TABIAT

TABIAT

TABIAT — odamning paydo boʻlgunicha ham, odam ishtiroki bilan ham mavjud borliq. Umuman — bu dunyo, odam, koinot; mikromakromegadunyolar; jonsiz va jonli borliq. Tor maʼnoda — tabiat fanlari oʻrganadigan obyekt. T. odamga, jamiyatga bogʻliq boʻlmagan qonuniyatga boʻysunadi. Odam Tabiatning bir qismi. Odam Tabiat qonunlarini oʻzgartira olmaydi, faqat qrnunlardan foydalanib, Tabiat elementlarini, qismlarini oʻzlashtirishi mumkin. Tabiat tushunchasi insoniyat jamiyati yashashi tabiiy sharoitlarining majmui sifatida ham qaraladi. Inson yashashi uchun mehnat qiladi, mehnat (mas., dehqonchilik, qurilish, sanoat), miya faoliyati va b. esa Tabiatning baʼzi jihatlarini oʻzgartiradi. Odam tomonidan, yaʼni ijtimoiy mehnat jarayonida yaratiladigan moddiy boyliklar shartli ravishda «ikkinchi Tabiat» deyiladi. Mas., vodoroddan urangacha boʻlgan 92 ta kimyoviy element tabiiydir, undan keyingi kashf etilganlari sunʼiydir. Barcha sunʼiy sintetik kimyoviy birikmalar, odam yaratayotgan atom va yadro energiyalari «ikkinchi Tabiat»ga kiradi.

Ensiklopediya.uz
Tabiat