TOʻXTAXOʻJAYEV

TOʻXTAXOʻJAYEV

TOʻXTAXOʻJAYEV Tohir (1918.29.12 Toshkent — 1976.24.5) — naqqosh, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1968). Usta O. Qosimjonovning shogirdi. Toshkent badiiy oʻquvi. ch. ktida naqqoshlik sirlarini oʻrgangan (1938). 2-jahon urushi qatnashchisi. Moskvadagi Butunittifoq q. x. koʻrgazmasi Oʻzbekiston pavilyonini usta Yo. Raufov bn birgalikda bezab, oʻzining mahoratini namoyish qildi (1953). 1946-y. dan Toshkent badiiy (keyinchalik Respublika rassomlik) bilim yurtida oʻqituvchi. T. ijodiy faoliyatida anʼanaviy naqshlarni oʻziga xos tarzda qoʻllab, uni yangi ranglar uygʻunligi bn boyitdi. Toʻxtaxoʻjayev xontaxta, kursi, quticha va b. buyumlarga nafis naqshlarni jozibali ishlagan, shuningdek, binolarni islimiy va handasiy naqshlar bn bezagan, meʼmoriy obidalar (jumladan, Oʻzbekiston amaliy sanʼat muzeyi, Sitorai Mohi Xosa saroyi va b. binolar)ni taʼmirlashda qatnashgan. Toʻxtaxoʻjayev yaratgan jozibali sanʼat buyumlari respublika va xorijiy mamlakatlar (Germaniya, AQSH, Kanada va b.) da uyushtirilgan koʻrgazmalarda namoyish etilgan hamda yuksak baholangan; ishlaridan namunalar resp. va xorijiy mamlakatlar muzeylari va toʻplamlarida saklanadi.

Ensiklopediya.uz
TOʻXTAXOʻJAYEV