Telegramsiz 24 soat

Telegramsiz 24 soat

Telegramsiz 24 soat

Qisqa:

Telegram hisobim oʻchib ketdi. Barcha qurilmalardan bir vaqtda chiqib ketdi.

2FA qoʻyilgan, oʻzimni emailga ulangan, support javob bermayapti. Shuncha yasagan kanallar, guruhlar, maʼlumotlar bittada yoʻq boʻldi.

24 soat sokinlikda va havotirda yashadim. Keyin tiklab oldim, doʻstlarimga rahmat!

Endi tajribamni ulashsam ham boʻladi.

TLDR = JUTE (Juda Uzun, oʻqish Tavsiya Etilmaydi)

Hech tasavvur qilib koʻrganmisiz Telegram hisobingiz oʻchib ketdi.

Telegramni ishlatishni kechroq boshlagan boʻlsam ham foydalanayotganimga 10 yildan oshibdi. Buni ilk rasmimni qoʻygan sanamdan ham bilsa boʻladi.

Bir necha kun avval mening nomimdan qalloblar (moshennik) hisob ochib, tanishlardan mening nomimdan qarz soʻragan edi. Buni kanalda post qilib, story qoʻyib yozgan edim.

Bu safar, majlisda (online call) oʻtirgan edim, birdan telegramim boʻshab qoldi. Hayron boʻlib, boshqa qurilmada tekshirdim, u yerda ham chiqib ketdi. Soʻnggi umid 3-app ni tekshirdim, shu holat.

Barcha telegram qurilmalarimdan chiqib ketildi.

Hisobni tiklash uchun SMS orqali kirishga urindim. Na SMS keladi, na qoʻngʻiroq qilishadi. Shu bilan urinishlarim soni koʻpligi uchun muzlatildim (blokka qoʻyildim).

Boshqa telefon orqali yangi hisob ochdim. Albatta boshqa ishlatilmagan telefon raqamga. Keyin u yerdan oʻzimga yozib koʻrdim. Xabar ketmoqda, ammo oʻqilmadi.

Bunday xolatda shoshmaslik va vahima qilmaslik foydaliroq deb bilaman. Shu sababli ertalab yana urinib koʻraman dedim va urinishlarni toʻxtatdim.

Orada xabar borib turishi uchun kechiktirilgan xabarlar (scheduled) yozib qoʻydim.

Ertalab tekshirdim. Yana 750 daqiqa bor dedi. Hisoblasam 12 soatdan koʻp ekan. Bu son koʻz oldimda qoldi. Kechroq yana urinishni reja qildim.

Kechki payt hisobni tiklash algoritmi tayyor edi. Telefon raqamim eSIM boʻlgani uchun, uni Oʻzbekiston qurilmasiga oʻtkazishim kerak, SMSni olgach yana qaytara olaman.

eSIM qogʻozida QR kod mavjud. Shuni boshqa qurilmada oʻqitilsa, telefon raqam yangi qurilmaga oʻtadi.

Doʻstim bilan xabarlashib ishni boshladik.

Avvaliga eSIM boshqa qurilmaga oʻtmadi. Bilsam oʻzimdagi qurilmadan oʻchirmagan ekanman. Oʻchirdim va eSIM ulandi.

Telegram hisobimga kirishga harakat qildim, SMS soʻradi. SMS yangi qurilmaga keldi va u qismidan oʻtdim. 2FA yoqilgani uchun 2-maxsus kalit soʻz (parol)ni soʻradi, kiritdim. Endi email manzilimni soʻradi. Uni gam yozdim va emailga kelgan kodni kiritdim.

Oʻziga shukr, hisobim tiklandi.

Tekshirishlarim kimdur mening telegram hisobimga kirganini bermadi. Lekin 2 hafta avval urinish boʻlgan, mening email manzilimga kodlar kelgan edi. Oʻshanda telegramimga boshqalar ulanib qolmaganini tekshirgan edim.

Keyin yana boshqa maqolalar oʻqib koʻrdim va quyidagilarni ayta olaman:

1. SMS yaxshi himoya emas.

Bir vaqtlar kontent providerda ishlagan edim. Barcha SMS xabarlar menga (dasturchiga) koʻrinar edi. Demak sizning raqamingizni bilsam, sizga kelgan kodni ishlata olaman. Siz manga etishingiz shart emase.

2. 2FA ni yoqib qoʻying.

Sababi siz va faqat oʻziz biladigan kalit soʻz (parol) qoʻygan boʻlasiz. Uni qiyinroq yoki uzunroq qilsangiz, buzish imkonsiz boʻladi.

Eslatma: oʻziz ham esdan chiqarib qoʻysangiz, hafa boʻlmang.

3. Sizning email buzilsa.

Email manzilingizni yaxshi himoya qiling. Sababi sizning emailni buza olishsa, SMSsiz ham hisobingizni ochish mumkin boʻladi. Telefonni SMS bormaydigan hududda deb koʻrsatsa, telegram SMS kodini emailga yuborar ekan.

Bu haqida Habrda ham maqola bor.

4. Shaxsiy maʼlumotlaringizni oʻzingizda saqlang.

Koʻpgina shaxsiy ma’lumotlarimizni (passport, ID, kalit soʻz (parol), hisob raqam va boshqalar) telegramda saqlaymiz. Bu juda qulay. Lekin telegram hisobingiz buzilsa, barcha ma’lumotlaringiz internetga chiqishini oʻylab koʻring.

5. eSIMga oʻting.

Telefoniz yoʻqolsa yoki oʻgʻrilansa tez telefon raqamingizni tiklash uchun qulay usul. QR kodni 10 martagacha ishlatish mumkin. Shu QRni saqlab qoʻysangiz (qogʻozda) kuningizga yarashi mumkin.

Oʻzingizga va ma’lumotlaringizga ehtiyot boʻling.

Manba:

Boshqaruv
Telegramsiz 24 soat