TERMIZIY MEʼMORIY MAJMUI
TERMIZIY MEʼMORIY MAJMUI, Hakim Termiziy maqbarasi — Termizdagi meʼmoriy yodgorlik (9—15a. lar). Majmua Abu Abdulloh Muhammad Hakim Termiziy nomi bilan bogʻlangan. Termiziy meʼmoriy majmui asrlar davomida bir necha bor qayta qurilgan. Masjid, maqbara, xonaqoh, qorixona kabi binolardan iborat boʻlgan. Dastlab xom gʻishtdan xonaqoh (9-a.) bunyod etilib, Hakim Termiziy shu yerda yashab mudarrislik qilgan. Binodan keng hovlining bir qismi, qalin devor toʻsiq va shim. sharqiy burchagida uncha katta boʻlmagan yertoʻlasimon hujra saqlangan. Vaqtlar oʻtishi bilan qabr ustiga, xonaqohning jan. gʻarbiy burchagida xom gʻishtdan jan. ga qaratib maqbara bunyod etilgan (9-a.). Termiziy maqbarasi xalq orasida ulugʻlanib avliyo qabri, muqaddas ziyoratgoh sifatida eʼzozlangan. Keyinchalik maqbaraning sharqiy devoriga tutashtirib kichik qorixona va oʻgʻli alHakim Abdulloh maqbarasi (10-a.), shim. da uncha katta boʻlmagan hovliga qaragan 3 gumbazli, ravokli yoʻlak koʻrinishidagi namozgoh masjidi (11 —12-a. lar) hamda bir qator qoʻshimcha xonalar qoʻshilgan.
Ensiklopediya.uz
TERMIZIY MEʼMORIY MAJMUI