TERMIZSHOHLAR

TERMIZSHOHLAR

TERMIZSHOHLARTermiz va uning viloyatini boshqargan merosiy hukmron sulola (mil. 5—7-a. oxirlari). Arablarning Shim. Toxaristonga qilgan yurishlari (7-a. oxiri — 8-a. boshi) munosabati bilan arabfors yozma manbalarida (Tabariy, Balozuriy, Ibn Xurdodbeh) qayd etilgan. Buddaviy rohib SyuanSzan (taxm. 630-y.)ning maʼlumotiga koʻra, Tami (Termiz) mulki hududi gʻarbdan sharqqa tomon 600 li (180—300 km), shim. dan jan. ga tomon esa, 400 li (120—200 km) masofani tashkil etgan, yaʼni Termizdan tashqari Amudaryoning oʻng sohilidagi yerlarni ham qamragan. Shaharda buddaviylik hukmron mavqega ega boʻlib, unda 12 ta monastir va 1000 ga yaqin rohib, shuningdek, stupalar, budda haykallari boʻlgan. Termizshohlar hokimiyat tepasiga mil. 5-a. da kelganlar, bunga ular zarb etgan mis tangalar guvoxlik beradi. Tangalar 7-a. oxiriga kadar zarb etilgan. Termizshohlarning etnik kelib chiqishi noaniq, eftaliylar yoxud kidariylar bilan bogʻliq boʻlishi extimol. 689—690-y. larda Termizni arablarning qaysiylar qabilasi sardori Muso ibn Abdulloh egallagan va shahardan termizshohni quvib yuborib, xalifalikdan ajrab chiqib, 15 yil mustaqil hokimlik qilgan. Termizshohning turkiylar yordamida taxtni qaytarib olish uchun qilgan harakatlari zoye ketgan. 704-y. Usmon ibn Masʼud 15 ming kishilik lashkar bilan kelib shaharni umavishar tobeligiga qaytarishga erishgan. Termizshohlar hokimiyati xalifalik tomonidan nomigagina bir muncha muddat tiklangan, Termiz butunlay xalifalik tomonidan idora etiladigan boʻlgan, shahar arablarning asosiy tayanch punktiga aylangan.

Ensiklopediya.uz
TERMIZSHOHLAR