TABIAT haqida to’liq ma’lumot oling
TABIAT — odamning paydo boʻlgunicha ham, odam ishtiroki bilan ham mavjud borliq. Umuman — bu dunyo, odam, koinot; mikromakromegadunyolar; jonsiz va jonli borliq. Tor maʼnoda — tabiat fanlari oʻrganadigan obyekt. T. odamga, jamiyatga bogʻliq boʻlmagan qonuniyatga boʻysunadi. Odam Tabiatning bir qismi. Odam Tabiat qonunlarini oʻzgartira olmaydi, faqat qrnunlardan foydalanib, Tabiat elementlarini, qismlarini oʻzlashtirishi mumkin. Tabiat tushunchasi insoniyat jamiyati yashashi tabiiy sharoitlarining majmui sifatida ham qaraladi. Inson yashashi uchun mehnat qiladi, mehnat (mas., dehqonchilik, qurilish, sanoat), miya faoliyati va b. esa Tabiatning baʼzi jihatlarini oʻzgartiradi. Odam tomonidan, yaʼni ijtimoiy mehnat jarayonida yaratiladigan moddiy boyliklar shartli ravishda «ikkinchi Tabiat» deyiladi. Mas., vodoroddan urangacha boʻlgan 92 ta kimyoviy element tabiiydir, undan keyingi kashf etilganlari sunʼiydir. Barcha sunʼiy sintetik kimyoviy birikmalar, odam yaratayotgan atom va yadro energiyalari «ikkinchi Tabiat»ga kiradi.
Odamning Tabiatga munosabati tarixda oʻzgarib va rivojlanib bordi. Antik falsafada Tabiatga stixiyali kuchlar (Demokrit), ideal dunyoning inʼikosi (Platon), uygʻun jarayon (Pifagor), mukammallik (Aristotel) deb qaralgan. Diniy taʼlimotlarda Tabiat ruxiy ibtidoning moddiy gavdalanishi deb xisoblangan va xudo T. dan yuqori turadi deb tushunilgan. Uygʻonish davrida Tabiatga hamma tabiiy uygʻunlik va mukammallikning yuzaga chiqishi sifatida karaldi. Yangi davrda Tabiatga boʻlgan munosabat T. ning ilmiy oʻrganish obyektiga aylanishida katta rol oʻynadi.
Tabiat obyekti fazo va vaqtda mavjud modda, materiyadir. Ular cheksiz maʼlum narsalarning (elementar zarralar, antizarralar, qum, tosh, tuproq, suv, havo, jonsiz va jonli mavjudot, planetalar, yulduzlar, galaktikalar va b. samoviy jismlar, fizik maydonlar) majmuidan iboratdir. Bir vaqtlar (fanning soʻnggi maʼlumotlari boʻyicha bundan 20 mlrd. yil avval) bu jismlar boshqa koʻrinishda boʻlgan. Boʻlajak mlrd. yillarda u yana oʻzgarib boradi. Tabiat odamning, jamiyatning vatani. Odamning hayoti Tabiatning, biosferaning uygʻun sharoitiga bogʻliq. Bu sharoit salbiy tomonga oʻzgartirilsa, odamning normal yashashiga putur yetkaziladi, ekologik muammolar paydo boʻladi. Ilmiy-texnika yutuqlaridan notoʻgʻri foydalanish — biosferaning buzilishiga olib keladi. Binobarin Tabiatni puxta bilib, undan samarali foydalanish, unga toʻgʻri va oqilona munosabatda boʻlish lozim (q. Tabiatni muhofaza qilish). Insonning Tabiatga bunday munosabatda boʻlishida fan asosiy omil boʻlib kelmoqda. Yer va koinotda insonning faoliyati faollashmoqda. Koinotning uzoquzoq joylari (mas., metagalaktikalari)da ,t yuz berayotgan hodisalarni kengroq va chuqurroq bilish Tabiat haqidagi tasavvurlarni kengaytiradi. Omonulpa Fayzullayev.
Malumotlar
Tabiat