Tamaki tutunidagi «zahar» haqida malumot

Tamaki tutunidagi «zahar» haqida malumot

Mutaxassis olimlar aniqlashlaricha, tamaki tutuni tarkibida 400 ga yaqin zararli moddalar bo‘lib, ulardan 20 ga yaqini (ayniqsa nikotin moddasi) o‘ta zaharli hisoblanadi va kashanda sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ba’zilar filtrli sigaretalar nikotinni o‘tkazmaydi, deb hisoblashadi. Bu borada uzoq yillar izlanish olib borgan olimlar xulosasiga ko‘ra, filtrlar taxminan 40 foiz nikotinni “yutadi”, biroq ular organizmga is gazi tushishini 28 foizga oshiradi.

Sigareta tutunini birinchi bor ichga tortgan o‘smir tanasida nikotin tezda qonga so‘rilib, butun organizmga tarqaladi. Bir necha daqiqadan keyin bosh miyaga yetib boradi, markaziy asab tizimi faoliyatini keskin izdan chiqarib, nerv hujayralariga o‘tadi. Bunday holatda so‘lak oqadi, ko‘ngil ayniydi, tomir urishi tezlashadi, quloqlar shang‘illaydi, odam bo‘shashadi, boshi aylanadi, qo‘llari qaltiraydi, hiqildoq, qizilo‘ngach, me’da spazmga uchraydi.

Muntazam tamaki chekish erkaklarni jinsiy zaiflikka olib keladi. Jinsiy bezlardagi o‘zgarishlar rivojlanishi natijasida jinsiy qobiliyat susayishi mumkin. Shuning uchun ham kashandalarning 11 foizi mijoz sustligidan shikoyat qiladi. Chekish paytida hosil bo‘ladigan nikotin va boshqa kimyoviy moddalar ta’sirida spermatozoidlar ishlab chiqishi yomonlashadi, bu befarzandlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Kashanda ayollarda tamaki tutuni ta’sirida ko‘pincha hayz tartibi buzilishi kuzatiladi, aksariyat hollarda tanadagi a’zolarda o‘smalar paydo bo‘ladi. Kashandalik ayol husn-latofatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Chekadigan ayollarda homiladorlik davri og‘ir o‘tadi, tug‘ruqdan so‘ng asoratlar uchraydi. Homiladorlik davrida chekish homilaning shakllanishi va rivojlanishiga zararli ta’sir qiladi. Bristol universiteti (Angliya) mutaxassislarining aniqlashicha, homiladorlik davrida chekkan ayollarda ko‘pincha bola muddatiga yetmay tug‘iladi, homilaning nobud bo‘lish ehtimoli 30 foizga ko‘payadi. Homiladorlikning ilk haftalarida qorindagi bolaning nikotin bilan zararlanishi juda xavfli, chunki unda har xil tug‘ma nuqsonlar (lablar va tanglay tirtiqligi, qo‘l-oyoqlarda nuqsonlar ) paydo bo‘lishiga imkon yaratiladi.

Bundan tashqari, chekadigan ayollarning farzandlari aterosklerozga moyil bo‘lishadi. Ulardan tug‘ilgan chaqaloqlarning 40 foizga yaqinida tomir tortishishi uchraydi. Ota-onasi chekadigan bolalar o‘rtasida esa tutqanoq kabi og‘ir kasalliklar kuzatiladi. Demak, sog‘-salomat hayot kechirish uchun chekishdan butkul voz kechish lozim. Chekishni tashlamoqchi bo‘lganlarga psixologlar shunday maslahatlar berishadi:

Jismoniy mashqlar miqdorini oshirib boring. Kuniga 3 km gacha piyoda sayr qiling, badantarbiya va suzish bilan shug‘ullaning, organizmni chiniqtiring.

Chekish xumori tutganda irodali bo‘ling. O‘zingizga bergan va’dani buzmaslik uchun chidamli va kuchli bo‘lishingizga to‘g‘ri keladi. Vaholanki, keyinchalik bu fazilatingizdan o‘zingiz g‘ururlanib yurasiz.

Chekishga bo‘lgan kuchli ishtiyoq aslida 3-5 daqiqa davom etadi. Bu vaqtda o‘zingizni biror yumush bilan chalg‘iting, masalan, kitob o‘qishingiz, do‘stlarga qo‘ng‘iroq qilishingiz yoki bir stakan sharbatni asta-sekin ho‘plab ichishingiz mumkin.

Chekishni tashlashga kirishgan kuningizdan boshlab, 3-4 hafta qahva va spirtli ichimliklar ichmaganingiz ma’qul. Tamaki chekishdan voz kechish salomatligingizni yaxshilashga xizmat qilishini unutmang.

© Nigora TURSUNOVA,
umumamaliyot shifokori.
«Sihat-salomatlik» jurnali.

Kasalliklar
Tamaki tutunidagi «zahar»