TORMOZ

TORMOZ

TORMOZ (yun. tormos — gʻildirakni aylantirmay qoʻyadigan mix tiqiladigan teshik) — mashina yoki mexanizmning harakat tezligini pasaytirish yoki butunlay toʻxtatish uchun, koʻtarishtashish mashinalarida esa yukni osilgan holatda tutib turish uchun moʻljallangan qurilma. Ishlash usuli boʻyicha mexanik (friksion, ishqalanma), gidravlik (suyuklikli) va elektr (elektromagnit, induksion va b.); tuzilishiga koʻra, kolodkali, tasmali (lentali), disksimon, konussimon va b. turlarga boʻlinadi. Mashinalar va mexanizmlar (koʻtarishtashish mashinalari, stanoklarning mexanizmlari, t. y. vagonlari)da tashqi kolodkali, avtomobillarda ichki kolodkali Tormozlar, qoʻl T. lari ishlatiladi. Bunday Tormoz larda kolodkadan tashqari baraban, sharnir, tortish prujinalari (richag tizimlari) boʻladi. Tasmali Tormozda kolodkalar oʻrniga barabanni kamrab turuvchi tasma (lenta) ishlatiladi. Bunday Tormozlar koʻtarishtashish mashinalarining koʻtarish, surish va burish mexanizmlarida qoʻllanadi. Diskli Tormoz larda mexanizm vali bilan birga aylanuvchi disklarning boshqa qoʻzgʻalmas diskka qisilishi tufayli tormozlanish yuz beradi. Bunday Tormozlar transport mashinalarining turli mexanizmlarida, metall kesish stanoklarida ishlatiladi.

Ensiklopediya.uz
TORMOZ