TOKSINLAR

TOKSINLAR

TOKSINLAR — mikroorganizmlarning hayot faoliyatida hosil boʻladigan zaharli moddalar. Hayvonlar va odam organizmiga tushganda ularni kasallantirish yoki halok qilish xususiyatiga ega. Bakteriyalar paydo qiladigan Toksinlar ancha toʻla oʻrganilgan. Bakterial Toksinlar ekzotoksinlar (bakteriyalar toksinni tashqi muhitga ajratib chiqaradi) va endotoksinlarga (ular bakteriyaning struktura komponenti boʻlib, bakteriya hujayralari yemirilganidan keyin atrofmuhitga tarqaladi) boʻlinadi. Ekzotoksinlar va endotoksinlar oʻz xususiyatlariga koʻra bir-biridan farq qiladi. Ekzotoksinlar juda zaharli. Tozalangan Toksinlar bir necha yuz marta faol boʻladi. Ekzotoksinlarning organizmga taʼsiri maʼlum yashirin davrdan soʻng yuzaga chiqadi. Endotoksinlar ancha tez taʼsir qiladi, lekin ularning zaharliligi ekzotoksinlarnikicha emas. Koʻpchilik ekzotoksinlar 60—80° da 10—20 min. da parchalanadi. Endotoksinlar issiqqa juda chidamli — ancha yuqori trada yoki uzoq vaqt qaynatilganda parchalanadi. Toksinlar muzlatilganda va muzdan tushirilganda kuchi qirqilmaydi. Ular quritilgan holatda ham yaxshi saqlanadi. Formalin va issiq taʼsirida ekzotoksinlarning zaharlilik xususiyati yoʻqoladi, biroq bunda immunitetning kuchaytirish xususiyati saklanib qoladi. Bir qancha infeksion kasalliklarning oldini olish va davolashda qoʻllanadigan anatoksinlarni olish shunga asoslangan.

Ensiklopediya.uz
TOKSINLAR