Tinch bo‘lsin osmonimiz (bolalar uchun sher) to’liq malumot oling
Tinch bo‘lsin osmonimiz
O‘rtahol po‘rtaxol
Yetti iqlimdan kelgan
Mevalar navi har xil.
Ular biri biridan
Shirin, chiroyli, sarxil.
Go‘yo yovvoyi “ekin”
Banan, kokos, ananas…
Tekin emas-u lekin
Hamma qiladi havas.
Apelsin, funduk, xurmo,
Kivi, limon, mandarin…
Bizga sal “o‘gay”, ammo
Yaxshi ko‘ramiz barin.
Barchasini ko‘ring teng,
O‘poq, so‘poq, yumaloq…
Shiming, so‘ring, iching, yeng,
Uvol qilish yo‘q, biroq!
So‘radim nevaramdan,
Ya’ni berdim bir savol:
– Sanalgan mevalarning
Qaysi biri po‘rtaxol?
Daraxtlar
Goh yakka, goho to‘p-to‘p…
Daraxtlarning turi ko‘p.
Bog‘lar yaratar bog‘bon,
Chayqalar qadim o‘rmon.
Mevalimi, mevasiz,
Barini teng sevasiz.
Chunki har adl daraxt
Bolalarga tilar baxt!
Tabiat
Tabiatman, ona tabiat,
To‘rt unsurning doyasi o‘zim.
Quyosh porlar – bu tonggi niyat,
Buloq bo‘lib ochilar ko‘zim.
Suv va Tuproq – hayot asosi,
Olov, Havo – bari menda jo.
Hech birining yo‘qdir qiyosi,
Biroq bari aylar iltijo.
Ya’ni ular tilar omonlik
Har giyohga, har jonivorga.
Ko‘rmasin-ey olam yomonlik,
Achchiq ko‘zyosh tommasin qorga.
Dillaringiz quvonchga to‘lsin,
Odam baxti bo‘lmasin yarim.
Butun dunyo munavvar bo‘lsin,
Tabiatni asrang, do‘stlarim!
Suv
Suv poklik, suv tozalik asli,
Anglar buni har odam nasli.
Shuni bilib qo‘ygil, birodar,
Bir qultum suv zarga barobar.
O‘zbek, qozoq, tojik, turkmanlar.
– Suv keltirgan aziz! – deganlar.
Suv talashib kechmish ne janglar,
Suvni asrang, suvni tejanglar.
Quyosh
Men quyoshman, quyoshman,
Hamisha sizdek yoshman.
Zarrin nurlar sochaman,
Hosilga yo‘l ochaman.
Tinch bo‘lsin osmonimiz,
Tolmasin posbonimiz.
Meni qutlagay har on
Serquyosh O‘zbekiston!
Yahyo Tog‘a,
60 yosh
manba:gulxan.uz
Sherlar
Tinch bo‘lsin osmonimiz (bolalar uchun sher)