TRAXEIT

TRAXEIT

TRAXEIT (traxeya va itis — yalligʻlanish) — traxeya shilliq pardasining yalligʻlanishi. Sovqotish, yuqumli kasalliklar (gripp, qizamiq, koʻkyoʻtal), shuningdek, yurak, oʻpka kasalliklari, bolalarda esa aksari raxit, ekssudativ diatez va h. k. oqibatida paydo boʻladi. Asosan, bahor va kuzda koʻp uchraydi. Oʻtkir va surunkali kechadi. Oʻtkir Traxeit, odatda, tumov va burunxalqumning yalligʻlanishi bilan boshlanib, tezda traxeyaga oʻtadi. Bemor yoʻtaladi (yoʻtal, ayniqsa, kechasi va ertalab zoʻrayadi), balgʻam ajraladi (kasallikning boshlanish davrida balgʻam qiyin ajraladi), tomoq va toʻsh sohasida ogʻriq paydo boʻlib, bemor yoʻtalganda kuchayadi, tomoq tirnalib, achishadi, hiqildoq yalligʻlanishi ham qoʻshilganda odam boʻgʻilib, butunlay ovozi chiqmay qoladi (q. Laringit). Bemorda darmonsizlik, bosh ogʻrigʻi, isitma kabi alomatlar kuzatiladi. Oʻz vaqtida davo qilinsa, oʻtkir Traxeit, odatda, 1—2 qaftadan keyin oʻtib ketadi, aks holda surunkali tuye oladi, bunda kasallik vaqtvaqtida qoʻzib, uzoq davom etadi.

Ensiklopediya.uz
TRAXEIT