TILLAR TASNIFI

TILLAR TASNIFI

TILLAR TASNIFI — tillarning muayyan belgilar asosida hamda tadqiqotning umumiy maqsadidan kelib chiqadigan qarashlarga moye keluvchi maʼlum tasnifiy boʻlimlar boʻyicha guruhlarga ajratilishi. Tillar tasnifi muammosi ularni qiyosiy oʻrganish vaqtida paydo boʻladi va baʼzan qiyosiy oʻrganishning pirovard maqsadi deb tasavvur etiladi. Tillar tasnifining 2 asosiy turi mavjud: tillarning genealogik tasnifi va tillarning morfologik (tipologik) tasnifi. Ular orasidagi asosiy farq shundaki, tasniflarning birinchisi tillarning qarindoshligi tushunchasiga asoslanadi; u qiyosiytarixiy tilshunoslik paydo boʻlgandan keyingina roʻyobga chiqqan. Bunda qarindosh tillar qarindoshlik darajalariga qarab oilalarga (mas., hindevropa, finugor, turkiy, somhom va b. tillar oilalari), bir oila doirasidagi yaqin qarindosh tillar esa guruh va guruhchalarga (mas., hindevropa oilasining slavyan guruhidagi sharqiy slavyan tillari guruhchasi yoki turkiy tillar oilasining sharqiy va gʻarbiy guruhlari) biriktiriladi. Oiladan kattaroq tasnifiy birliklar (til oilalari toʻplami, makrooila va b.)ni aniqlash, belgilashga urinishlar ham mavjud.

Ensiklopediya.uz
TILLAR TASNIFI