TAFSIR

TAFSIR

TAFSIR (arab. — sharh, tushuntirish, ochib berish, izoh) — islom anʼanasida asosan Qurʼoni karim oyatlarini sharhlash, tushuntirib berish. Qurʼon oyatlarini Tafsir qilish Muhammad (sav) davrida vujudga kelib, bu ilm Muhammad (sav)dan sahobalarga, sahobalardan tobeʼinlarga meros qoldi. Sahobalar va tobeʼinlar asrida Tafsir ogʻzaki rivoyat va nakl shaklida boʻlib, taʼlif qilib yozilmagan. Abu Bakr Siddiq, Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affon, Ali ibn Abu Tolib, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Masʼud va b. mashhur Tafsir chi boʻlganlar. Tafsirdan birinchi kitob yozgan shaxs Abdumalik ibn Jurayjdir (8-a.). Muhammad ibn Jarir Tabariy, Yahyo ibn Salom, Abu Bakr Nisoburiy va b. mufassirlar Tafsir yozishda shuhrat topdilar. Tafsir qilishning rivojlanishi jarayonida Tafsirning turli uslublari (saxih hadislar va sahobalarning qavllari bilan Tafsir qilish; oʻz fikri va ijtihodi bilan Tafsir qilish; oyatning zoxiriy maʼnosiga qaramay, uning maxfiy ishoralari taqozosi bilan Tafsir qilish) paydo boʻldi. Keyinchalik Tafsirning yoʻnalishlari koʻpayib ketdi. Hozir dunyoda Qurʼoni karimga 1700 dan ortiq Tafsir yozilganligi maʼlum.

Ensiklopediya.uz
TAFSIR