TARIX FALSAFASI
TARIX FALSAFASI — tarixni falsafiy sharxlash va baholash. «Tarix falsafasi» atamasi antik davr falsafasi va tarixnavisligida namoyon boʻlsada, uni fanga M. F. Volter kiritgan deb hisoblanadi. Tarix falsafasining quyidagi yoʻnalishlari bor: teologik (ilohiyot) T. f. — xudoning irodasini tarixni harakatga keltiruvchi kuch deb qisoblaydi; metafizik Tarix falsafasi — hech qanday chegaralar va doiralar bilan cheklanmaydigan, turli shakl va koʻrinishga kiradigan tushunchalar tizimini Tarix falsafasi deb biladi; idealistik Tarix falsafasi — unda gʻoyalar, insonning axloqiy tushunchalari, maʼnaviyruhiy kechinmalari asosida tarixga munosabat bildiriladi; naturalistik Tarix falsafasi uchun inson hissiyoti va tuygʻusi orqali olamni anglash, oʻtmishga nazar solish va uni baholash asosiy mezondir; materialistik Tarix falsafasi — unda iqtisodiy omillarga katta eʼtibor beriladi; tarixni yoʻnaltiruvchi kuch sifatida moddiy ehtiyoj va iktisodiy zaruriyat asos qilib olinadi. Tarixda shaxsning roliga qanday baho berilishiga qarab, alohida shaxsni ustun qoʻyib yoki jamoani birinchi qoʻyib fikr yuritadigan Tarix falsafasi ham mavjud. Tarix falsafasida, shuningdek, tarix fani tushunchasi, qonuniyatlari, tarixiy jarayon va inson, inson mohiyati, feʼlatvori, xattiharakati, manfaati talqin etiladi.
Ensiklopediya.uz
TARIX FALSAFASI