaj yumshokligi, elastikligi, gijimlanmasligi, yengilligi, oson yuvilishi bilan boshqa toʻqima matolardan ustun turadi. Trikotaj oʻrilish boshqa oddiy gazlamalar oʻrilishidan farq qiladi. Bir yoki bir necha uzluksiz ip xalqalarini birbiriga birlashtirib hosil qilinadi. Trikotaj halqalarining qanday hosil boʻlishiga qarab, koʻndalang toʻqilgan (kulir) va boʻylama (tandadan toʻqilgan) Trikotaj farklanadi.

Ensiklopediya.uz
TRIKOTAJ