TIK

TIK

TIK (frans. tic — uchish, pirpirash) , muskul uchishi — ayrim yoki bir guruh muskullarning ixtiyorsiz tez-tez takrorlanadigan qisqarishi. Aksari yuz, boʻyin, kul muskullari, baʼzan til muskullari va diafragma ham uchadi. Turli kishilarda Tikning tashki alomatlari turlicha, birok, bitta kishining oʻzida, odatda, bir xil namoyon boʻladi, yaʼni har bir takrorlangan xurujda oʻsha bir xil muskullarning oʻzi uchadi. Mas., kishining yuz muskullari uchganda toʻsatdan peshonasini tirishtiradi, qoshlarini chimiradi, koʻzini qisadi, burnini qimirlatadi, labini choʻchchaytiradi, bu xildagi qisqarish yuz muskullarining yarmida yoki hammasida roʻy berishi mumkin; boʻyin muskullari Tik ida bemor boshini koʻylak yoqasi siqqandek buradi yoki yelkalarini egniga oʻxshovsiz oʻtirgan kiyimni tuzatgandek harakatlantiradi. Ogʻiz muskullari va hiqildoq T. ida tilini taqillatadi, labini choʻlpillatadi, yalaydi, chaynaladi. Tik nafas muskulaturasiga tarqalganda bemor tomogʻini qirib yoʻtaladi, pishillaydi yoki tumovdagi kabi burni bilan tez-tez nafas oladi. Bayon etilgan ixtiyorsiz harakatlar koʻpincha boshi shikastlanib yoki bosh miyasi hamda pardasi yalligʻlanib tuzalgan odamlarda uchraydi. Biroq Tik qattiq iztirob chekish, bolalarda yoki kattalarda kuchli qoʻrqish, uzoqvaqt toliqish va darmonsizlanish yoki surunkali kasallik, nevroz oqibatida kelib chikishi mumkin. Baʼzi xollarda yuzning gʻayriixtiyeriy harakatlari uch shoxli nerv nevralgiyasida ogʻriq xuruji vaqtida paydo boʻladi, bu ogʻriqli Tik deyiladi. Bunday Tikka uch shoxli nerv qoʻzgʻalishining yuz nerviga taʼsir etishi sabab boʻladi.

Ensiklopediya.uz
TIK