To‘shak qandalasi (klapa) — tuzilishi, chaqishi oqibatlari va yo‘qotish usullari haqida malumot
XXI asrga kelib, qandalalar bilan qiziquvchilar va ulardan qutulish yo‘lini qidirayotganlar ko‘paymoqda. Chunki qandalalar insonlarni uzoq vaqt chaqib, ularda noqulayliklar va terida turli xil allergik qichimalarni keltirib chiqaradi. To‘shak qandalasi ( klapa ) nafaqat eski uylarda, balki yangi uylarda, hovlilarda, umuman, mebel va inson qoni bor bo‘lgan barcha joylarda yashashi mumkin. Avvallari, ko‘pgina zararkunanda hashoratlar xonadonda paydo bo‘lishini xonadonning toza saqlanmasligi, parazitlarga qarshi chora ko‘rilmasligi bilan bog‘lashgan bo‘lsa, to‘shak qandalasiga esa, bular xuddiki ta’luqli emas. Afsuski, to‘shak qandalasini yo‘qotishga qaratilgan kimyoviy preparatlar ham ba’zida yaxshi naf bermaydi. Chunki qandalalar insektitsidlar ishlatilgan sari ularga nisbatan chidamli bo‘lib boradi. Bundan tashqari qandalalarni topish qiyin, chunki ular devor yoki buyumlardagi yoriqlar orasiga kirib olib, berkinish xususiyati kuchli.
Xo‘sh, ular xonadonga qayerdan kelishadi, qandalalardan qutulish mumkinmi?
To‘shak qandalasining tarqalish yo‘li
To‘shak qandalasi ( klapa ) juda kichik hasharotdir. Shuning uchun ham bir yoki bir necha hashorotning uyda paydo bo‘lib qolganligini hamma ham sezavermaydi. Bundan tashqari, hasharotlar tunda yashirin hayot kechirishadi. Hasharotlar turli yo‘llar bilan yangi manzillarni “ishg‘ol etishadi”.
Agar siz ko‘p qavatli binoda yashasangiz, binoning biror xonadonida qandala bo‘lsa va unga qarshi kimyoviy tozalash olib borilganda, hashorotlar qo‘shni uylarga devor yoriqlari va turli teshiklar orqali o‘tib ketishadi.
To‘shak qandalasining paydo bo‘lishida eng katta xavf bu zararlangan joylardan ularni olib kelish, masalan ta’tildan qaytganda, do‘stingizning zararlangan uyida yotib qolganingizda va ayrim mehmonxonalardan qaytganda qandalarni kiyimingiz, portfelingiz yoki sumkangiz yordamida o‘zingiz bilmagan holda olib kelishingiz mumkin.
Uy uchun mebel, maishiy texnika, kiyim-kechak va boshqa hashorot bilan “zararlangan” buyumlarni xarid qilganingizda ular bilan birga qandalani ham xonadoningizga olib kelishingiz mumkin. Ayniqsa, ikkilamchi bozordan buyumlar sotib olganda bu holat ko‘p kuzatiladi.
To‘shak qandalasi tuzilishi
Hasharot ilm-fan nuqtai nazaridan juda qiziq. Qandalaning tashqi ko‘rinishi uning ovqatlanishiga, yashash haroratiga, yoshiga qarab o‘zgaradi. To‘shak qandalalari rivojlanishining hayot sikli bir necha bosqichlarini o‘z ichiga oladi:
- Tuxum;
- Lichinka;
- Yetilgan qandala.
Voyaga yetgan parazit yumaloq, tekislangan tana shakliga ega. Hasharotning orqa qismi mustahkam xitin qobiq bilan qoplangan. Voyaga yetgan to‘shak qandalasiningning o‘rtacha uzunligi taxminan 6 mm. Erkaklari ayollardan bir oz kichikroq. Ovqatlanish vaqtida hasharotning tana hajmi xitin qobig‘ining yupqalasha borishi hisobiga, bir necha bor ortishi kuzatiladi. Yetilgan qandalaning rangi kulrangda bo‘ladi. Uning rangining to‘q yoki ochligi ovqat (qon) bilan to‘yinganligiga bog‘liq. Yaqindagina odam qonini so‘rgan hasharot rangi to‘q qizil rangacha o‘zgarishi mumkin. To‘shak qandalasi faol va tez harakat qiladi. Binolarning devorlariga kirishga, ularda yashirinib qolishga qodir.
Urg‘ochi hashorot tuxumlarini uyga qo‘yadi. Ular tashqi ko‘rinishi jihatidan guruch donalarini eslatadi. Shaffof, oq. Uzunligi 1-3 mm keladi.
Qandalalar ozuqlanishining o‘ziga xos xususiyatlari
To‘shak qandalalariga har 10 kunda bir marta qon ichish yashashi uchun yetarli bo‘ladi. Urg‘ochi hashorotlar bir marta ozuqlanganda taxminan 7 ml qon so‘riydi. Erkaklari esa biroz kamroq qon suiste’mol qilishadi. Hasharotning og‘iz qurilmasi ikki qismdan tuzilgan. Birinchisi qonni so‘rish uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, ikkinchisi og‘riqni bartaraf qilishga qaratilgan maxsus suyuqlikni ajratishga mo‘ljallangan. To‘shak qandalasi tanada parazitlik qilayotgan vaqtida maxsus og‘riq qoldiruvchi suyuqlik ajratadi. Shu sababli, inson vujudida bo‘layotgan hashatorning chaqishini deyarli sezmaydi.
Lekin hashorotning lichinkasi chaqganida, yetilgani kabi og‘riq qoldiruvchi suyuqlik ajralmaydi va inson lichinkaning ta’sirini his qilishi mumkin. Odatda lichinka tez-tez qon bilan oziqlanadi, lekin kichik qismlarni zararlaydi. Ba’zida ovqatlanish jarayoni faqat 5 daqiqa davom etadi, ammo keyingi kun parazitlik yana takrorlanadi.
To‘shak qandalasi terining nozik bo‘lgan joylaridan chaqadi. Chunki qon tomirlari teri yuzasiga yaqin joylashgan bo‘ladi. Har bir muvaffaqiyatli luqmadan hashorot 1,5 ml gacha qon so‘rib olishi mumkin. Bu katta hashorotlarni to‘ydirish uchun yetarli emas. Shuning uchun ham ular bir marta to‘yib ozuqlanishi davomida 5-7 tacha joyni chaqishadi.
Klapa uchun noqulay sharoitlar qanday?
To‘shak qandalasi bilan kurashish juda qiyin, chunki ularni qirishga qaratilgan kimyoviy moddalarga chidamli, berkinish qobiliyatiga ham ega, tez ko‘payish xususiyatiga ega. Ular toqat qilmaydigan, noqulay sharoit bu haroratning o‘zgarishi va oziq-ovqat yetishmasligidir. Bu sharoitlar qandalalarni o‘ldirmasa ham haroratning pasayishi bilan lichinkalarning rivojlanish jarayoni sekinlashadi. Yetilgan hashorotlarida esa faoliyati keskin kamayadi.
To‘shak qandalasi uchun oziq-ovqat nafaqat energiya manbai, balki tuxum qo‘yish, lichinkalarning shakllanishi uchun ham xizmat qiladi. Ovqatlanish jarayoni bo‘lmasa, barcha jarayonlar o‘z-o‘zidan sekinlashadi.
Ular qayerda ko‘proq bo‘lishadi?
To‘shak qandalalari (klapalar) yashashi uchun eng qulay muhit bu issiqlik, qorong‘ulik va oziqaning bo‘lishidir. Bu kabi sharoit odam uyquda bo‘lgan xonada bo‘lishi mumkin. Hashorotning xonadondagi “eng sevimli” joyi yotoqxonadir. Ular ko‘pincha, uydagi to‘shaklarga, divanlarga va ularning oralariga berkinishadi. Shuningdek ularni, mebellardan, boshqa maishiy buyumlar orasidan, kitob javonlaridan ham topish mumkin.
Klapa chaqishi oqibatlari
Hashorot odamni chaqishi natijasida qizil shishlar teri yuzasi bo‘ylab paydo bo‘ladi. Ularning har biri taxminan 1 smdir. Bir vaqtning o‘zida o‘sha maydon bir necha marta chaqilsa, katta qizil nuqta paydo bo‘ladi. Ushbu soha shishib kattalashadi, kuchli qichishish kuzatiladi. Agar hashorot odamni qayta chaqmasa, paydo bo‘lgan belgilari 3-5 kun ichida o‘z-o‘zidan yo‘qoladi. Ba’zida odamlar odatdagi dori preparatlaridan foydalanib, yallig‘lanishni, shishishni, qichishishni kamaytiradilar. To‘shak qandalasi chaqgandan so‘ng, teridagi o‘zgarishlar inson tanasining o‘ziga xos xususiyatlariga bog‘liq. Allergiyaga moyil bo‘lgan odamlarda alomatlar biroz og‘irlashadi. Va quyidagi belgilar kuzatilishi mumkin:
- Kichik hajmli shshlar pufakchalarga aylanadi;
- Bundan tashqari, allergik toshmalar paydo bo‘ladi;
- Terining sezuvchanligi yomonlashadi;
- Tana harorati ko‘tariladi;
- Tumov, burun bitishi holatlari kuzatiladi.
Bundan tashqari, hashorotning chaqishi og‘ir holatlarda allergik reaksiya berishi, Kvinki shishi, hattoki, anafilaktik shokga olib kelishi mumkin. Kuchli qichishish, sohani doimiy qashlashga majbur qiladi. Natijada ochiq yaralar yuzaga keladi. Ushbu yaralar orqali turli teriga infeksiya tushishi mumkin. Bu esa terining yallig‘lanishiga va jiddiy oqibatlariga olib keladi. Yuqorida sanab o‘tgan holatlar kuzatilsa, darhol shifkorga murojaat qilish hamda tegishli davo choralarini ko‘rish talab qilinadi. Allergik reaksiyalar antigistamin preparatlar bilan bartaraf etiladi.
To‘shak qandalasidan qutulish usullari haqida qisqacha faktlar
Quyida qandalalardan qutulishning “kalit” yo‘llari haqida ma’lumot berilgan:
- To‘shak qandalasi bilan kurashish qiyin, chunki ular pestidsidlarga, ularni qirishga qaratilgan kimyoviy moddalarga chidamli va ular berkinish qobiliyatiga ham ega;
- Uy sharoitida qandalalar paydo bo‘lmasligi uchun yotoq matraslarini va yotoq mebellarini maxsus mato bilan qoplash va qandalaga qarshi maxsus “tuzoq”lar qo‘yish mumkin;
- Qandala va ularning tuxumidan qutulish uchun vakuum yo‘li bilan ya’ni changyutgichlar bilan xonadondagi buyumlarni tez-tez tozalab turish kerak;
- Hech qanday profilaktik chora tadbirlar yordam berishi kafolatlanmagan, faqatgina hasharotlarni aniqlash va tezkorlik bilan chora ko‘rish qandalalar rivojlanishi va qayta paydo bo‘lmasligiga yordam beradi;
- Barcha insektitsidlar ham yordam beravermaydi, ularni tanlayotganda diqqatliroq bo‘lish kerak. Insektitsidlar mutaxassislar tomonidan qo‘llanilgani ma’qul;
- Issiq va sovuq harorat to‘shak qandalasidan qutulishning samarali yo‘li, o‘rin ko‘rpa-to‘shaklarni yuqori haroratda yuvish yoki bug‘da quritishingiz mumkin, bunda buyumlaringizning sifati o‘zgarmasligiga ham e’tibor qarating.
Klapani yo‘qotish usullari
Qandaladan xalos bo‘lishning imkoni bor, lekin ular bilan kurashishda 3 ta omil qiyinchilik tug‘diradi:
- Qandalaning insektitsidlarga chidamli bo‘lib qolishi;
- Natija beradigan insektitsidlar kamligi;
- Qandalalarni topish qiyin, chunki ular yoriqlar orasiga kirib olib berkinish xususiyati kuchli.
Qandalalardan xalos bo‘lish uchun ularning zaif tomonlarini bilish kerak. Ulardan qutulishning fizik, kimyoviy va uy sharoitida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan usullari mavjud.
Fizik usul. Asosan bug‘ bilan ularning voyaga yetganlarini va tuxumlarini yo‘qish mumkin. Bug‘ generatorlari yordamida barcha turdagi qandalalarni yo‘qotish imkoniyati mavjud.
Kimyoviy usul. To‘shak qandalasini dezinseksiya qilish. Buni o‘zingiz uy sharoitida yoki maxsus mutaxassislar yordami bilan qilish mumkin. Dezinseksiya qilish uchun aerosol yoki emulsiya ko‘rinishidagi kimyoviy moddalardan foydalaniladi. Zamonaviy mikrokapsulalar to‘shak qandalalaridan 2 marta qo‘llash bilan qutulish imkonini beradi. Bundan tashqari, ular qandala paydo bo‘lmasligini kamida 3-6 oygacha oldini oladi.
Uy sharoitida. Bunday sharoitda tayyorlangan moddalar qandalalarni “qo‘rqitish” xususiyatiga ega, ya’ni ular qo‘llanilayotgan moddalar hididan qochishadi. Zararlangan uyga turli xil o‘simliklar – moychechak, yalpiz, pijma o‘simliklarini joylashtirib chiqish, pollarni sirka kislotasi (uksus), novshadil spirit, efir moylari bilan yuvish kerak. Hozirgi kunda naftalin, benzin, kerosin kabi suyuqliklarni kamdan-kam hollarda foydalanishmoqda. Bunday usullarning bir qator kamchiliklari ham bor, ular birinchidan yong‘inga xavfli, ikkinchidan o‘zidan hid chiqaradi va mebellarning sifatini buzib qo‘yadi. Shuning uchun ularning o‘rnini hozirgi kunda zamonaviy dezinseksit vositalar egallab olmoqda.
To‘shak qandalasi juda kichik bo‘lgan yoriqlar, teshiklardan ham kira oladi. Ularga qarshi kurashishda agar siz ko‘p qavatli uyda istiqomat qilsangiz, qo‘shnilar bilan birgalikda kurashish kerak. O‘zingiz ularga qarshi preparatlar qo‘llasangiz, ular ma’lum vaqt yo‘qoladi va yana qayta uyingizga qaytib keladi.
Bulardan shaqari quyidagi tavsiyalar ham klapalardan qutilishga yordam berishi mumkin.
- Vakuum tozalash (changyutgich bilan) to‘shak qandalasi bilan kurashishning so‘ngi bosqichi, bu ularning qolib ketgan tuxumi va hasharotning tirik qolganlaridan tozalaydi. Vakuumni buyumlar ichi ko‘rinadigan plastik material bilan o‘ralgan bo‘lsa, uning ichida qilish kerak.
- Issiq yoki sovuq harorat — to‘shak qandalasi bilan kurashishning uy sharoitida eng samarali usuli hisoblanadi. Zararlangan matraslarni 1 soat davomida 45 C haroratda ushlab turilsa, barcha berkingan qandalalar yuzaga chiqadi, agar 60 C da 1 yana bir soat ushlab turilsa, barcha qandalalar butunlay o‘ladi. Bundan tashqari issiq bug‘ ham yaxshi foyda beradi. Qandala sovuq haroratda ham nobud bo‘ladi. Biroq harorat kamida -18 C da bo‘lishi kerak va jarayon 4 kun davom etishi kerak. Kichik buyumlar zararlangan bo‘lsa, ularni 4 kun muzlatgich muzxonasida saqlash ularning tuxumlarini ham yo‘q qiladi.
- Xonalarni muzltgich (konditsioner) yordamida issiq havo bilan isitish yoki sovutish va xona eshik va oynalarini ochiq qoldirish qandalalarning uydan chiqib ketishi, yo‘q bo‘lishi uchun samarali yo‘l emas. Ular har qanday joyga ko‘chib o‘tib, yana qayta shu xonada paydo bo‘lishi mumkin. Xonani 1 yildan ortiq bo‘sh qoldirish qandaladan xalos etishi mumkn, chunki ularning oziqlanishi uchun qon yo‘q, bunda xona yaxshilab izolyatsiya qilinishi kerak.
Qandala bilan zararlanishning oldini olish
To‘shak qandalasining tarqalishi va ko‘paymasligi uchun ularni erta aniqlash zarur. Yotoq joylarni choyshablarni, matraslarni ko‘zdan kechirish, ularning axlatidan qolgan dog‘larni aniqlash kerak. Bundan tashqari agar uyda uy hayvonlar asrasangiz ular yotadigan joylarni kam nazoratdan chetda qoldirmaslik muhimdir.
To‘shak qandalasi paydo bo‘lmaslikning oldini olish uchun aholi soni ko‘p yashaydigan joylarda, masalan, talabalar turar joyi, eski o‘rin ko‘rpalardan xalos bo‘lish, eskirib qolgan mebellardan qutulish kerak.
Uy xonalarini toza ozoda saqlash, yoriqlarni berkitish qandalalarning berkinishi va tarqalishining oldini oladi. Ayrim joylarda taxta buyumlaridan ko‘ra metall buyumlaridan foydalanish ham qandalalarning berkinib olishidan saqlaydi.
To‘shak qandalasining paydo bo‘lishida eng katta xavf bu zararlangan joylardan ularni olib kelish, masalan ta’tildan qaytganda, do‘stingizning zararlangan uyida yotib qolganingizda va ayrim mehmonxonalardan qaytganda qandalarni kiyiminigz, portfelingiz yoki sumkangiz yordamida o‘zingiz bilmagan holda olib kelasiz. Ularni o‘zingiz bilan olib kelmaslik uchun:
- Sumka va portfellarni plastik o‘ramlarga soling;
- Mehmonxonalarga borganda yotoq joylarni ko‘zdan kechiring;
- Ta’tildan, safardan qaytganda kiyimlarni vakuum bilan tozalash, issiq yoki sovuq haroratda qoldiring;
- Eskirgan buyumlarni yoki foydalanilgan buyumlarni sotib olayotganda ularni ko‘zdan kechiring.
Umuman olganda to‘shak qandalalari bilan kurashish, ularni butkul yo‘qotish qiyin bo‘lsada, siz buni uddalaysiz deb o‘ylaymiz. Agar tajribangizda qandaydir sinalgan usul bo‘lsa, boshqa foydalanuvchilarga ham o‘z tajribangizni izohda yozib qoldiring. Muhimi, doim salomat bo‘ling!
Mavzuga aloqador foydali maqola: Suvaraklarning salomatlik uchun xavfli jihatlari va ularni yo‘qotish usullari
Kasalliklar
chaqishi oqibatlari va yo‘qotish usullari, To‘shak qandalasi (klapa) — tuzilishi