TEXNIK GAZLAMA

TEXNIK GAZLAMA

TEXNIK GAZLAMA — mashinalar, qurilmalar, inshootlarning qismlari, turlituman texnika buyumlari tayyorlashda ishlatiladigan toʻqimachilik matolari. Deyarli barcha toʻqimachilik tolalari va iplaridan toʻqiladi. Texnik gazlama sifatida baʼzi maishiy matolar (mas., doka, mitkal, sarja) ham ishlatilishi mumkin. Bulardan chizmachilik kalkalari, qistirmalar, mashina oʻrindiklarining gʻiloflari tayyorlanadi. Texnik gazlama larga maishiy gazlamalarga nisbatan yuqoriroq talablar quyiladi. Koʻpchilik Texnik gazlamalar polotnoli oʻrilishda (q. Oʻrilish) bir va koʻp qatlamli qilib tayyorlanadi, chunki bu oʻrilishda arqoq bilan tanda orasidagi bogʻlanish mustahkamroq boʻladi (q. Toʻkimachilik). Eng keng tarqalgan Texnik gazlama lar: brezent, kirza, kordbop, tasmabop, transportyorbop matolar, oʻt oʻchirish yenglari tayyorlanadigan mato, presslash va filtrlash (suzish) matolari. Bulardan tashqari, parashyutlar, puflama inshootlarning qobiklari, tentlar (soyabonlar), sunʼiy charm, elaklar tayyorlanadigan matolar ham Texnik gazlama jumlasiga kiradi. Baʼzi sanoat tarmoqlarida Texnik gazlama oʻrniga sintetik plyonkalar ishlatiladi. Oʻzbekistonda Texnik gazlama larning barcha turlari ishlab chiqariladi.

Ensiklopediya.uz
TEXNIK GAZLAMA