SUVMOTOR SPORTI
SUVMOTOR SPORTI — sportning texnik turi, motorli kemalarda tezlik musobaqalari va turizmni oʻz ichiga oladi. Suvmotor sporti musobaqalarida 16 yoshga toʻlgan oʻgʻil va qizlar hamda motorli kemalarni boshqarish huquqi berilgan, suzishni yaxshi biladigan shaxslargina ishtirok etishi mumkin. Sport turi sifatida 20-a. boshlarida paydo boʻldi. 1908-y. 3 klassdagi motorli kemalarda poyga Olimpiada oʻyinlari dasturiga kiritildi. 20-a. ning 20y. laridan jahon chempionati musobaqalari oʻtkaziladi. 1922-y. Xalqaro suvmotor uyushmasi (UIM) tuzildi, unga 50 gayaqin mamlakat aʼzo.
Ensiklopediya.uz
SUVMOTOR SPORTI