TOʻPGUL

TOʻPGUL

TOʻPGUL (infl orescentia) — oʻsimlikdagi bir yillik novdaning gul chiqaradigan qismi. Toʻpgul oddiy va murakkab boʻlishi mumkin. Oddiy Toʻpgul botrik (ratsemoz, yongulli) va simoz (tepagulli) Toʻpgulga boʻlinadi. Botrik Toʻpgul monopodial shoxlanishi va gullarining markazga qarab (pastdan yuqoriga) ochilishi bn; simoz Toʻpgul esa uchki gulining mavjudligi, simpodial shoxlanishi va gullarining markazdan qochib (yuqoridan asosiga qarab) ochilishi bn tavsiflanadi. Oddiy Toʻpgulda gullar asosiy gulpoya (birinchi tartibli gulpoya) da yoki ikkinchi tartibli gulpoyani tashkil qiluvchi gulbandlarda, murakkab Toʻpgulda esa gullar uchinchi va undan ham yuqori tartibli gulpoyalarda joylashadi. Oddiy botrik Toʻpgul lar: oddiy shingil T. ; asosiy gulpoyaga gullar uzun gulbandlari bn joylashgan (karam, rediska, achambiti); oddiy boshoq T. ; uzun gulpoyaga mayda bandsiz gullar bn oʻrnashgan (zubturum); kallaksimon Toʻpgul kalta; yoʻgon gulpoyaga gulbandsiz gullar bn zich joylashgan (toʻngʻiztaroq, beda, sebarga); oddiy soyabon Toʻpgul ; asosiy gulpoyadan uzun gulbandli gullar soyabon simlari kabi har tomonga tarqalgan boʻladi (navroʻzgul, piyoz, olcha va b.); oddiy savatcha T. da mayda gullar gulpoyaning yoʻgʻonlashgan uchiga joylashadi (moychechak, kungaboqar, boʻtakoʻz). Oddiy simoz Toʻpgulga oddiy mono, di va pleyoxaziylar mansub boʻlib, Toʻpgulning uchki gulidan pastroqda bitta (ayiqtovonda), ikkita (yulduzchada) yoki bir nechta (sutlamada) yon gullar rivojlanib, ular kechroq navbat bn ochiladi.

Ensiklopediya.uz
TOʻPGUL