Temir tanqisligi anemiyasi (TTA) — sabablari, alomatlari, tashxislash va davolash
Temir tanqisligi anemiyasi (TTA) barcha kamqonlik holatlarining taxminan 90% ni tashkil etadi. Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko’ra, ushbu shakldagi kamqonlikdan har oltita erkakdan biri va dunyodagi har uchinchi ayol aziyat chekadi.
Gemoglobin — kislorod molekulalari bilan qaytar reaktsiyaga kirishadigan, temir mikroelementiga ega bo’lgan murakkab oqsilli birikma, organizmda o’pkadan to’qimalariga kislorod va aksincha, to’qimalardan o’pkaga karbonat angidrid tashuvining asosi hisoblanadi.
Temir tanqisligi anemiyasi — bu gipoxrom anemiya, mikrotsitoz alomatlari bilan birga kuzatiladi, chunki eritrositga hajm va rang berib turuvchi gemoglobin normal rivojlanishi uchun kerakli temir elementi yetishmaydi.
Temir ko’plab modda almashinuvi jarayonlari, oziq moddalar almashinuvi, tanadagi gaz almashinuvi bilan bog’liq muhim mikroelement hisoblanadi. Kun davomida kattalar 20-25 mg temir moddasini iste’mol qiladilar, bu elementning tanadagi jami zaxirasi taxminan 4 g.
Temir tanqisligi anemiyasi rivojlanishi sabablari
Ushbu turdagi patologiya rivojlanishining sabablari turli xil etiologik omillarni o’z ichiga oladi.
Temir iste’moli buzilishlari:
- Beqaror ovqatlanish, temirni yetarlicha qabul qilmaslik, ochlik, parhezlar, dori-darmonlar, ochlik hissini so’ndiradigan narkotik va boshqa moddalar qabul qilish, jismoniy yoki ruhiy kasalliklar tufayli ishtahaning pasayishi;
- Oziq-ovqat yetishmasligining ijtimoiy-iqtisodiy sabablari.
So’rilish jarayonida temirni o’zlashtirishdagi buzilishlar:
- Oshqozon-ichak trakti kasalliklari (gastrit, kolit, peptik yara, bu organning rezektsiyasi).
Tananing yuqori ehtiyojiga ko’ra temirni iste’mol qilish va sarflashda muvozanat yo’qligi:
- Homiladorlik, emizish;
- Jismoniy o’sishda jinsiy balog’at yoshi;
- Gipoksiyaga olib keladigan surunkali kasalliklar (bronxit, obstruktiv o’pka kasalligi, yurak xastaligi, yurak-qon tomir tizimi va nafas olish tizimining boshqa kasalliklari);
- Nekrotik jarayonlar bilan kechadigan kasalliklar: sepsis, to’qimalarning abstsesslari, bronxoektatik kasallik va boshqalar.
Organizmdan temirning yo’qotilishi, o’tkir yoki surunkali postgemorragik:
- O’pkada qon ketishlari bilan (o’pka tuberkulyozi, o’simta paydo bo’lishi);
- Oshqozon-ichak yo’llarida qon ketishi — oshqozon yarasi, o’n ikki barmoqli ichak yarasi, oshqozon va ichak saratoni, oshqozon-ichak shilliq qavati eroziyasi, qizilo’ngach va to’g’ri ichak venalarining varikoz kengayishi, gemorroy, ichakda gijjalar mavjudligi, yarali kolit va boshqalar;
- Bachadondan qon ketishi (og’ir hayz, bachadon va bachadon bo’yni saratoni, mioma, ektopik homiladorlik, bachadon va bachadon bo’ynining tug’ruq jarayonidagi jarohatlari);
- Buyraklarda qon ketishi (buyrakdagi o’simta paydo bo’lishi, buyraklarning sil kasalligi);
- Qon ketishlar — jarohat, kuyishlar, muzlash, rejalashtirilgan va favqulotda jarrohlik amaliyotlari natijasida qon yo’qotishlar, shu jumladan yashirin va ichki.
Temir tanqisligi anemiyasi alomatlari
Temir tanqisligi tufayli rivojlangan kamqonlikning klinik tasviri birinchi navbatda, tana to’qimalarida gaz almashinuvi buzilganligi tufayli anemik va sideropenik sindromni tashkil etadi.
Anemik sindromining belgilari:
- Umumiy holsizlik, surunkali charchoq;
- Zaiflik, uzoq jismoniy va ruhiy zo’riqishlarga dosh berolmaslik;
- Diqqat yetishmovchiligi, diqqatni jamlashdagi qiyinchilik, rigidlik;
- Asabiylashish;
- Bosh og’rig’i;
- Ba’zida hushidan ketish;
- Uyquchanlik va uyqu buzilishi;
- Nafas qisilishi, jismoniy va / yoki psixoemotsional zo’riqishlar vaqtida yurak urishining tezlashishi, shuningdek tinch holatda ham;
- Axlatning qora rangi (oshqozon-ichak traktida qon ketishi bilan bog’liq).
Sideropenik sindrom quyidagi ko’rinishlarga ega:
- Ta’m istaklarining buzilishi — bo’r, kesak, xom go’sht va boshqa mahsulotlarni yeyishni hohlash.
- Hid istaklarining buzilishi — bo’yoq, maishiy kimyo, o’tkir hidli (aseton, benzin, yuvish vositalari va hokazo) kabi moddalarni hidlashga hohish;
- Qo’l tirnoqlaridagi oq dog’lar;
- Sochlarning sinuvchanligi, jilvasining yo’qolishi;
- Quruq teri, terining qavatlanishi;
- Teri sathining oqarib ketishi;
- Lab burchaklaridagi yoriqlar mavjudligi.
Temir tanqisligi anemiyasining og’ir bosqichlarida nevrologik alomatlar kuzatiladi: terida «chumoli yurishi», oyoq-qo’llarning uyushib qolishi, yutishda qiyinchilik, qovuqni nazorat qilishning zaiflashishi va hokazo.
TTA tashxisi
Temir tanqisligi anemiyasi tashxisi vizual tekshirish, bemorning instrumental tekshiruvlari va qonning laboratoriya tahlillari natijalarini baholash ma’lumotlariga asoslangan.
Jismoniy ko’rik va bemor tarixi o’rganilishi bilan birga teri holiga, og’iz shilliq qavatiga, lablar burchaklariga e’tibor beriladi va taloq hajmi paypaslash orqali baholanadi.
Qonning umumiy tahlili TTAning klinik tasvirida yoshga va jins me’yoriga nisbatan eritrositlar va gemoglobin miqdorining pasayishi, turli kattalikdagi eritrositlar (poykilotsitoz), mikrostitoz aniqlanadi. Anemiyaning og’ir hollarida qonda asosan 7.2 mkm dan kichik bo’lgan eritrositlar uchraydi, gipoxrom, eritrositlarning rangi zaif, past rang ko’rsatkichi aniqlanadi.
Temir tanqisligi anemiyasi uchun biokimyoviy qon testining natijalari quyidagi ko’rsatkichlarga ega:
- Ferritin oqsili kontsentratsiyasining pastligi, u organizmda temir zaxirasi vazifasini bajaradi;
- Zardobli temir darajasi past bo’lishi;
- Qon zardobi temir biriktirish qobiliyatining oshishi.
TTA tashxisi temir tanqisligini aniqlash bilan chegaralanib qolmaydi. Ushbu holatni to’g’ri davolash uchun mutaxassis kasallikni patogeneziga aniqlik kiritish maqsadida yordamchi instrumental tahlillarni tayinlaydi. Ushbu holatda instrumental tadqiqotlar quyidagilarni o’z ichiga oladi:
- Fibrogastroduodenoskopiya — qizilo’ngach, oshqozon devori, o’n ikki barmoqli ichak shilliq qavati holatini o’rganish;
- Jigar, buyraklar, ayollarning reproduktiv organlarini ultratovush tekshiruvi;
- Kolonoskopiya, ingichka ichak devorlarini tekshirish;
- Kompyuter tomografiyasi usullari;
- O’pka rentgenogrammasi.
Temir tanqisligi etiologiyali anemiyani davolash
TTA bosqichi va patogenezidan kelib chiqib davolash parhez, tibbiy davolash, qon ketish sabablarini to’xtatish uchun jarrohlik amaliyotlari yoki kombinativ davolash usullarini qo’llagan holda olib boriladi.
Temir tanqisligida shifobaxsh oziqlanish ratsioni
Organizmga tushadigan temirni ikki toifaga: gemli — hayvon manbalaridan olingan va nogem — o’simliklardan olinadigan temirga bo’linadi. Gemli turlari juda yaxshi hazm bo’ladi va bunday sifatli mahsulotning ratsionida yetishmasligi, masalan vegetarianlarda, TTA rivojlanishiga olib keladi.
Temir tanqisligini bartaraf etish uchun tavsiya etilgan mahsulotlarga quyidagilar kiradi:
- Gemli guruh (temir miqdori kamayib borish tartibida) : mol jigari, mol tili, quyon go’shti, kurka go’shti, g’oz go’shti, mol go’shti, baliqning bir necha navlari;
- Nogem guruh: quritilgan qo’ziqorin, yangi no’xat, grechka, suli yormasi, yangi qo’ziqorin, o’rik, nok, olma, olxo’ri, gilos, lavlagi va boshqalar.
Sabzavot, meva, poliz mahsulotlari o’rganilganda ularning tarkibida yuqori temir mavjudligiga qaramay, temirnong o’zlashtirilishi umumiy miqdordan jami 1-3%ni tashkil etadi, bu hayvon kelib chiqishli mahsulotlari bilan solishtirganda arzimas bo’ladi. Masalan mol go’shti iste’mol qilinganda inson organizmi zarur temir elementini umumiy miqdordan 12% igacha o’zlashtirishi mumkin.
Temir tanqisligi anemiyasini parhez bilan tuzatishda temir o’zlashtirishiga ta’siri tufayli vitamin C va oqsilga boy (go’sht) ovqat oziq-ovqatlarni ko’proq iste’mol qilib, tuxum, osh tuzi, kofeinli ichimliklar va kaltsiyga boy oziq-ovqatlarni kamaytirish lozim bo’ladi.
Temir tanqisligini dori-darmonlar bilan davolash
Tanqislikning o’rta va og’ir shakllarida qo’shimcha sifatida yengil o’zlashtiriladifgan temir saqlovchi preparatlar buyuriladi. Dori moddalari birikish turi, dozirovkasi, shakliga qarab farqlanadi: in’ektsiya uchun eritmalar, drajelar, tabletkalar, siroplar, tomchilar, kapsulalar.
Peroral (og’iz orqali qabul qilinadigan) preparatlar temirning o’zlashtirilishi xususiyatlari tufayli ovqatdan 1-2 soat oldin qabul qilinadi, shuningdek preparatni ichish uchun suyuqlik sifatida kofein saqlagan ichimliklar (choy, kofe) tavsiya etilmaydi, chunki ular temir o’zlashtirilishini yomonlashtiradi. Dori dozasini qabul qilish oralig’i kamida 4 soat bo’lishi kerak. Dori vositalarini shifokor ko’rsatmasisiz, mustaqil tanlagan holda nojo’ya ta’siri tufayli qiyinchiliklarga yoki temirdan zaharlanishga olib kelishi mumkin.
Dori dozasini va shaklini bemorning yoshi, kasallikning bosqichi, holat sababchisi, umumiy klinik tasvir va bemorning shaxsiy xususiyatlarini inobatga olib faqat mutaxassis belgilaydi. Doza oraliq qon tahlili natijalari va / yoki bemorning ahvoliga qara davolash paytida o’zgartirilishi mumkin.
Davolash davomida temir preparatlari gemoglobin darajasi natijalariga qarab 3-4 haftadan bir necha oygacha qabul qilinishi mumkin.
Peroral qabul qilinadigan temirni preparatlari orasida ikki va uch valentli temir shakli tanlanadi. Hozirda izlanishlar natijasiga ko’ra, peroral qabul qilinganda ikki valentli temir tavsiya etiladi, chunki u yaxshiroq o’zlashtiriladi va oshqozonga kuchli salbiy ta’sir ko’rsatmaydi.
Bolalar uchun preparatlar tomchi va sirop shaklida buyuriladi, bu yosh bilan bog’liq xususiyatlar va bolalarda temirni kattalarga nisbatan ancha yaxshi o’zlashtirilishi bilan tushuntiriladi. Iloji bo’lsa uzoq muddat qabul qilishda preparatning qattiq shakllarini tanlagan yaxshi, chunki temir saqlovchi preparatlarning suyuq shakllari tish emaliga salbiy ta’sir ko’rsatib, uning qorayib qolishiga olib kelishi mumkin.
Peroral temir preparatlari bilan birga shifokor vitamin C (askorbin kislotasi) qabul qilishni buyuradi, bu temirni yaxshiroq o’zlashtirilishiga yordam beradi.
Temir preparatlarini mushaklar ichiga va venaga yuborish quyidagi hollarda qo’llaniladi:
- Anemiyaning og’ir bosqichi;
- Dori vositalarining og’zaki shakllarini qbulining samarasizligi;
- Og’zaki shakllaridan foydalanilganda bemorning ahvoli yomonlashib ketishi mumkin bo’lgan oshqozon-ichak traktining o’ziga xos kasalliklari mavjudligi (o’tkir gastrit, oshqozon yarasi, o’n ikki barmoqli ichak yarasi, yarali kolit, kron kasalligi);
- Organizmni temir moddasi bilan favqulodda qondirish zarurati bo’lgan hollarda, masalan, travma yoki jarrohlikdan keyin qon yo’qotishlarda.
Vena va mushak ichiga temir preparatlarini yuborish ko’tara olmaslik reaktsiyasiga olib kelishi mumkin, shuning uchun bu terapiya kursi faqat shifoxona yoki klinik sharoitida, mutaxassisning nazorati ostida amalga oshiriladi. Temir moddasi mavjud bo’lgan suyuqliklarni mushak ichiga inyektsiya qilishning nojo’ya ta’siri inyeksiya joyida teri ostiga gemosiderinning birikishi hisoblanadi. Preparatni qo’llash joylarida teridagi qora dog’lar bir yarim yildan besh yilgacha saqlanib qolishi mumkin.
Temir tanqisligi kamqonligi preparatning belgilangan dozasi va davolash kursiga to’g’ri amal qilinganda yaxshi bartaraf etiladi. Ammo, agar asosiy jiddiy kasalliklar va patologiyalar yuzaga kelgan vaziyatlar bo’lsa, terapiya simptomatik bo’ladi va qisqa muddatli ta’sir qiladi.
Ichki qon ketishi, gemorragik shakldagi qon ketishi kabi sabablarni bartaraf etish uchun temir moddasi yetishmasligi anemiyasi jarrohlik usullar bilan davolanadi. Jarrohlik aralashuvi qon ketishini to’xtatish, o’tkir yoki surunkali qon ketishning asosiy omillarini bartaraf etishga imkon beradi.
Periton va ayollar reproduktiv organlarning ichki qonashlarida laparoskopik aralashuv usulidan foydalanadilar.
Favqulodda davolash usullari orasida eritrotsitlar darajasini tezda qayta tiklash uchun donor eritrosit massasining quyish va qondagi gemoglobin miqdorini shu tariqa oshirsh mavjud.
Temir tanqisligi anemiyasi profilaktikasi salomatlikni saqlash uchun muvozanatli parhez va o’z vaqtida diagnostik va terapiya choralariga amal qilish demakdir.
Kasalliklar
alomatlari, tashxislash va davolash, Temir tanqisligi anemiyasi (TTA) — sabablari