SUVOROV Aleksandr Vasilyevich

SUVOROV Aleksandr Vasilyevich

SUVOROV Aleksandr Vasilyevich (1729.13.11, Moskva 1800.6.5, Peterburg) — rus sarkardasi, generalissimus (1799). Dvoryan oilasida tugilgan. Otasi — Vasiliy Ivanovich (1705—75) general, senator va generalgubernator l boʻlgan. Harbiy xizmatni kaprallikdan boshlagan (1748). 1774-y. avg. da u Ye. I. Pugachyov boshchiligidagi qoʻzgʻolonni bostirish uchun Uralga yuborilgan. Yetti yiyalik urush qatnashchisi, rus turk urushlari (1768 —74 va 1787—91) da bir necha gʻalabaga erishgan va Izmail qalʼasini qattiq hujum bilan egallagan (1790). Polsha qoʻzgʻoloni (1794)ni bostirgan qoʻshinlarga qoʻmondonlik qilgan. Pavel I taxtga chiqqandan soʻng armiyada Suvorov nazariyasiga zid boʻlgan pruss harbiy ustavlari, formasi va tartibi joriy qilingan. 1797Y. S. isteʼfoga chiqarilgan. 1798-y. Rossiya fransuzlarga qarshi ittifoqqa qoʻshiladi. Avstriya hukumati Pavel I oldiga Suvorovni Italiyadagi ittifoqchi qoʻshinlarga bosh qoʻmondon etib tayinlash masalasini qoʻyadi. Pavel I noiloj rozi boʻladi. 1799-y. da Adda va Trebbiya daryolari boʻyida va Novi sh. yaqinida fransuz qoʻshinlarini tormor keltirib, Italiya va Shveysariyaga qilingan harbiy yurishlarni muvaffaqiyat bilan yakunlagan, soʻngra Shveysariya Alpidan oshib oʻtib, qurshovdan chiqib ketgan. Suvorov «Polktuzish», «Gʻalaba ilmi» kabi harbiynazariy asarlar muallifi. Urush olib borish, jang qilish usullari, qoʻshinni tarbiyalash va oʻqitish masalalari haqida oʻz davriga nisbatan ancha original va ilgʻor fikrlar sistemasini yaratgan. Suvorov strategiyasi hujumkor xarakterda boʻlib, dushmanni jang maydonida butunlay tormor qilishni asosiy maqsad qilib koʻygan. Kolonnalar va yoyiq saf taktikasini rivojlantirgan, aqidaparastlik va eskilikka qarshi kurashgan. Sobiq SSSRda 1942-y. 29-iyulda Suvorov ordeni taʼsis etilgan va 1943-y. 21 avg. da Suvorov bilim yurtlari tashkil etilgan. Moskva, Sankt-Peterburg, Ochakov, Izmail, Kiyev va b. shaharlarda muzeylar ochilgan va haykallari oʻrnatilgan. Bir qancha aholi punktlari Suvorov nomi bilan atalgan.

Ensiklopediya.uz
SUVOROV Aleksandr Vasilyevich