Telegram uchun stikerlarni yasash
Telegram uchun stikerlarni yasash
DO`STLARGA ULASHING:
Telegram uchun stikerlarni endi surat yoki matnlardan o‘zingiz smartfonda yasay olasiz!
Ommabop messenjer – Telegram orqali muloqotda stikerlardan ko‘p foydalanamiz. Lekin o‘zingiz ham stiker yasashga hech qiziqib ko‘rganmisiz? Buning turli yo‘llari bor va yaqinda chiqqan maxsus ilova ham sizga ko‘makka keladi.
Google Play ilovalar katalogida Telegram-stikerlar yasashga mo‘ljallangan Sticked ilovasi paydo bo‘ldi. Uning yordamida o‘zingiz istalgan rasmdan, kerakli matnni qo‘shgan holda stikerlar to‘plamini osongina tayyorlashingiz mumkin.
Buning uchun ushbu havola orqali smartfoningizga Sticked ilovasini o‘rnatib olgach, uni ochasiz va yagona tugmchasini bosasiz. Keyin jildga (papkaga) nom berasiz va yasaldigan stiker uchun asosni tanlaysiz: kameradan olinadigan surat, smartfon galereyasidagi rasm yoki biror matn. Qurilmangiz xotirasida turgan rasmdan stiker yasashda uni tahrirlash imkoni bo‘ladi – qalinligi sozlanuvchi o‘chirg‘ich yordamida fonni olib tashlay olasiz.
Tahrirlash rejimida keraksiz qismlarini ehtiyotkorlik bilan o‘chirish uchun suratni yaqinlashtirsa bo‘ladi. Shuningdek, fonni avtomatik olib tashlash funksiyasi ham bor, ammo uning to‘g‘ri ishlashi uchun bosh plandagi ob’yekt konturlari aniq bo‘lishi lozim. Agar noto‘g‘ri o‘chirib yuborsangiz, pastki paneldagi «Bekor qilish» («Otmena») tugmachasi bilan orqaga qaytarish mumkin.
Stikerga qo‘shiladigan matn uchun esa faqat rangni tanlash mumkin, formatlash uchun boshqa vositalar hozircha yo‘q.
Ishni yakunlash uchun shu stiker mos keladigan emodzini tanlashingiz kerak. Saqlaganingizdan so‘ng ilova sizdan avtorizatsiyadan o‘tishingiz va Sticked botini ishga tushirishingizni so‘raydi (bunda biror shaxsiy ma’lumotingizni kiritishingiz kerak bo‘lmaydi). Buyog‘iga endi «Telegram’da ochish» («Otkrit v Telegram») tugmachasini bosasiz va o‘z ijodingiz namunasini messenjerga qo‘shishingiz mumkin. Hosil bo‘lgan stikerni chatda qo‘llash uchun, uni o‘z stikerlaringiz ro‘yxatidan tanlashingiz kifoya.
Sticked reklamasiz bo‘lib, Android-qurilmalar egalari undan butkul bepul foydalana oladilar. App Store’ga u hozircha chiqmagan, ammo ayfon egalari uchun Stickers for Telegram ilovasi yordamida stiker yasash yo‘riqnomasini e’lon qilganmiz.
QO‘ShIMChA: Agar Google Play sizning qurilmangizga yoki hududingizda bu ilovani o‘rnatib olishga imkon bermasa, internetga biror VPN servisi orqali kirib, qayta urinib ko‘ring. Shuningdek, quyidagi maqolada bayon etilgan yo‘riqnoma ham qo‘l keladi:
terabayt.uz
Telegram uchun stikerlarni yasash