Tarmoqli marketing ichidagi 10ta yolg’on
Tarmoqli marketing ichidagi 10ta yolg’on
DO`STLARGA ULASHING:
Tarmoqli marketing dunyosi boshdan-oyoq kichik va ulkan yolg’on bilan yo’g’rilgandir.
Birinchi yolg’on: TM – bu katta pul topishning eng yaxshi imkoniyatini taklif etuvchi biznesdir.
Haqiqat: TM tizimiga a’zo bo’lib kirgan deyarli har bir kishi albatta pul sarflaydi (yo’qotadi desak ham bo’laveradi). Va bu taxmin emas, tarixiy haqiqat. Eng yirik Amway firmasiga a’zo bo’lgan barcha sotuvchilarning faqat 0,5-1 foizigina keyingi pog’onaga – «bevosita» sotuvchilik darajasiga ko’tarildi. Amway kompaniyasidagi barcha sotuvchilarning o’rtacha daromadi oyiga 40 dollarni tashkil qiladi. Ularning barcha sarf-xarajatlari va endi to’laydigan soliqlari ham shu 40 dollarning ichida!
TM modeli asosiga qurilgan firmalarning marketing tizimida bir necha kishigina katta pul to’play olishi mumkin. O’zingiz o’ylab ko’ring, TM tuzilmadagi birgina menejerning mo’may daromad olishi uchun bir necha ming kishi kerak bo’lsa, demak, o’sha ming kishining har biriga ham yana mingta odam kerak bo’ladi (million kishi kerak bo’lar ekan)! U ham bo’lsa o’sha birinchi menejer topgan miqdordagi pulni topish uchun million kishi kerak bo’ladi. Unda bitta ulkan «kompaniya»ga necha kishini og’dirib olish kerak? Xullas, «firmaning yuqori sur’atlarda rivojlanishi» deyilayotgan narsa yangidan-yangi a’zolardan shilib olinayotgan pullardir. Puli va vaqtini bekorga sovurganlarning ko’pchiligi shu yilning o’zidayoq TMdan chiqib ketadi.Amerika Qo’shma Shtatlarining Securities and Exchange Commission (SEC) komissiyasi hisobotlariga ko’ra, konsul`tantlarning (ular o’zlarini shunday deb atashni yoqtirishadi) 60-70 foiz qismi bir yilga bormay firmadan ketadi. Hisobotlarda aytilishicha, NuSkin firmasi o’z xodimlariga to’lagan jami pullarning taxminan uchdan ikki qismi piramidaning cho’qqisiga o’rnashib olgan 200 kishiga mukofot tariqasida berilgan bo’lib, o’shanda piramidaga jami 63 ming kishi (o’h-ho’!) jalb qilingan ekan! Biroq, TM firmaar o’z bizneslarini «cheksiz rivojlanish imkoniyati» deb reklama qilishmoqda! Surbetlar!
Ikkinchi yolg’on: Tarmoqli marketing – bozorda tovarlarni taklif qilishning eng ommabop va amaliy usulidir. Xaridorlar tovarlarni aynan TM firmalaridan xarid qilishni sevadilar.
Haqiqat: Tarmoqli marketingni sinchiklab tekshirib ko’rsangiz, uning zamirida samarasiz distributsiya tizimi yotganligini ko’rasiz. Shaxsiy chakana savdo – eskirgan, kelajakning emas, o’tmishning tijorat modelidir. Tovarni tanishlarga, yaqinlarga sotish – ularni o’z xarid ko’nikmalaridan voz kechishga majbur qilish, tovaringizni sizdan andisha qilib (yuzingizdan o’tolmay), mahsulotni qimmat narxga sotib olishga ko’ndirishdir, mijozlarni tovarlarni tanlash, savdolashish imkoniyatidan mahrum qilish, biznesning ahmoqona modellariga og’dirib olishdir.
Bunday tarmoqli marketingning noqulayliklari natijasida odatda tovarning o’zi sotilmaydi, balki shu xarid tufayli yangi sotuvchilar yollab borilaveradi.Uchinchi yolg’on: Borib-borib, har qanday tovar yoki xizmatlar faqat TM orqali sotiladigan bo’ladi. Butun savdo faoliyati TM tizimiga o’tib ketadi.
Haqiqat: Bu juda katta yangilik emas. Bugungidek TM firmalar 1960-yillarning oxirida paydo bo’lishdi. Hatto TMning vatani – AQShda ham jami TM firmalarning savdo aylanmasi butun mamlakat chakana savdo aylanmasining bir foizini ham tashkil eta olmadi!
To’rtinchi yolg’on: TM – shodlik va baxtga to’la yangicha turmush tarzidir! Hayotda hamma narsaga erishining yagona yo’lidir!
Haqiqat: TMning motivatsion shiorlari boylik, hashamatlarga to’la hayotni va’da qiladi. Biroq, odamlarning ko’pchiligi o’z qobiliyatlari, iste’dod va iqtidorlarini ro’yobga chiqaradigan ongli ravishdagi faoliyatni izlaydi. Hamma ham o’zining qarindosh-urug’lari, tanishlarinikiga uyma-uy yurib, hech narsaga arzimaydigan, shubhali mahsulotlarni sotib yurish istagi bilan yonib turgani yo’q.
Beshinchi yolg’on: TM — ruhiy muvozanatga erishishning yagona va eng yaxshi yo’li.
Oltinchi yolg’on: TMda muvaffaqiyat qozoni juda oson! Do’stlaringiz va yaqinlaringiz – Sizning tabiiy mijozlaringiz. Siz sevgan kishilar butun umrga sizning mijozlaringiz bo’lib qoladilar!
Haqiqat: Do’stlar va qarindoshlarni shaxsiy tijorat vositasiga aylantirish ular bilan sizning o’rtangizdagi munosabatlarga futur yetkazib qo’yishi mumkin. «Marketing bosimi» o’tkazaman deb do’stlaringizdan ayrilib qolishingiz, mahsulotimni o’tkazaman deb ularning joniga tegib qolishingiz hech gap emas. Shu gaplarga ishonib o’tiribsizmi? Aynan Sizdan aynan Sizning mahsulotingiz sotib olmoqchi bo’lib yurganlar juda ko’p deb o’ylaysizmi?
Yettinchi yolg’on: Mahsulotlarni faqat bo’sh vaqtingizda sotishingiz mumkin («erkin ish grafigi» va hokazo). TM firmasida o’zingiz istagan paytda va miqdorda ishlaysiz, xolos (rahbarlar bo’lmaydi, o’zingiz o’zingizga xo’jayin bo’lasiz). Haftada atigi bir necha soat ishlab, katta miqdorda qo’shimcha pul topasiz, shaxsiy daromadingiz shu darajada ortib ketishi mumkinki, boshqa ishlaringiz ortiqcha bo’lib qoladi…
Haqiqat: Millionlab kishilarning o’nlab yillar davomidagi shaxsiy tajribasidan ma’lumki, TMda ishlab, pul topish g’oyatda ko’p vaqtni, shaxsiy faol ishtirokni, sabr-toqatni, gapga ustalikni, ishontira olish qobiliyatini talab qiladi. Marketingning bunday modeli Sizdan maxsus shaxsiy sifatlarni, nihoyatda qizg’in ish jarayonini shu qadar talab qiladiki, shaxsiy hayotingizga bo’sh vaqtingiz qolmaydi. TM uchun har qanday odam – bu mahsulot o’lgurni sotib olib, keying boshqalarniyam shunga da’vat qilib yuradigan potentsial xaridordir. Hayotingizning har bir lahzasi kimgadir biznesni reklama qilish, mahsulotni taqdimot qilish, xullas, tovarni o’tkazish, odam yollash uchun imkoniyatga aylanib qoladi. Endi tovarni sotishda Siz na joy, na odam, na vaqt va na sharoit tanlaysiz – uzzukun fikri-zikringiz ko’proq tovar sotib, ko’proq odam yollashda bo’lib qoladi (piramidaning keyingi pog’onasiga ko’tarilish kerak-da axir!)
Demak, na bo’sh vaqtingiz, na oshna-og’aynilaringiz, na yaqinlaringiz qoladi – hammasi mijozga aylanadi. «Tarmoq»qa emas, qarmoqqa tushib qolgansiz, og’ayni, qarmoqqa!!!
TM tizimi hokisorlik bilan, xodimlarimiz o’z daromadlarini o’zlari topadilar, deb soxta sipolik qilmay qo’ya qolsin, aslida u o’z domiga tushgan insonning butun hayotini nazorat ostiga olib, hatto unga xo’jayinlik qila boshlaydi, yana bu insonning tizimga so’zsiz muvofiq bo’lib yurishini ham talab qiladi. Bu tizim ba’zilarni shu qadar o’z domiga kiritib oladiki, hatto ular o’z atrofidagilar bilan oddiy muomala qila olmaydigan bo’lib qolishadi.Sakkizinchi yolg’on: TM – o’z xodimlarini qo’llab-quvvatlab turuvchi, yangi, ijobiy biznesdir. TM insonning ruhi va shaxsiy erkinligini mustahkamlaydi.
Haqiqat: Ko’ppog’onali marketing yangi kelganlarni qo’rqitadi: mo’may daromadlar va’da qilib aldaydi va tovar yoki xizmatlar savdosining boshqa turlari yo’qolib boryapti, hammayoqda ishsizlik, inqiroz deb vahima qiladi. Insonga fazilat hisoblangan kasblar, hunarlar, mehnatning turli shakllari «oylikka qarab o’tirish» va hatto «qullik» deb masxara qilinadi. (TM-seminarlarga kelgan ayollarga «Erga qaradim – yerga qaradim» kabi «maqol»lar eslatib turilsa, ajab emas). Ko’ppog’onali marketing tizimining o’zi esa butun insoniyatning so’nggi umidi, najot darvozasi deb osmonlarga ko’tariladi.
Biznesning jiddiy modellari salbiy prognozlar va sodda odamlarni qo’rqitish, aldashga asoslanmaydi.To’qqizinchi yolg’on: TM — shaxsiy biznesingizni rivojlantirish va mustaqil bo’lishning eng yaxshi usulidir!
Haqiqat: TM Sizga mustaqillik, erkinlik bermaydi. TMga «erkin» sotuvchi sifatida a’zo bo’lib turish – haqiqiy sarobdir. Ba’zi TM-firmalar o’z sotuvchilariga boshqa firmalar bilan hamkorlik qilishni ochiqdan-ochiq taqiqlab qo’yadilar. Sotuvchilar bilan tuziladigan shartnomalarning ko’pchiligida darhol ishdan bo’shatish kabi moddalar bo’ladi, sponsorlar esa turli sabablarga ko’ra o’zlari tuzgan tuzilmalardan bir zumda mahrum bo’lib qolishlari mumkin. Sotuvchilar (boya aytganimizdek, «konsul`tantlar») murakkab ierarxiyalar tizimining bir shoxobchasi bo’lib, ular bu ierarxiyalar ustidan hech qanday huquqqa ega bo’lmaydilar.
O’ninchi yolg’on: Tarmoqli marketing moliyaviy piramida emas, chunki u mahsulot sotish bilan shug’ullanadi.
Haqiqat: Firma qandaydir bir mahsulotni sotayotgan bo’lsa, demak dunyoning ko’pchilik mamlakatlarida qabul qilingan «piramidalarga qarshi» qonunlar unga taalluqli emas, deb bo’lmaydi. Masalan, AQSH federal hukumati anchagina zarur bo’lgan, talab katta bo’lgan tovarlarni sotayotgan ba’zi «piramida» firmalarni yopib qo’ygan. Bu firmalar moliyaviy piramidalarga oid qonunlarni buzganlikda ayblanib yopilgan va jinoiy ish qo’zg’atilgan. TM firmalarning juda katta qismi amaldagi qonunchilikni buzadi, biroq hukumat tomonidan ta’qib qilinmaydi, chunki ular yarim yashirin sektorda faoliyat ko’rsatadilar.
Shaxsiy xulosalarim
TM firmalarning ko’pchiligi potentsial xodimlarning e’tiboriga loyiq emas. Sistemada sotuvchilarga bosim o’tkazilishi natijasida ular o’z mijozlariga yo mutlaqo keraksiz, yoki nihoyatda qimmat tovarni «bir amallab» tiqishtirishga majbur bo’ladilar. So’nggi paytlarda ko’pchilik TM firmalar yoppasiga Internetga o’tib ketishdi. Biroq, ular o’sha yerda ham soddadil fuqarolardan pul shilib olish tizimi bo’lib qolaveradilar. Men qaerdadir adolatli va halol ishlaydigan tarmoq marketingi kompaniyasi bordir, deb umid qilaman, lekin hali bunaqasini uchratmadim… Ko’rganlarimning hammasi quruq ko’zbo’yamachilik bo’ldi, xolos. Uchratib qolsam, faqat xursand bo’laman.
Robert Fitzpatrick (Robert Fittspatrik)
Manba: info.islom.uz
Tarmoqli marketing ichidagi 10ta yolg’on