TOʻXTABOYEV

TOʻXTABOYEV

TOʻXTABOYEV Xudoyberdi (1932.17.12, Oʻzbekiston tumani) — Oʻzbekiston xalq yozuvchisi (1991). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi (1982). Qoʻqon ped. bilim yurtini (1949), Oʻrta Osiyo untini tugatgan (1955). Oʻrta maktabda oʻqituvchi va direktor (1955 — 58), «Toshkent haqiqati» gaz. da adabiy xodim, boʻlim mudiri (1958 — 62), «Sovet Oʻzbekistoni» (1962—70) gaz., «Guliston» jur. da (1970—72), «Yosh gvardiya» nashriyotida (1972) boʻlim mudiri va bosh muharrir oʻrinbosari (1974 — 76), «Gulxan», «Yosh kuch» jur. larida bosh muharrir (1977 — 80), «Oltin meros» xalqaro xayriya jamgʻarmasi boshqaruvi raisi (1980—1998). Dastlab jurnalist sifatida tanilgan, felyetonlar yozgan. Badiiy ijod bn 20-a. 50-y. larida shugʻullana boshlagan. Ilk hikoyalar toʻplami — «Shoshqaloq» (1961). «Felyetondan keyin» (1962), «Sir ochildi» (1963), «Sehrli qalpoqcha» (1964) singari qissalari, «Muhabbat qoʻshigʻi» (1967), «Jonginam, shartingni ayt» (1969), «Konizar yulduzlari» (1978), «Omonboy bn Davronboy sarguzashti» (1974) va b. asarlar muallifi. «Sariq devni minib» romani (1968) yozuvchiga katta shuhrat keltirgan. Shundan keyin «Sariq devning oʻlimi» (1973), «Besh bolali yigitcha» (1976), «Qasoskorning oltin boshi» (1981), «Yillar va yoʻllar» (1983), «Shirin qovunlar mamlakati» (1986), «Mungli koʻzlar» (1988), «Jannati odamlar» (1996) romanlari nashr etildi. Toʻxtaboyev asarlari yumorga boyligi, bolalar hayoti, ularning oʻziga xos tabiati, xususiyatlari, ruhiy kechinmalari nihoyatda jonli, qiziqarli va bolalarbop yoʻsinda mahorat bn tasvirlanishi jihatidan ajralib turadi. Toʻxtaboyev oʻzbek bolalar adabiyotini jahon miqyosiga olib chiqqan ijodkorlardan biridir. Asarlari dunyoning koʻpgina tillariga tarjima qilingan. Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1989).

Ensiklopediya.uz
TOʻXTABOYEV