TOKSOPLAZMOZ
TOKSOPLAZMOZ — ichki aʼzo va sistemalar funksiyasini izdan chiqaradigan parazitar kasallik; bir hujayrali sodda hayvon — toksoplazmalar qoʻzgʻatadi. Odam, hayvon (choʻchqa, quyon, qoramol, qoʻy, kiyik, tulki, olmaxon, yumronqoziq) va parrandalar (tovuq, oʻrdak, kaptar)da uchraydi. Kasallik manbai, asosan, itlar, mushuklar va Toksoplazmoz bilan ogʻrigan bemor hisoblanadi; ular oʻzlarining soʻlagi, siydigi, najasi, suti, burun shilimshigʻi orqali tashqi muhitga koʻplab kasallik qoʻzgʻatuvchisini tarqatadi. Toksoplazmalar odamga ovqat mahsulotlari (xom goʻsht, pishirilmagan sut, xom tuxum) orqali, shuningdek, bevosita kasal hayvonlar bilan muloqotda boʻlganda (chorvachilik xoʻjaliklari va goʻsht kti xodimlari yoki teriga ishlov beruvchilar) yuqishi mumkin. Uy sharoitida, ayniqsa, ayollar qiyma taʼmini totib koʻrganida ham toksoplazma yuqadi. Toksoplazma shilliq pardalar (ogʻiz, burun, koʻz shilliq pardasi) yoki chaqalangan teriga tushishi, shuningdek, transmissiv va b. yoʻllar bilan yuqishi mumkin. Odam organizmiga tushgan toksoplazma qon tomirlar orqali turli aʼzolar (miya, koʻz, jigar, taloq, yurak va limfa bezlari)ga tarqaladi va shu aʼzolarning zararlanishiga sabab boʻladi.
Ensiklopediya.uz
TOKSOPLAZMOZ