TELUGU (ANDHRA) TILI
TELUGU (ANDHRA) TILI — dravid tillaridan biri. Hindistonning AndhraPradesh shtatining rasmiy tili, qoʻshni shtatlar, shuningdek, ShriLanka, JAR, Myanma, Malayziya, Singapur va b. joylarda tarqalgan. Hammasi boʻlib 75 mln. dan ortiq (1996) kishi soʻzlashadi. Telugu (andhra) tili lahjalari 4 guruhga boʻlinadi: shim. sharqiy, markaziy, shim. gʻarbiy va janubiy. Ular oʻrtasidagi fonetik va morfologik tafovutlar uncha katta emas. Telugu (andhra) tilida grammatik jihatdan oʻziga xos hodisalar mavjud: 1 va 2 shaxs kishilik olmoshlarining maxsus shakllari, tuslanishli va tuslanisheiz feʼllarning ayrim koʻrsatkichlari. Eng qad. yodgorliklari 525—600-y. larga mansub. Adabiy til 14—17-a. larga kelib shakllangan hamda unga sanskrit va prakrit tillari kuchli taʼsir oʻtkazgan. 19-a. boshida Telugu (andhra) tilining adabiy shakli ogʻzaki tildan jiddiy farq qilib qoldi 19-a. oxiridan ogʻzaki soʻzlashuv tiliga yaqin yangi adabiy til uchun harakat boshlandi. Yozuvi brahmining jan. shaklidan kelib chiqqan.
Ensiklopediya.uz
TELUGU (ANDHRA) TILI