SUVOR
SUVOR, Suvar — Volga-Kama Bulgʻoriyasidagi shahar. 9-a. da barpo etilgan; yozma manbalarda 10-a. dan qayd qilingan. Istaxriy va Muqaddasiylar suvor elati haqida xabar berganlar. Suvor shaxar xarobasi Tatariston Respublikasidagi Kuznechixa qishlogʻi yaqinida (Volganing chap irmogʻi Utka daryosining yuqori oqimi boʻyida) joylashgan. Suvorning katta rabodi boʻlib, shahar atrofi mudofaa xandaklari va toʻsinxodalar bilan oʻralgan edi. 1933—37 y. larda A. P. Smirnov rahbarligida olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida Sdan turar joy (paxsa va toʻsinlardan ishlangan) qoddiqlari, gʻishtin saroy (yashil va koʻk koshin parchalari bilan qoplangan), don ombori, sopol buyumlar, qurolaslaha, bezak buyumlari topilgan. Suvorda xunarmandchilik va savdo (Eron, Xorazm, Vizantiya, Rus, Gruziya bilan) taraqqiy etgan. Tanga zarb qilingan (10a.). Aholi dehqonchilik va chorvachilik bilan ham shugʻullangan. Suvor 10—12-a. larda ravnaq topgan. 14-a. oxirida tanazzulga uchrab, tashlandiq holga kelgan. Ayrim olimlar (A. P. Kovalevskiy, V. F. Kaxovskiy) «chuvash» etnonimi «suvar»ning oʻzgargan shakli deb xisoblaydilar.
Ensiklopediya.uz
SUVOR