Tarqoq skleroz
Tarqoq skleroz
DO`STLARGA ULASHING:
Аksariyat hollarda bu kasallik asab tizimi mielinli qobigʼining parchalanib, mielin kavati yemirilishi natijasida asab tizimida oʼchoqli zararlanishlar paydo boʼlishidan soʼng kelib chiqishi mumkin. Markaziy nerv tizimining ogʼir surunkali xastaliklaridan biri boʼlgan tarqoq skleroz asosan, 20-40 yoshgacha boʼlgan kishilar orasida koʼproq uchraydi. Tarqoq skleroz aslida erta nogironlikka olib keladigan nefrologik kasalliklar turiga kiradi. Bu xastalikning bugunga qadar kelib chiqish sabablari toʼliq aniqlanmagan, ammo autoimmun jarayonlar, viruslar, genetik moyillik, toksik mahsulotlarning taʼsir qilishi, maʼlum geografik sharoitlar ham tarqoq skleroz bilan bogʼliq boʼlishi mumkinligi olimlar tomonidan eʼtirof etib kelinmoqda.
Sabablari va rivojlanish omillari
Tarqoq sklerozda mielin (nerv tolalarini bevosita oʼrab turuvchi parda)ning parchalanish jarayoni tufayli markaziy asab tizimining turli qismlarida chandiqlanishlar roʼy beradi. Koʼproq bosh miyaning oq moddasida, miyachada, miya ustunida xamda orqa miyaning boʼyin sohalarida chandiqlar hosil boʼlishi natijasida nerv tolasidan impulьs oʼtmay qoladi. Oqibatda nerv hujayrasi oʼz vazifasini bajara olmaydi.
Kasallik rivojlanishiga olib keluvchi sabablar quyidagicha:
tez-tez virusli va bakteriyali kasalliklar bilan ogʼrish (qizamiq, suvchechak, gepatit va boshqalar);
nasliy moyillik (yaqin qarindoshlar oʼrtasidagi nikoh);
yashash va ish sharoitlaridagi zararli taʼsir etuvchi omillar (jismoniy zoʼriqishlar, qizib ketishlar, allergizatsiya, neyrotrop taʼsir etuvchi zaharli omillar).
Tarqoq sklerozning klinik kechishi kasallikning turiga bogʼliq boʼlib, eng koʼp va erta uchraydigan alomatlari koʼrish qobiliyatining pasayishi (ayniqsa, jismoniy zoʼriqishdan soʼng) va koʼruv maydonining torayishi hisoblanadi. Shuningdek, yuzning bir qismida sezuvchanlik susayadi. Boshda birdan tok urgandek qattiq ogʼriq yoki gemiparez, peshob kelishida oʼzgarishlar, yuz mushaklarida parez holati va nevralgiya, psixikaning oʼzgarishi, oyoq-qoʼllarda sezuvchanlik yoʼqolishi holatlari uchraydi.Kasallikning asosiy belgilari
Bemorda dastlab harakat buzilishlari roʼy beradi. Masalan, bemorning yurishi qiyinlashadi, yurganda mastga oʼxshab koʼrinadi, qoʼl-oyoqlarida quvvat qolmaydi, harakatlanganda titroq turadi, harakat toʼxtaganda esa titroq bosiladi. Keyinchalik kasallik zoʼrayib, titroq boshga oʼtadi, bemor hayajonlanganda titrash koʼpayadi, hatto uning qadam tashlashi oʼzgaradi, yerga qattiq-qattiq bosib (xuddi oyoqlari tanasini pastdan itarayotganga oʼxshab) yuradi. Baʼzi hollarda chayqalib, oyoqlarini yon tomonga tashlab qadam bosadi. Nutqida chalkashliklar roʼy beradi.Bemorning gap-soʼzlari sekinlashadi, iboralarni boʼlib-boʼlib talafuz qiladi. Аyrim hollarda toʼsatdan yigʼlab yoki kulib yuborishi mumkin. Koʼpincha depressiya, dementsiya holatlari xam kuzatiladi. Аyrim bemorlarda sezgi buzilishlari kuzatilishi, dastlab vibratsion sezgi, baʼzi hollarda esa mushak-boʼgʼim sezgisi yoʼqolishlari bilan kechib, yuzaki (ogʼriqni, issiq-sovuqni) sezish oʼzgarmaydi. Chanoq aʼzolarida peshob tutilishi kuzatiladi.
Koʼz tubi tekshirilganda, koʼrish nervi chakka qismining oqargani yoki atrofiyasi (kichrayishi) aniqlanadi. Orqa miya suyuqligi olib tekshirilganda, unda aytarli oʼzgarishlar qayd qilinmaydi. Suyuqlik tiniq, bosimi oshmagan, hujayralar soni va oqsil miqdori sal koʼpaygan boʼladi.
Tarqoq sklerozning kechishi juda oʼzgaruvchan. Kasallik zoʼrayishi, maʼlum vaqtdan keyin nevrologik belgilar yoʼqolib, bemor butunlay sogʼayib ketsa-da, lekin tez orada yana kasallik qaytalashi mumkin. Umuman olganda, dard koʼp yillar davom etishi ehtimoldan holi emas.
Dard belgilarining 30 yoshdan oldin paydo boʼlishi, birinchi uch-besh yilda surunkali ravishda zoʼrayib borishi uning ogʼir turidan darak beradi. Kasallikning kuchayishiga turli infektsiyalar, emlashlar, jarohatlanishlar, shikastlanishlar, jarrohlik muolajalari, asabiylashish va kamharkatlilik sabab boʼlishi mumkin.
Davolash
Bemorlar uchun maxsus tuzilgan jismoniy tarbiya mashgʼulotlari foydali. Masalan, 15-30 daqiqa davomida suvda suzgandan keyin bemorning yurishidagi oʼzgarishlar ancha kamayadi. Davo muolajalari shifokor tomonidan belgilanadi. Birorta dorini ichishdan avval shifokor bilan maslahatlashish, dorini qoʼllash haqidagi koʼrsatma bilan yaxshilab tanishish shart.Kasallikni yengishda oʼzingizga oʼzingiz yordam bering. Shifokor tavsiya qilgan dori vositalarni oʼz vaqtida qabul qiling. Sayr qiling, sevimli mashgʼulotlaringiz bilan shugʼullaning. Ruhiy tushkunlikdan saqlaning.
Dush qabul qilayotganingizda suv iliq boʼlsin, yoz kunlarida sovuq dush qabul qiling. Ovqatlanishga jiddiy eʼtibor qarating. Sariyogʼ va shirinliklardan tiyiling. Hayvon yungi, qushlar pati, jun matolardagi allergenlar tarqoq sklerozni zoʼraytirib yuborishi mumkin. Xonangizda gullaydigan oʼsimlik boʼlmasin. Uyingiz doimo toza turishi, chang oʼz vaqtida artilishi shart. Bahor va kuz oylarida dori qutichangizda interferon boʼlgani maʼqul. Virusli infektsiya (OʼRVI) ga shubha boʼlishi bilan bir necha tomchisini burunga tomizib olsangiz, kasallikning oldini olish mumkin. Koʼrish qobiliyatingiz pasaygan boʼlsa, kompьyuter va televizor oldida koʼp oʼtirmang.
Tarqoq sklerozda mushaklar spazmi (tortilishi) kuzatiladi. Bunday holatda shifokor buyurgan davo choralarini qoʼllang. Shuningdek, bosh miya faoliyatini ragʼbatlantiradigan mashgʼulotlar (masalan, shaxmat) va mantiqiy oʼyinlar foydalidir. Tarqoq sklerozni butkul davolash qiyin, ammo oʼz vaqtida muolajalar oʼtkazib, bemorning bevosita intilishlari bilan kasallik belgilarini kamaytirish yoki kasallik belgilarn kuchayishining oldini olish mumkin.
Zohidjon ISMOILOV,
Respublika bolalar tayanch-harakat tizimi
kasalliklari reabilitatsiyasi markazining
oliy toifali nevropatolog shifokori.
Tarqoq skleroz