TOSHKANBOYEVLAR

TOSHKANBOYEVLAR

TOSHKANBOYEVLAR — oʻzbek dorbozlari sulolasi. Oʻzbek sirkining shakllanishi va milliy dorbozlik sanʼatining rivojiga katta hissa qoʻshgan sirk sanʼatkorlari. Toshkanboy Egamberdiyev (1866.3.3 — Asaka — 1963.9.2) — sulola asoschisi. Oʻzbekiston va Rossiya (1939) xalq artisti, Mehnat Qahramoni (1937). Faoliyatini 7 yoshidan boshlab, otasi Egamberdi hoji bilan xalq bayram va sayillarida, shahar maydonlarida dorbozlik oʻyinlarini namoyish etishgan. 19-a. ning 80-y. laridan boshlab mustaqil ishlagan, dorbozlik va simbozlik sanʼatini mukammal egallagan. 5—6 m balandlikdagi simdor ustida 20 dan ortiq mashqlar ijro etgan, jumladan, balandga yoki uzunasiga sakrash, oyogʻiga pichoq, lagan, mis qozon, yogʻochoyoq bogʻlab yoki baland poshnali poyabzal kiyib sim ustida yurish, boshda qaynayotgan samovar olib oʻtish va b. Shuningdek, 25—30 m balandlikda tortilgan qiya dor ustida murakkab mashqdarni ijro etgan, chigʻiriqsa gimnastika unsurlarini bajargan. 1908-y. Toshkentda boʻlib oʻtgan Turkiston sanoat va hunarmandchilik koʻrgazmasida qatnashib, «eng yaxshi dorboz va simboz» deb topilgan, oltin medal va qimmatbaho sovgʻalar bilan mukofotlangan. 1920—30-y. lar Oʻrta Osiyo davlat va xususiy sirklarda ishlagan. 1935-y. da SanktPeterburg sirkida uning rahbarligi va ishtirokida «Dorbozlar» milliy dasturi yaratilib, dor oʻyinlari ilk bor ochiq maydondan sirk gumbazi ostiga koʻchiriladi. 1942-y. oʻzbek sirki jamoasini tashkil etdi va unga rahbarlik qiddi. 1947-y. 81 yoshida soʻnggi marta dorga chiqdi. 1950—56 y. larda Toshkent sirkining badiiy rahbari.

Ensiklopediya.uz
TOSHKANBOYEVLAR