SUT BEZLARI

SUT BEZLARI

SUT BEZLARI — urgʻochi sut emizuvchilar, jumladan, odamda laktatsiya davrida sut ishlab chiqaradigan bezlar. Erkak hayvonlarning Sut bezlari hayoti davomida rudiment holatda boʻladi (q. Rudimetar organlar). Sut bezlari embiriogenezning ilk davrida juft epiteliy yoʻgʻonlashuvi shaklida murtakning qorin tomonidan «sut chizigʻi» boʻylab shakllana boshlaydi. Keyinchalik sut chizigʻi alohida tugunchalarga boʻlinib, ulardan Sut bezlari hosil boʻladi. Hayvonlarda Sut bezlari kloakalilarda juda sodda tuzilgan; soʻrgʻichlari boʻlmaydi; S. b. yoʻli qorin tomonga ochiladi; bolasi ona hayvonning yungiga oqib chiqqan sutni yalaydi. Xaltalilar S. b. ning soʻrgʻichlari xaltasiga ochiladi. Kitsimonlarning Sut bezlari muskulli maxsus choʻntakda joylashgan; muskullar qisqarganida katta bosim ostida sut otilib chiqadi. Sut bezlari soni (2 tadan 20 tagacha) va joylashishi har xil. Koʻp bolalaydigan hayvonlar (toʻngʻizlar)da Sut bezlari qorindan koʻkrakgacha 2 qator boʻlib joylashgan. Fillar va primatlarda koʻkrak qismida, tuyoqli hayvonlarda qorinning keyingi qismida boʻladi. Yangi tugʻilgan hayvon Sut bezlari yaxshi rivojlanmagan. Hayvon voyaga yetish, boʻgʻozlik va laktatsiya (emizish) davrida nerv va ichki sekretsiya bezlari taʼsirida tez rivojlanadi.

Ensiklopediya.uz
SUT BEZLARI