Sun’iy intellekt demokratlashuvi
Har qanday texnologiya yoki bilimning demokratlashish jarayoni bor — texnologiya yoki bilimdan ko’proq odamlar qulayroq ko’rinishda foydalanishni boshlaydi. Boshida cheklovlar ko’proq odam ishlatishi jarayonida yo’q bo’lib boradi.
Oxirgi 30 yil ichida bir nechta texnologiyalar shu jarayondan o’tgan; XIX asrdan boshlab esa juda ko’p. Boshlanishida faqat harbiylar, keyinroq olimlar tomonidan ishlatilgan internetdan hozir butun odamzod foydalanadi. iPhone orqali boshlangan smartfonlar revolyutsiyasi hisoblash tizimlarini deyarli hammaga ochib berdi. Bunaqa misollarni ko’p keltirish mumkin.
Har bir texnologiya demokratlashganda odamlar shug’ullanadigan kasblarda bir necha siljishlar bo’ladi. Mashina ommalashgani ot aravalarni yo’qotgan, printer paydo bo’lishi hattotlarni, internet ommaviylashishi internet-klublarini, robotlar zavod-fabrikadagi ko’p ishchilarni almashtiragan va hokazo. Lekin shu paytgacha, almashinuv odam qo’li bilan qiladigan ishlarni almashtirgan. Ya’ni, qo’l bilan qilinadigan ish avtomatlashgan.
Sun’iy intellekt esa, nomidan kelib chiqib, fikrlab qilinadigan ishlarni avtomatlashtirish yoki demotratlashtirish qobiliyatiga ega. Dizayndan tortib rassomlargacha, dasturlashdan tortib direktor yordamchilarigacha. Bundoq o’ylab qarasa, COVID’dan keyingi masofadan qilinadigan har qanday ishni kelajakda sun’iy intellektga topshirsa bo’ladi (agar sun’iy to’xtatilmasa, albatta).
Demokratlashishning yaxshi tomoni — har bir insonning mahsuldorligi har qanday sohada oshadi. Bilim ham demokratlashadi. Avvallari biror sohaga yillab vaqt sarflagan odamlargagina tegishli bilim yoki tajribadan sun’iy intellekt orqali juda ko’p odamlar foydalanishi mumkin. Hozir Midjourney, Devin, ChatGPT kabi mahsulotlar shu imkoniyatni ochadi: endi men ba’zi ishlarim uchun mutaxassis yollashim shartmas — sun’iy intellektga to’g’ri buyruq berish yetarli.
Bu jarayon faqat axborot texnologiyalari sohasidamas, boshqa sohalarni ham qamrab olishiga ishonaman. Afrikada sifatli tibbiyotga imkoniyati yo’q odamlarning smartfonidagi intellekt 90% kasalliklarga qanday chora ko’rishni maslahat berishi — juda katta muvaffaqiyat. Yoki sun’iy intellekt bizga kosmosni o’zlashtirishimizda yordam berishi mumkin.
Menimcha, sun’iy intellekt almashtirib bo’ladigan odamlarni albatta almashtiradi. Yomon mutaxassisga solishtirganda sun’iy intellekt kamida berilgan topshiriqni bajaradi va shuning o’zi juda katta yutuq. Va bu faqat axborot texnologiyalari sohasi bilan cheklanmaydi (robotlarni hisobga olsa).
Bundan tashqari, sun’iy intellektga uskuna sifatida qarash mumkin. Hozir hamma dasturchilar Git ishlatayotganidek, 2-3 yilda hamma mutaxassislar uni ishlatishni boshlaydi; hozir hech kimni Zoom/Google ishlatish hayron qoldirmaganidek. Muammoni yechish uchun to’g’ri qo’llaydiganlar yutadi. Keyinroq bir odam hozir 100 kishilik kompaniya qilayotgan qiymatni beradigan bo’ladi.
Yaqinda NVIDIA kompaniyasi asoschisi Jensen Huang «bolalar kod yozishni o’rganishi shartmas, chunki, sun’iy intellekt kod yozishga hojat qoldirmaydi», degan ma’noda fikrlarini bo’lishdi. Bundoq o’ylab qarasa — to’g’ri, kod yozish natijaga erishishdagi bir qadam va bunaqa qadamlar qancha kam bo’lsa, shuncha yaxshi.
Shu borada Jon Karmakning bir fikrini keltirmoqchiman: «dasturlash» hech qachon qiymat/bahoning manbasi bo’lmagan; muammoni yechish — asosiy mahorat («Coding» was never the source of value… Problem solving is the core skill).
Manba:
Boshqalar
Sun’iy intellekt demokratlashuvi