Tibbiy psixolog. U kim? haqida malumot

Tibbiy psixolog. U kim? haqida malumot

Tibbiy psixolog – u kim? Ularni qayerda tayrlashadi?

Tibbiy psixolog – psixologiya bo‘yicha maxsus tayyorgarlikka ega vrach. Tibbiy psixolog bo‘lish uchun avval tibbiyot institutlarining davolash yo‘nalishlari bo‘yicha fakultetlarni tugatish lozim. So‘ngra talabalar “Tibbiy psixologiya” bo‘yicha 3 yillik magistraturada taxsil olishlari lozim.

Tibbiyot psixologiyasi bo‘yicha magistraturani tugatganlar qanday diplomga ega bo‘lishadi va ular kim bo‘lib qayerda ishlashadi?

Ularning magistrlik diplomiga “Tibbiy psixolog” deb yozilgan bo‘ladi. Ular “Tibbiy psixologiya” bo‘yicha mutaxassis bo‘lishadi va Respublikamizning barcha shifoxonalari hamda ilmiy markazlarda “vrach-psixoterapevt”, “vrach-neyropsixolog”, “vrach-psixonevrolog” bo‘lib faoliyat ko‘rsatishadi. Magistraturani a’lo baholarga tugatganlar va xorij tillarini mukammal biladiganlar “Tibbiy psixologiya” bo‘yicha ochiladigan kafedralar, ilmiy laboratoriyalar va psixosomatik bo‘limlarda faoliyat ko‘rsatishadi.

Psixosomatik bo‘limlar qayerlarda ochiladi va u yerda qanday bemorlar davolanishadi?

Yaqin kelajakda Toshkent shaxridagi yirik ilmiy-tibbiy markazlar, tibbiyot institutlari klinikalari va viloyat klinik shifoxonalarida “psixosomatik bo‘limlar” ochilishi rejalashtirilgan. Buning uchun “Tibbiy psixologiya” bo‘yicha magistratura va klinik ordinaturani tugatgan mutaxassislar yetarli bo‘lishi kerak. Bu bo‘limlarda psixosomatik buzilishlar bilan bemorlar davolanishadi.

Psixosomatik buzilishlarga nimalar kiradi?

Kuchli yoki doimiy ruhiy jarohatlar sababli inson organizmida turli xil kasalliklar rivojlanadi. Masalan, bosh og‘riqlar, bosh aylanishlar, yurak sanchishlari, oshqozon sohasida og‘riqlar, bo‘g‘imlarda og‘riqlar, jinsiy zaifliklar va h.k. Bunday belgilarni vrachlar ba’zan haqiqiy kasallik sababli rivojlangan deb o‘ylashadi. Buning oqibatida doimo boshi og‘riydigan bemorga “miyaning ichki bosimi oshgan”, boshi aylanadigan bemorga “kamqonlik” yoki “miyada qon aylanishi buzilgan”, bo‘g‘imlari og‘riydigan bemorga “bod kasalligi”, yuragi og‘riydigan bemorga “yurak kasalligi” deb tashxis qo‘yishadi. Bunday bemorlar sarson bo‘lib zarur bo‘lmagan tekshiruvlardan o‘tib turli bo‘limlarda davolanib yurishadi. Ularni aslida tibbiy psixolog davolashi kerak. Men bu yerda bir nechta psixosomatik buzilishlarni keltirib o‘tdim xolos. Ularning turi 700 dan oshiq.

Psixosomatik buzilishlar shu qadar ko‘p uchraydimi?

Juda ko‘p! Barcha kasalliklarning 70 % – bular psixosomatik buzilishlardir. Shuning uchun ham rivojlangan xorij davlatlarining tibbiyot markazlarida faoliyat ko‘rsatuvchi tibbiy psixologlar soni vrachlar sonidan 2 barobar ko‘p. Bu mamlakatlarda bemorning shikoyati qanday bo‘lishidan qat’iy albatta tibbiy psixolog ko‘rigidan o‘tishadi. So‘ngra uni tibbiy psixolog va boshqa vrachlarga yuborishadi. Tibbiy psixolog ham xuddi nevropatolog va psixiatr kabi yuqori malakali vrach hisoblanadi. Shu bois ularni magistratura va klinik ordinatura orqali tayyorlashadi.

Depressiya va psixozlarni (ruhiy qo‘zg‘alishlar) endi tibbiy psixologlar davolashadimi?

Avvallari bunday bemorlarni psixiatrlar davolashgan. Endi ularni tibbiy psixologlar ham davolashadi. Tibbiy psixologlar ruhiy kasalliklar shifoxonasida va psixonevrologik dispanserlarda psixiatrlar bilan hamkorlikda ishlashadi. Ular narkologik dispanserlarda ham mustaqil ravishda faoliyat ko‘rsatishadi. Depressiya bilan kasallangan bemolarni davolash esa ularning bevosita burchidir.

Tibbiy psixolog bosh miyaning og‘ir yallig‘lanish kasalliklarini o‘tkazgan bemorlarni davolashga haqlimi?

Albatta haqli. Chunki meningit, meningoensefalit va ensefalit kabi og‘ir kasalliklarda nafaqat harakat va sezgi buzilishlari, balki oliy ruhiy funksiyalarning buzilishlari ham kuzatiladi. Nutq, xotira, tafakkur, hissiyot va hulq-atvor buzilishlari ushbu kasalliklarda juda ko‘p uchraydi. Ushbu buzilishlarni rivojlangan horij davlatlarida nevropatologlar emas, balki tibbiy psixologlar (neyropsixologlar) davolashadi. Tibbiy psixologlar bosh miya faoliyatini yaxshilovchi dori-darmonlar hamda psixoterapiya usullarini parallel tarzda qo‘llaydi.

Insult kasalligichi?

Ko‘pchilik insult kasalligini faqat nevropatolog davolaydi deb o‘ylaydi. Bu fikr qisman to‘g‘ri xolos. Insult kasalligini nechta mutaxassis davolashiga e’tibor qiling. Insult endi rivojlangan paytda uni nevropatolog, reanimatolog, angioxirurg yoki neyroxirurg davolaydi. Agar insult xushning buzilishi bilan namoyon bo‘lsa, bemor reanimatsiya bo‘limiga yotqiziladi. Agar insult bo‘yin qon tomirlari tiqilib qolishi sababli rivojlansa, bemor angioxirurgiya (angionevrologlar) bo‘limida operatsiya qilinadi. Agar miyaga qon quyilsa, bemor zudlik bilan neyroxirurgiya bo‘limiga olib boriladi va operatsiya qilinadi.
Ushbu mutaxassislar yordamidan keyin bemor butunlay tuzalgunga qadar, uni nevropatolog va tibbiy psixolog kuzatuvga oladi. Nevropatolog harakat va sezgi buzilishlarini tiklash bilan shug‘ullansa, tibbiy psixolog (neyropsixolog) oliy ruhiy funksiyalar, ya’ni nutq, xotira, tafakkur va hissiyot buzilishlarini bartaraf etish bilan shug‘ullanadi. Agar miya insultlarida harakat va sezgi buzilishlari 30 % ga yaqin bo‘lsa, oliy ruhiy funksiyalar buzilishi 70 % dan oshadi. Bu degani miya insultini o‘tkazgan bemor 70 % vaqtini tibbiy psixolog (neyropsixolog) bilan o‘tkazadi. Tibbiy psixolog bemorga miya faoliyatini yaxshilovchi barcha dori-darmonlarni mustaqil ravishda tavsiya etadi va psixoterapiya muolajalarini keng qo‘llaydi. Albatta bemorni qayta hayotga qaytarishda reabilitolog vazifasi ham juda katta. Reabilitolog – buzilgan funksiyalarni qayta tiklovchi vrach degani. Reabilitologlar – nevrologiya va tibbiy psixologiya ilmini mukammal biladigan mutaxassislardir.

Neyropsixologlar – ular kimlar? Ularni qayerda tayyorlashadi?

Neyropsixologlar – nevrologiya va psixologiya ilmini chuqur biladigan mutaxassislar. Neyropsixologlar tibbiy psixologiya kafedralarida yetishib chiqishadi. Psixologiyaning boshqa yo‘nalishlaridan farqli o‘laroq, ularga nevrologiya ilmidan chuqur saboq beriladi. Chunki nevrologiyani bilmasdan turib, neyropsixolog bo‘lib bo‘lmaydi. Neyropsixologning amaliy tibbiyotdagi asosiy quroli – bu psixologik usullardir.

Tibbiy psixologlar faqat tinchlantiruvchi dorilar tavsiya etishadimi yoki boshqa dorilarni ham tavsiya etishga haqlari bormi?

Tibbiy psixologlar avvalombor vrach ekanliklarini unutmang. Ular har qanday toifaga kiruvchi dori-darmonlarni bemorlarga mustaqil ravishda tavsiya etishga to‘la haqlidir. Tibbiy psixologlarning vrachlardan farqi shundaki, ular psixologiya ilmini ham chuqur bilishadi.

Tibbiy psixologlar bemorlarni KT, MRT, ultratovush va laboratoriya tekshiruvlariga yuborishga haqlari bormi?

Albatta bor! To‘g‘ri tashxis qo‘yish uchun zarur bo‘lgan har qanday diagnostika usullariga bemorlarni tibbiy psixologning o‘zi yuborishi zarur. Masalan, bemordagi psixoz (ruhiy qo‘zg‘alish) jigar zararlanishi sababli rivojlandi deylik. Bunday bemorni ko‘rgan tibbiy psixolog jigarni ultratovush usuli bilan tekshirishga yuboradi, qonda fermentlar miqdorini aniqlaydi va h.k. Shu yo‘l bilan u psixoz sababini izlab topadi va uni bartaraf etadi. Agar bemorga jigar faoliyatini yaxshilovchi dorilar berilmasa, psixozni ham bartaraf etib bo‘lmaydi. Bu yerda terapevtlar yordami ham kerak bo‘ladi.

Psixiatrlarning tibbiy psixologlardan nima farqi bor?

Psixiatrlar shaxsning keskin o‘zgarishi bilan namoyon bo‘luvchi ruhiy buzilishlarni davolashadi. Masalan, shizofreniya va suitsid bilan namoyon bo‘luvchi ruhiy kasalliklar. Bunday bemorlar o‘ziga va atrof-muhitdagilarga hayotiga havf solishi mumkin. Psixologik usullarni chuqur o‘zlashtirgan psixiatrlar ham psixiatr bo‘lib, ham tibbiy psixolog bo‘lib ishlashadi. Psixiatriya tibbiy psixologiyaga juda yaqin fandir. Avvallari tibbiy psixologlarni psixiatrlar tayyorlashgan. Hozirda tibbiy psixologlarni tibbiy psixologlar tayyorlashadi. Tibbiy psixologiya fiziologiya, nevrologiya, psixiatriya va farmakologiya negizida shakllangan fandir. Albatta tibbiy psixologiyaning ildizi umumiy psixologiyaga borib taqalishini ham esda tutish lozim.

Psixonevrologlar haqida ham ma’lumot bersangiz.

Psixonevrologlar – hulq-atvorning turli darajada buzilishlari bilan namoyon bo‘luvchi kasalliklarni davolovchi vrach. Masalan, nevroz, isteriya, psixoz, fobiya, depressiya va h.k. Demak, biroz yengil ifodalangan ruhiy buzilishlarni psixonevrologlar davolashadi. Psixiatriya bo‘yicha maxsus kurslarni va magistraturani tugatgan mutaxassislar psixonevrolog bo‘lib ishlashadi. Ular asosan psixonevrologik dispanserlarla ishlashadi. Hozirda tibbiy psixologiya bo‘yicha magistraturani tugatganlarga ham psixonevrolog bo‘lib ishlash huquqi berilgan.

Tibbiy psixologlar konsultativ poliklinikalarda ham ishlashadimi?

Albatta! Xuddi nevropatolog, kardiolog va endokrinolog kabi tibbiy psixolog kabinetlari ham konsultativ poliklinikalarda mavjud bo‘ladi. Ular boshqa vrachlar bilan bir qatorda bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazishadi, ularga tashxis qo‘yishadi va davolashadi. Bu kasb egalariga bemorlarni davolashda muvaffaqiyat tilaymiz.

Psixoterapevtlar kimlar? Ularni kim tayyorlaydi?

Psixoterapevtlar – bemorlarni davolashda psixologik usullarni keng qo‘llovchi vrachlar. Demak, psixoterapevt – u vrach. Bunday kasb egalari tibbiy psixologiya bo‘yicha magistraturani tugatganlar orasidan yetishib chiqadi. Biroq bir necha yil terapevt bo‘lib ishlab, so‘ngra maxsus psixologiya kurslarida ta’lim olgan mutaxassislar ham vrach-psixoterapevt bo‘lib ishlashga haqlidir. Shuningdek, tibbiyotga aloqasi bo‘lmagan oliy ta’lim muassasalarida amaliy psixologiya yo‘nalishini tugatganlar ham sog‘liqni saqlash tizimida psixoterapevt bo‘lib ishlashlari mumkin. Biroq, ularga tibbiy amaliyot bilan shug‘ullanishga ruxsat berilmaydi. Ular faqat psixoterapiya bilan shug‘ullanishadi.

Organizm va tibbiy psixologiya

Men inson organizmini tibbiyotga, uning a’zolarini esa turli fanlarga qiyoslayman. Masalan, bosh miyani – nevrologiya, yurakni – kardiologiya, ko‘zlarni – oftalmologiyaga, o‘pkani – pulmonologiya, jigarni – gepatologiya, suyaklarni – travmatologiya, buyraklarni – urologiya, endokrin bezlarni – endokrinologiyaga qiyoslash mumkin. Tibbiyot psixologiyasini esa o‘z ahamiyati bo‘yicha inson terisi bilan qiyoslagim keladi. Odamlar miyasi, yuragi, jigari va buyraklarini juda asrashga harakat qilishadi. Biroq, teriga negadir e’tibor shu darajada emas. Teri hamma narsaga bardosh beradi, butun bir organizmni himoya qilib turadi. Odam terisini loyga ham uraveradi, bexosdan kesib ham oladi, hohlasa eng qimmatbaho xushbo‘y hidli atirlar sepib uni parvarish qiladi. Yurak, jigar va buyraklarni operatsiya yo‘li bilan olib tashlash, qayta qo‘yish mumkin. Biroq butun bir boshli terini shilib tashlab bo‘lmaydi, agar shunday qilinganida nafaqat ba’zi a’zolar, balki butun bir organizm chirib yo‘q bo‘lardi. Shunday ekan, tibbiyotni psixologiyasiz tasavvur qilish qiyin. Psixologiyasiz tibbiyot, terisiz organizmga o‘xshaydi. U juda xunuk va tez orada halok bo‘ladi.

ZIMaqola professor Ibodullayev Zarifboyning «Asab va ruhiyat» kitobidan olindi. Mavzu yuzasidan professorga savollaringiz bo‘lsa, muallifning shaxsiy asab.uz saytida yozib qoldirishingiz mumkin.

Kasalliklar
Tibbiy psixolog. U kim?