TOSHKENT QOʻZGʻOLONI

TOSHKENT QOʻZGʻOLONI

TOSHKENT QOʻZGʻOLONI, Vabo isyoni (1892.24.6) — podsho hukumatining mustamlakachilik siyosati va milliy zulmiga qarshi koʻtarilgan qoʻzgʻolon. 1892-y. may oyida Jizzaxda vabo kasali tarqalgan. Iyun oyida Toshkentda ham vabo tarqalgani maʼlum boʻlgan. Yangi shaharda 417, Eski shaharda 1462 bemor aniqlangan. Podsho hukumati maʼmurlari uning fojeali oqibatlarining oldini olish uchun shoshilinch choralar koʻra boshladi: 7-iyunda shahar maʼmuriyati 12 eski qabristonni yopib, yangi 4 qabriston ochilishini, shahardan chiqish cheklanganini eʼlon qilgan. Lekin mustamlaka maʼmuriyati bu toʻgʻrida aholi oʻrtasida tushuntirish ishlari olib bormagan, musulmonchilik odatlari, marosim qonunqoidalarini hisobga olmagan. Vaʼda qilingan 4 ta yangi qabriston oʻrniga faqat bittasi ochilgan. Vabodan oʻlganlarni vrachning ruxsatisiz koʻmmaslik buyurildi hamda ularni shahar ichidagi mozorlarga dafn etish taqiqlandi. Kasal boʻlib vafot etganlar qaysi kiyimda boʻlsa, oʻsha kiyimi bilan chuqur qazilgan qabrga qoʻyilib, ustidan ohak sepib belgilab qoʻyildi. Buning ustiga oʻlganlarga janoza oʻqish, yaqin qarindoshlarning mozorga borishi ham takiklandi. Marhumlarni urfodatga koʻra, koʻmish gʻoyat mushkul yumushga aylandi. Odamlar oʻlikni eski qabristonlarga olib borib koʻmishga majbur boʻldilar. Politsiya bundaylarni topib hibsga ola boshlagan. Bu sabr kosasi toʻlib turgan xalqni qoʻzgʻolon koʻtarishiga turtki boʻldi. Xaloyiq (mingga yaqin kishi) eshonlardan Azizyor, Abulqosimxoʻja, bozor oqsoqoli Ziyomuhammad va b. tanikdi kishilar boshchiligida 24-iyunda tayoq, ketmon, tosh va h. k. bilan qurollanib shahar boshligʻi mahkamasiga bostirib bordi. Bu yerda Toshkent hokimi S. R. Putinsev va oqsoqol Muhammad Yoqubga qarshi hujum qildilar. Oqsoqol xalqqa dagʻdagʻa qila boshlagach, uning boshiga toshlar yogʻilgan. Mashhur «Toshotar voqeasi» boshlangan. Oqsoqol hokimning idorasiga yashiringan. Xalq Putinsevdan oqsoqolni tutib berishni talab qilgan. Putinsev toʻpponchasini chiqarib dagʻdagʻa qilishga oʻtgan. Sabr kosasi toʻlgan xalq Putinsev va uning mirshablarini doʻpposlagan, mahkamani ostinustun qilgan. Shu onda Sirdaryo viloyati harbiy gubernatori Grodekov boshchiligidagi askarlar kelishi tufayli qoʻzgʻolonchilar chekinishga majbur boʻldilar. Rus askarlar qoʻzgʻolonchilarning orqasidan quva boshlagach, noiloj qolgan olomon Anhor suviga oʻzini tashladi. Ertasiga Anhordan 80 kishining oʻligi topildi.

Ensiklopediya.uz
TOSHKENT QOʻZGʻOLONI