SUYURGʻOL

SUYURGʻOL

SUYURGʻOL (moʻgʻulcha — inʼom, sovgʻa) — biror hukmdor (xon, sulton, shoh) tomonidan saltanat oldida alohida xizmat koʻrsatgan arkoni davlat yoki sarkardalarga berilgan molmulk, yersuv. Moʻgʻullar istilosidan soʻng Movarounnahr, Dashti Qipchoq, Yaqin Sharq mamlakatlarida rasm boʻlgan. Suyurgʻolga beriladigan yer nasldan naslga meros boʻlib oʻtgan. Suyurgʻol egasi davlatga toʻlanadigan soliklardan ozod etilib, olgan daromadi va oʻziga qaram aholidan ixtiyoricha foydalanish huquqiga ega boʻlgan. Amir Temur va Temuriylar saltanatida Suyurgʻol keng qoʻllanilgan. Sohibqiron zabt etgan mamlakatlarning baʼzi viloyat va tumanlarini shu yerlarning oldingi egalariga, oʻz oʻgʻillari, nevaralari, qarindoshlari, atoqli lashkarboshilar, amir va beklarga Suyurgʻol tarzida bergan va ular «darbasta Suyurgʻol» deb yuritilgan. Amir Temur oʻzining eng isteʼdodli sarkardalaridan biri amir Shohmalikka bir qancha yerlarni Suyurgʻol qilib bergan. Shohrux davrida Shohmalik Xorazm viloyatiga darbasta Suyurgʻol etib tayinlangan. Shohmalik vafotidan keyin Xorazm uning oʻgʻli Ibrohim Sultonga topshirilgan. 16-a. dan boshlab Suyurgʻolning avvalgi tartibida muayyan oʻzgarish yuz beradi. Shayboniylar va Ashtarxoniylar davrida baʼzi qishloqlar, yer maydonlari shu yerlardan undiriladigan solikdarning bir qismi ham Suyurgʻol tariqasida beriladigan boʻlgan. 18-a. va 19-a. ning 1-yarmida Suyurgʻol mohiyati tubdan oʻzgarib, uning faqat merosiyligi saqlanib qolgan.

Ensiklopediya.uz
SUYURGʻOL