Taloq kasallansa… haqida malumot

Taloq kasallansa… haqida malumot

Qon yaratuvchi a’zo hisoblangan taloq uzunchoq oval shaklida bo‘lib, u qorin bo‘shlig‘ida – chap biqinning 9 va 11-qovurg‘alari sohasida joylashgan. Taloq qonning biologik filtridir. U qondagi yot elementlar (ya’ni bakteriyalar)ni hamda zararlangan eritrotsitlarni yo‘qotadi.

splenomegaliya

Ba’zi qon kasalliklari (masalan trombotsitopenik purpura, ayrim nasliy gemolitik kamqonlik)da taloq faoliyati izdan chiqadi. Bunday vaqtda taloq jarrohlik usulida olib tashlanadi. Taloqda va unda uchraydigan ayrim kasalliklar haqida har birimiz yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lganimiz ma’qul. Masalan bola taloqsiz tug‘ilishi, ba’zilarda esa ikkita va undan ortiq taloq bo‘lishi mumkin.

Taloqsiz dunyoga kelgan yoki ayrim sabablarga ko‘ra talog‘i olib tashlangan odamlar (ayniqsa, kichkina bolalar) organizmi ko‘plab bakterial infeksiyalarga sezgir bo‘lishadi. Tanadagi boshqa a’zolar kabi taloq ham ko‘pincha kasallikka chalinadi.

Taloq infarkti

Ko‘p kuzatiladigan taloq infarkti emboliya yoki taloq tomirlari trombozi oqibatida kelib chiqadi. Taloq infarkti gemorragik yoki ishemik, bir o‘choqli yoki ko‘p o‘choqli bo‘lishi mumkin. Odatda taloqdagi infarkt o‘choqlari mayda bo‘ladi. Taloq infarkti ko‘pincha bakterial va septik endokarditda, qon-tomir kasalliklarida, mitral stenozda, jarohat va yuqumli kasalliklardan so‘ng kuzatiladi.

Kichik infarktlarda taloqning zararlangan qismi asta-sekin so‘rilib ketib, chandiqlanadi. Lekin infarkt sohasi yumshab, u yerda soxta kista paydo bo‘lishi ham mumkin. Kichik infarktlar odatda hech bir belgisiz o‘tadi. Taloqda katta infarkt bo‘lganda chap qovurg‘a osti sohasida kutilmaganda og‘riq paydo bo‘ladi, tana harorati 39 gradusgacha ko‘tariladi, ko‘ngil ayniydi, ichak parezi kuzatiladi. Infarkt yiringlaganda abssessga xos belgilar yuzaga chiqadi.

Taloq infarkti konservativ (dori-darmon) yo‘l bilan davolanadi. Bemor o‘rinda yotishi kerak. Unga antibiotiklar, yallig‘lanishga qarshi va og‘riq qoldiruvchi dorilar buyuriladi. Infarkt yiringlab, abssess yuzaga kelganida splenektomiya bajariladi, ya’ni taloq jarrohlik yo‘li bilan olib tashlanadi.

Buralsa yoki joyidan siljisa…

Adashgan (o‘z joyidan siljigan) talog‘i bor odamlarda taloq buralishi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavfli asoratlardan biri hisoblanadi. Taloq buralishi kam kuzatiladi. Ko‘proq ayollarda uchraydi, lekin ba’zan erkaklar va hatto bolalarda ham qayd qilingan. Taloq buralishi tez rivojlanganda kuchli og‘riqlar turadi, bemor qusadi, ba’zida hushini yo‘qotishi mumkin. Sekin rivojlangan taloq buralishida kasallik belgilari unchalik o‘tkir bo‘lmaydi. Bunda turli darajadagi og‘riqlar, meteorizm kuzatiladi. Taloq buralganda jarrohlik yo‘li orqali taloq olib tashlanadi.

Taloq abssessi

Taloq abssessi 0,5-1 foiz holatlarda kuzatiladi. Taloqdagi abssess turli o‘lchamlarda, bir o‘choqli yoki ko‘p o‘choqli bo‘lishi mumkin. Abssess butun taloqni yoki uning bir qismini zararlaydi. Kichik o‘lchamli ko‘p o‘choqli abssesslar kattalashib bir-biriga qo‘shilib ketishi va yiringli yaraga aylanishi mumkin.

Ko‘p hollarda vena va arteriyalar orqali taloqqa infeksiya kirib kelishi natijasida taloq abssessi yuzaga keladi. Infeksiya organizmdagi septik, yallig‘lanish va yiring o‘choqlari orqali tushishi mumkin. Masalan, tug‘ruqdan keyingi sepsis, yarali endokardit, osteomiyelit, yuqumli kasalliklar, exinokokkoz infeksiya tushishiga imkon yaratadi.

Taloq abssessida bemorning tana harorati ko‘tariladi, titroq bosadi, chap qovurg‘a ostida o‘tmas og‘riqlar seziladi. Bemor harakat qilganida og‘riqlar kuchayadi. Shu sababli, bemor qimirlamaslikka harakat qiladi. Taloq asbsessi jarrohlik yo‘li bilan davolanadi.

Kista va o‘smalar

Taloqdagi kistalar chin va soxta, bitta va bir nechta, parazitar va noparazitar bo‘lishi mumkin. Parazitar kistalar rivojlanish jarayonida hech bir belgilarsiz kechadi. Noparazitar kistalar ham hech bir belgi bermaganligi sababli, odam talog‘ida kista borligini hech qachon bilmasligi mumkin. Kista o‘lchamlari kattalashganda taloq ham yiriklashadi. Bunda taloq sohasida og‘riq yuzaga keladi.

Taloqdagi o‘smalarning ikki turi (karsinoma va xavfsiz o‘sma) tafovut qilinadi. Kasallik belgilari taloqdagi o‘sma o‘sa boshlagandan so‘nggina yuzaga keladi. Bunda qorin, chap qovurg‘a osti sohasi, yelkaning chap tomonida og‘riqlar paydo bo‘ladi. Sarkoma (taloq o‘smasi) kattalashib ketsa, kuchli zaharlanish belgilari (qusish, doimiy ko‘ngil aynishi, yuqori tana harorati) yuzaga keladi.

© Aziza MAHMUDOVA,
gematolog, tibbiyot fanlari doktori.
«Sihat-salomatlik» jurnali.

Kasalliklar
Taloq kasallansa…