Tozalik, sog’lik va bemorlik haqida maqollar

Tozalik, sog’lik va bemorlik haqida maqollar

Tozalik, sog’lik va bemorlik haqida maqollar

DO`STLARGA ULASHING:

Ayolning sarishtasi —
Ro’zg’orning farishtasi.

Bedard yonida gapirsang, boshi og’rir.

Bemor o’ziga yoqmagan ovqatga o’ch.

Bir kunlik isitma
Qirq kunlik kuchni olar.

Boylikning boshi — sog’liq.

Bola sog’ligi — ona boyligi.

Bosh armoni bo’lmasa,
Mol armoai armonmas.

Bosh omon bo’lsa, do’ppi topilar.

Bosh rohati — tan rohati.

Dard botmonlab kelar,
Misqollab chiqar.

Dard keldi, darmon ketdi.

Dard filni pashshadek qilar.

Yomon og’riqqa — yaxshi osh.

Jon qaqshag’i jahonga sig’mas.

Joni og’rigan tangrisini qarg’ar.

Joni achimasning qoshida
Boshing ham og’rimasin.

Joningni olmagan kasal yoningda bo’lsin.

Isitmani yashirsang,
O’lim oshkor qilar.

Kalla osgan kuni itdan,
Kir yuvgan kuni bitdan qutulasan.

Kasal — bitta, davosi — mingta.

Kasal bo’lib o’lmadim,
Uzulikib o’ldim.

Kasal kamaysa, tabib kasal bo’lar.

Kasal kasal emas,
Kasalni boqqan kasal.

Kasal kulgi suymas.

Kasal ko’rsang, ko’ngil ko’tar.

Kasalga asal ham bemaza tuyular.

Kasalga so’z yoqmas,
Charchaganga — o’yin.

Kasalni tabib emas, habib tuzatar.

Kasalni yashirsang,
Isitmasi oshkora qilar.

Kasalning kelishi oson, ketishi qiyin.

Kasalning yaxshi-yomoni yo’q.

Kechki ovqat — zahar,
Ovqat yegin sahar.

Kir yuvgandan supurgi ham qo’rqar.

Mol zo’riqsa, o’ladi,
Odam zo’riqsa, o’ldiradi.

Mol ketsin, pul ketsin,
Eson-sog’likka ne yetsin.

Muguz lat yesa, tuyoq zirqirar.

Nomard bo’lsin, sog’ bo’lsin.

Odam aksirsa yozilar,
Mol — silkinsa.

Oyda kelsin, omon kelsin.

Omon bo’lgan ot minar,
Ola parcha to’n kiyar.

Omon bo’lsa shu boshim,
Yana chiqar shu sochim.

Omon bo’lsang, olam seniki.

Och bo’l, yalang’och bo’l, salomat bo’l.

Och holini to’q bilmas,
Kasal holini — sog’.

Og’riqqa emchi ko’p.

Pishmagan etni yegali bo’lrnas,
Qaynamagan choyni — ichgani.

Pokliging — sog’liging.

Rang ko’r, hol so’r.

Salomatlik — tuman boylik.

Sarimsoq, sarimsoq yeganning tani sog’.

Sihat tilasang, ko’p yema,
Izzat tilasang, ko’p dema.

Sovrin — zo’miki, sog’liq — ko’pniki.

Sovug’ing oshsa — davlat,
Issig’ing oshsa — qiyomat.

Sog’likda xo’rlik yo’q.

Sog’ aql — bol aql.

Sog’ olma shoxidan tushmas.

Sog’ tanda — sog’lom aql.

Sog’ yurak — tog’ yurak.

Sog’dan salqit qolmas.

Sog’lik — umrning garovi.

Suyak butun bo’lsa, et bitar.

Tabib tabib emas,
Dard chekkan — tabib.

Tan og’risa, jon sezar.

Tan salomati — jon rohati.

Tani sog’ga kunda to’y.

Tani sog’ning — joni sog’.

Ter tagida dard qolmas.

Ter chiqqandan jon chiqmas.

Terlama tez o’ldirar,
Bola-chaqani g’amga to’ldirar.

Tishsiz og’iz — toshsiz tegirmon.

Toza ko’zaning suvi toza.

Toza uyda dard qolmas.

Tozalik — sog’lik garovi.

Uzoq chaynasang, uzoq yashaysan.

Uyi tozaga gard yuqmas,
Gard yuqsa ham, dard yuqmas.

Chilim chekkan kishini,
Urib sindir tishini.

Chiniqqanga — gard yuqmas,
Tiniqqanga — dard.

Chuchkuruv bilan jon kirar,
Esnash bilan jon chiqar.

El sog’ligi — yurt boyligi.

Ermanalik uyda er o’lmas,
Darmonalik uyda dard bo’lmas.

Yashirin dardga davo yo’q.

O’zing yotiq bo’lsang, ichganing qatiq bo’lar.

O’ladigan kasalning o’lgani yaxshi,
Uydagilarning tingani yaxshi.

Qaramagan boshni bit yer.

Qattiq qishdan mol qolsa — o’lja,
Qattiq og’riqdan jon qolsa — o’lja.

Qimiz ichgan qarimas,
Qarisa ham, dard ko’rmas.

Qimiz ichganing — qirchillaganing,
Sut ichganing — so’lqillaganing.

Qovun yesang, sahar ye,
Sahar yemasang, zahar ye.

Qozon to’la osh bo’lsin,
Yostiq to’la bosh bo’lsin.

Qalqonbozlik qiladi to’ppa oshi,
Nayzabozlik qiladi ugra oshi.

Qora chivin kishi o’ldirmas,
Ko’ngil aynitar.

Qorni to’qqa balo yo’q.

Qorning ochmasdan ovqat yegin,
Qorning to’ymasdan qo’l artgin.

Quyosh, havo — tanga davo.

Quturganning kuni — qirq.

Qo’toningdan chiqsa-chiqsin,
Qozoningdan chiqmasin.

sog’lik va bemorlik haqida maqollar, Tozalik