TOSHKENT

TOSHKENT

TOSHKENT — shahar, Oʻzbekiston Respublikasi poytaxti, Toshkent viloyati markazi. Markaziy Osiyoning yirik sanoattransport chorrraxasi va madaniyat markazlaridan. Respublikaning shim. sharqiy qismida, Tyanshan togʻlari etaklarida, 440—480 m balandlikda, Chirchiq daryosi vodiysida joylashgan. Iqlimi kontinental, yillik oʻrtacha t-ra 13,3°, yanv. ning oʻrtacha trasi —1,1°, eng past t-ra —29°. Iyulning oʻrtacha trasi 27,5°, eng yuqori t-ra 42°. Yiliga 360 — 390 mm yogʻin yogʻadi. Chirchiq daryosidan chikarilgan va butun shahar boʻylab oʻtadigan Boʻzsuv, Salor, Anhor, Qorasuv, Oqqoʻrgʻon, Boʻrijar, Oktepa, Qoraqamish va b. kanallar uning mikroiklimiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Mayd. 327,9 km2. Aholisi 2157,8 ming kishi (2004-y. ; 1977-y. 1689 ming kishi, 1970-y. — 1385 ming kishi, 1959-y. — 927 ming kishi, 1939-y. — 556 ming kishi, 1926-y. — 314 ming kishi, 1897-y. — 156 ming kishi). Shaxarda 11 tuman (Akmal Ikromov, Bektemir, Mirzo Ulugʻbek, Mirobod, Sergeli, Sobir Rahimov, Chilonzor, Shayxontohur, Yunusobod, Yakkasaroy, Hamza), 1 shaharcha(Ulugʻbek) bor (2004).

Ensiklopediya.uz
Toshkent