SUV OʻTKAZMAYDIGAN QATLAM
SUV OʻTKAZMAYDIGAN QATLAM — oʻzidan tabiiy bosimli erkin suvni oʻtkazmaydigan yoki deyarli oʻtkazmaydigan (gillar, gilli slaneslar, darzsiz ohaktoshlar, yaxlit kristalli jinslar) togʻ jinslari yoki ustki va ostki tomonidan suvli gorizont bilan chegaralangan togʻ jinslarining kdglami. Suv oʻtkazmaydigan qatlamning suvli qatlamga nisbatan suv oʻtkazuvchanligi 10—100-marta kam. Suv oʻtkazuvchanligi yomon boʻlgan togʻ jinslariga gillar, qumoq tuproqlar, alevrolitlar kiradi. Suvni yaxshi oʻtkazuvchi suvli qatlamlar toshqotishma, shagʻal va kumlardir. Suv oʻtkazmaydigan qatlam lardan gravitatsion suvlarni chiqarib olish qiyin boʻlganligi uchun yer osti suvlari burgʻi quduqlari orqali suvni yaxshi oʻtkazadigan qatlamlardan tortib olinadi. Suv oʻtkazmaydigan qatlam deformatsiyalanganda yoki ustki qatlam yupqa boʻlganda suv yoki oqma qum toʻsatdan yorib chiqadi.
Ensiklopediya.uz
SUV OʻTKAZMAYDIGAN QATLAM