SULAYMON STALSKIY
SULAYMON STALSKIY (1869.18.5 — Dogʻiston Respublikasi Qosimkent tumani OshagStal ovuli — 1937.23.11) — lezgin shoiri, oqin. Dogʻiston xalq shoiri (1934). Kambagʻal dehqon oilasida tugʻilgan. Yosh yetim qolib, 13 yoshidan boshlab roʻzgʻor tebratgan. Qariyb 20 y. davomida korandalik qilgan. Dogʻistonda Sovet davlati uzilkesil oʻrnatilgach (1920), bolsheviklarga yaqinlashib, sovet idoralarida xizmat qilgan. 1930-y. da Dogʻistonda birinchilardan boʻlib jamoa xoʻjaligiga aʼzo boʻlib kirgan. Sovet davlati lezgin eli oʻrtasida ashuglik (baxshilik) sanʼati bilan mashhur boʻlgan Sulaymon Stalskiyni 20y. lardayoq oʻz taʼsir doirasiga tortadi va uning ijodiga inqilobiy gʻoyalarning kirib kelishiga erishadi. Shuningdek, ijodida 1914—15 y. dayoq koʻzga tashlangan din arboblari va chor amaldorlarini masxara qiluvchi hajviy yoʻnalishni qoʻllabquvvatlaydi. «Qozilar», «Oqsoqol», «Ikki oyoqli eshak», «Samovar», «Qahatchilik yillarida chirigan joʻxori sotgan Vekelar ovullik mulla Ramazon xususida» singari hajviyalari bilan elyurt ogʻziga tushgan. S S. 20—30y. larda bolsheviklar buyurtmasi bilan Oktyabr inqilobi va fuqarolar urushi mavzularida sheʼrlar yozadi. Anʼanaviy xalq sheʼriyatining sovet targʻiboti quroliga aylanishi mumkinligi Sulaymon stalskiy S ga boʻlgan eʼtiborning haddan ziyod oʻsishiga sababchi boʻladi. M. Gorkiy Sovet yozuvchilarining 1syezdida uni «20-a. ning Gomeri» deb eʼlon qiladi va milliy respublikalardagi xalq baxshilari, oqinlari va ashuglarini Sulaymon Stalskiydan ibrat olishga chaqiradi.
Ensiklopediya.uz
SULAYMON STALSKIY