Sug‘urta sohasida qo‘llaniladigan asosiy atama va tushunchalar
Sug‘urta sohasida qo‘llaniladigan asosiy atama va tushunchalar
DO`STLARGA ULASHING:
Sug‘urta sohasida qo‘llaniladigan asosiy atama va tushunchalar
RЕJA:
1. Sug‘urta fondini tashkil etish bilan bog‘liq atamalar.
2. Sug‘urta fondidan foydalanish bilan bog‘liq atama va tushunchalar.
3. Xalqaro sug‘urta amaliyotida ishlatiladigan atama va tushunchalar.1. Sug‘urtada fondini shakllanishi bilan bog‘liq atama va tushunchalarga quyidagilarni kiritish mumkin:
Sug‘urta munosabatlarida quyidagi tomonlar qatnashadilar:
Sug‘urtalovchi – sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatishga ixtisoslashgan va tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar. Tadbirkorlik faoliyatining muhim bo‘g‘ini. O‘zbekiston Respublikasining «Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida»gi Qonuniga ko‘ra, sug‘urta shartnomasiga muvofiq sug‘urta tovoni (sug‘urta puli) to‘lovini amalga oshirish majburiyatini oluvchi yuridik shaxs sug‘urtalovchi deb hisoblanadi.
Sug‘urtalovchilar turli mulk shakliga ega bo‘lishi mumkin (davlat sug‘urta tashkilotlari, aksionerlik sug‘urta tashkilotlari hamda o‘zaro sug‘urtalash jamiyatlari). Sug‘urta faoliyatini olib boruvchi tashkilotlar maxsus davlat organining tegishli litsenziyasiga ega bo‘lishi zarur.
Sug‘urtalanuvchi – sug‘urtalovchi bilan aniq sug‘urta munosabati o‘rnatgan va tegishli sug‘urta mukofotlarini to‘lovchi yuridik yoki jismoniy shaxs.
Sug‘urta vositachilari – sug‘urtalovchi va sug‘urtalanuvchi o‘rtasida vositachilik vazifasini bajaruvchi yuridik shaxs. Maqomi bo‘yicha vositachi sug‘urtalanuvchining manfaatlarini himoya qiladi. Ko‘rsatgan xizmatlari uchun vositachi tegishli vositachilik haqini oladi.
Risk- bitta kutilayotgan hodisa bo‘yicha xavfning yuzaga kelishi. Risk tushunchasi ko‘rinishlarining xilma-xilligi, uni sodir bo‘lishi natijasida yuzaga kelgan oqibatlarning og‘irligi, riskni ro‘y berishi sababli paydo bo‘lgan zararlarni mutloq tugatishni imkoniyati bo‘lmaganligi sug‘urta ishini tashkil etish uchun asos yaratdi. Shunday qilib, risk sug‘urtaviy huquqiy munosabatlarni shakllantirish uchun shart-sharoit yaratadi. Risk-riskli holatlarning yagonalik va o‘zaro aloqadorlik yig‘indisidir.
Sug‘urta fanida risk tushunchasiga turlicha tariflar berilgan. Jumladan, risk-bu konkret hodisa yoki hodisalar yig‘indisi bo‘lib, ular sodir bo‘lgan taqdirda sug‘urta kompaniyasi qoplamalar to‘laydi. Risk sug‘urta obyekti bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘langan. Obyektga risk salbiy ta’sir ko‘rsatib, uni shikastlashi yoxud nobud qilishi mumkin. Shu tufayli risk — bu yagona tasodifiy hodisa bo‘lib, uning ro‘y berishi inson ongiga yoki irodasiga bog‘liq emas. Sug‘urta risklarining ro‘yxati sug‘urtalovchining sug‘urta javobgarligi hajmini tashkil etadi.
Risk bahosining puldagi ifodasi sug‘urta tarif stavkasini tashkil etadi; sug‘urta obyekti; sug‘urta javobgarligining turi.
Tibbiy sug‘urta- aholi sog‘ligini himoya qilish vositalaridan biri. Sug‘urta hodisasi ro‘y berishi munosabati bilan, sug‘urta polisi orqali bepul tibbiy xizmat ko‘rsatilishi. Tibbiy xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq xarajatlarni sug‘urta kompaniyasi to‘laydi. Tibbiy sug‘urta majburiy yoki ixtiyoriy bo‘ladi.
Mulkiy sug‘urta — turli ko‘rinishdagi mol-mulklarni saqlash bilan bog‘liq manfaatlar sug‘urta munosabatlarining obyekti hisoblangan, sug‘urtaning mustaqil tarmog‘i. Sug‘urtalanuvchining shaxsiy mulki, uning qaramog‘ida joylashgan mol-mulklar sug‘urtalanishi mumkin. Sug‘urtalanuvchi sifatida, nafaqat mol-mulkning sohiblari, balki mol-mulkning saqlanishi uchun mas’uliyatli bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar ham bo‘lishi mumkin.
Netto-stavka — brutto-stavkaning asosiy tarkibiy qismi. Netto-stavka sug‘urta qoplamasini to‘lashga mo‘ljallangan pul mablag‘lari resurslari bo‘lib, u brutto-stavkaning 90 foizigacha miqdorini tashkil etishi mumkin.
Majburiy sug‘urta — sug‘urta munosabatlarinning qonun kuchiga ega bo‘lgan shakli. Majburiy sug‘urta qonunchilik hujjatlari asosida amalga oshiriladi. Ushbu hujjatda sug‘urtaga tortiladigan obyektlar soni, sug‘urta javobgarligining hajmi, sug‘urta munosabatlarida qatnashadigan tomonlarning huquq va majburiyatlari hamda boshqa rekvizitlar ko‘rsatiladi. Amaldagi qonunchilikka asosan, O‘zbekistonda majburiy sug‘urtani tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan har qanday sug‘urta kompaniyasi o‘tkazishi mumkin. Shuningdek, majburiy davlat sug‘urta turlari ham mavjud. Masalan, harbiy xizmatchilar, davlat bojxona va soliq xizmati xodimlari hamda bir qatorda shunday toifadagi shaxslar baxtsiz hodisalardan majburiy davlat sug‘urtasiga tortiladi. Bu sug‘urta turi bo‘yicha sug‘urta mukofotlari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Risklarni joylashtirish:
1) sug‘urta manfaati tufayli yuzaga keladigan sug‘urtaviy huquqiy munosabatlarning boshlanish jarayoni. Risklarni birlamchi, ikkilamchi va uchlamchi joylashtirish mos ravishda to‘g‘ridan to‘g‘ri sug‘urtalash, qayta sug‘urtalash va retrotsessiyani anglatadi. Bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyotda risklarni joylashtirish sug‘urta vositachilari orqali sug‘urta bozorida amalga oshiriladi;
2) sug‘urta brokeri yordamida bir vaqtning o‘zida yirik va xavfli risklarni qismlarga bo‘lib bir nechta sug‘urta kompaniyasida sug‘urtalash uslubi. Bir qancha sug‘urta kompaniyalari tarkibidan bittasi yetakchi sifatida ajralib chiqadi va u sug‘urta shartnomasidagi shartlarni ma’qullab, riskning tegishli qismini o‘z javobgarligiga oladi. Keyin, broker boshqa sug‘urta kompaniyalariga murojaat qilib, riskning qolgan qismini ham joylashtiradi.
Sug‘urta — har xil noxush hodisalar ro‘y berishi natijasida ko‘rilgan zararni qoplash hamda fuqarolarning hayotida tegishli sug‘urta hodisalari ro‘y berganda ularga moddiy yordam ko‘rsatish maqsadida tashkil etiladigan va undan foydalanish bilan bog‘liq (maqsadli pul fondlari) iqtisodiy munosabatlar yig‘indisi. o‘tkazish shartiga qarab, sug‘urta majburiy va ixtiyoriy bo‘ladi. Obyektiga ko‘ra, mulkiy, shaxsiy va javobgarlik sug‘urtasiga bo‘linadi. Sug‘urtaning asosini risk tashkil etadi. Sug‘urta — bu riskni taqsimlash usulidir.2. Sug‘urta fondidan foydalanish bilan bog‘liq atamalarga quyidagilar kiradi:
Bosh polis- sug‘urta kompaniyasi va sug‘urtalanuvchi o‘rtasidagi yozma bitim. Bu bitimga muvofiq, tegishli davr mobaynida sug‘urtalanuvchi barcha obyektlarni sug‘urta kompaniyasiga sug‘urtalash uchun beradi. Chet el tajribasida bu bitim «ochiq polis» yoki «polis-abonament» deyiladi. Mazkur bosh polis asosida sug‘urtalash tashqi savdo yuklari sug‘urtasida keng tarqalgan. Sug‘urtalanuvchi sug‘urta kompaniyasiga har bir jo‘natilgan yuk haqidagi ma’lumotlar (yukning vazni, sug‘urta summasi, yukni jo‘natish va qabul qilib olish punktlari) bayon etilgan arizani taqdim etsa yetarli, yuk avtomatik ravishda sug‘urtalangan hisoblanadi.
Kvotali qayta sug‘urtalash — sug‘urta kompaniyasi qayta sug‘urtalovchi kompaniya bilan kelishgan holda unga risklarni bir qismini beradi. Bu operatsiya kvota shartnomasi orqali rasmiylashtiriladi. Qayta sug‘urtalovchi kompaniyaga sug‘urta mukofotini tegishli qismi beriladi va qayta sug‘urtalovchi kompaniya mutanosib ravishda ko‘rilgan zararni qoplashda ishtirok etadi.
Vositachilik haqi — mijozlarni sug‘urtaga tortganligi uchun sug‘urta kompaniyasi tomonidan vositachilarga (sug‘urta brokeri, agent) to‘lanadigan haq. Vositachilik haqining miqdori sug‘urtaning turiga va kelib tushgan mukofotning hajmiga bog‘liq holda sug‘urta mukofotiga nisbatan foizlarda to‘lanadi.
Sug‘urta polisi — sug‘urta shartnomasi tuzilganlik faktini tasdiqlovchi hujjat. Sug‘urta polisida quyidagi rekvizitlar bo‘lishi shart: sug‘urta kompaniyasining yuridik manzili, sug‘urtalanuvchining nomi, sug‘urta obyekti, sug‘urta mukofotining miqdori, shartnomaning amal qilish muddati. Sug‘urta qoplamasini to‘lashda sug‘urtalanuvchi sug‘urta polisini sug‘urta kompaniyasiga taqdim etishi zarur.
Sug‘urta dalolatnomasi — sug‘urta hodisasi ro‘y berganda sug‘urta kompaniyasi tomonidan tuziladigan hujjat. Dalolatnomada mol-mulkning zararlanish yoxud nobud bo‘lish sabablari, ko‘rilgan zarar miqdori va boshqa ko‘rsatkichlar bo‘ladi. Dalolatnomaga, zarur hollarda sug‘urta hodisasi va mol-mulkning zararlanganligini tasdiqlovchi tegishli tashkilotlarning (yong‘inga qarshi kurash, davlat avtomobil nazorati, qishloq xo‘jaligi, veterinariya xizmati va boshqalar) yozma hulosasi ilova etiladi. Xalqaro sug‘urta munosabatlarida sug‘urta dalolatnomasini adjaster yoki avariya komissari tuzadi va mohiyatan avariya sertifikatiga yaqinlashadi.
Sug‘urta mukofoti- sug‘urta xizmatini ko‘rsatganlik uchun to‘lanadigan haq. Sug‘urta mukofotining miqdori sug‘urta summasiga nisbatan foizlarda aniqlanadi. Sug‘urta mukofotining miqdori aniq summalarda ham ifodalanishi mumkin. Masalan, avtomobil egalarining uchinchi shaxsga zarar keltirish fuqarolik javobgarligini sug‘urtasida sug‘urta mukofoti aniq pul birligida ko‘rsatiladi.
Sug‘urta puli — sug‘urta majburiyatini bajarish hamda sug‘urta operatsiyalarini moliyaviy barqarorligini ta’minlash maqsadida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmasdan o‘zaro kelishgan holda bir qancha sug‘urta kompaniyalarining ixtiyoriy uyushmasi. Sug‘urta puli, asosan, xavfli, yirik obyektlarni sug‘urtalash maqsadida tashkil etiladi. har qaysi kompaniya o‘z sug‘urtalangan riskni pulga beradi va buning uchun, pul orqali yig‘ilgan sug‘urta mukofotlarining bir qismini oladi.
Sug‘urta obyekti — shaxsiy sug‘urtada fuqarolarning hayoti, sog‘ligi, mehnat qobiliyati bilan bog‘liq manfaati; mulkiy sug‘urtada binolar, qurilmalar, transport vositalari uy-joy mulki, tashiladigan yuklar va boshqa moddiy boyliklarni saqlashga bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslarning manfaati; jismoniy yoki yuridik shaxsning o‘z hatti-harakati bilan uning shaxsga zarar keltirish fuqarolik mas’uliyati — mas’uliyatni sug‘urtalashda sug‘urta obyektlari bo‘lib hisoblanadi. Riskni baholash maqsadida sug‘urta obyekti sug‘urta kompaniyasining mutaxassislari tomonidan ekspertiza qilinishi mumkin.
Sug‘urta shartnomasi — ikki yoki undan ortiq tomonlar o‘rtasida tuziladigan yozma ravishdagi bitim bo‘lib, bunda sug‘urta kompaniyasi sug‘urta hodisasi tufayli zarar ko‘rilganda sug‘urtalanuvchiga sug‘urta qoplamasi yoki sug‘urta summasini to‘lash majburiyatini, sug‘urtalanuvchi esa belgilangan muddatlarda sug‘urta mukofotini to‘lash majburiyatini oladi. Sug‘urta shartnomasi tuzilganlik faktini tasdiqlash uchun sug‘urtalovchi sug‘urtalanuvchiga sug‘urta polisi beradi. Sug‘urta shartnomasini tuzishdagi asosiy, oddiy va qo‘shimcha shartlar sug‘urta shartnomasining mazmunini tashkil etadi.3. Xalqaro darajada qo‘llaniladigan sug‘urtaga oid atamalarga quyidagilarni kiritish mumkin:
Abandon — to‘liq miqdordagi sug‘urta summasini olish uchun sug‘urtalanuvchining sug‘urtalangan mol-mulkdan sug‘urtalovchining foydasiga voz kechishi (sug‘urtalangan kema nobud bo‘lganda, u xabarsiz yo‘qolganda, kema yoki yuk qaroqchilar tomonidan bosib olinganda). Abandon to‘g‘risidagi ariza voqea-hodisa ro‘y bergandan keyin olti oy mobaynida berilishi kerak. Ayrim chet mamlakatlar qonunchiligida abandon sug‘urtalanuvchining bir tomonlama akti hisoblanadi. Faqat, Angliya qonunchiligida abandon uchun sug‘urtalovchining roziligi talab etiladi.
Avariya komissari — sug‘urta kompaniyasining vakolatiga ega bo‘lgan jismoniy yoki yuridik shaxs. Sug‘urtalangan kema yoki yuk bo‘yicha ko‘rilgan zararning xarakteri va miqdorini aniqlaydi, hodisa ro‘y berganlik sabablarini o‘rganadi. Sug‘urta kompaniyasi avariya komissarining chet elda ham, mamlakat ichkarisida ham tayinlashi mumkin. Avariya komissarining yuridik manzili, telefon va teleks raqamlari sug‘urta kompaniyasi tomonidan beriladigan sug‘urta polisida ko‘rsatiladi. Sug‘urtalanuvchi sug‘urta hodisasi ro‘y berishi zahoti avariya komissariga murojaat qilishi zarur. Avariya komissari mol-mulkning zararlanganlik darajasini aniqlaydi va sug‘urta kompaniyasining topshirig‘iga asosan, ko‘rilgan zararni qisman qoplashi mumkin. Avariya komissari bajarilgan ishlar to‘g‘risida sug‘urta kompaniyasi uchun avariya sertifikati tuzadi yoki unga yozma axborot tayyorlaydi.
Avariya sertifikati — mol-mulk sug‘urta hodisasi tufayli zararlanganda, ko‘rilgan zararning miqdori va xarakterini tasdiqlovchi hujjat. Avariya sertifikati avariya komissari (adjaster) tomonidan tuziladi va tegishli vositachilik haqi hisobiga sug‘urtalanuvchiga taqdim etiladi. Avariya sertifikati sug‘urtalanuvchining sug‘urta qoplamasini olish to‘g‘risidagi arizasiga ilova etiladi va qoplamani to‘lashda sug‘urta kompaniyasiga asos bo‘lib xizmat qiladi.
Adjaster — sug‘urta hodisasi ro‘y berishi munosabati bilan sug‘urtalanuvchi tomonidan bildirilgan e’tirozni tartibga solishda sug‘urta kompaniyasining manfaatlarini himoya etuvchi jismoniy yoki yuridik shaxs. U sug‘urtalanuvchi bilan unga to‘lanadigan sug‘urta qoplamasi miqdorini kelishishga harakat qiladi. Adjaster sug‘urta hodisasini ro‘y berish sabablarini o‘rganadi va tahlil etadi. Ushbu tahlil natijalari bo‘yicha sug‘urta kompaniyasiga ekspert xulosasini tuzadi hamda avariya komissari funksiyasini bajaradi. Adjaster vazifasini sug‘urta kompaniyasining tarkibiy bo‘limi yoki ixtisoslashgan tashkilot amalga oshirishi mumkin.
Aktuariy — lotin tilidan tarjima qilganda hisobchi degan ma’noni bildiradi. Aktuar hisob-kitoblar nazariyasini o‘zlashtirib olgan sug‘urta matematikasi sohasidagi mutaxassis. U sug‘urta tariflarini hisoblash va metodologiyasini ishlab chiqish, uzoq muddatli sug‘urta turlari bo‘yicha sug‘urta zahiralarini shakllantirish bilan bog‘liq hisob-kitoblarni amalga oshirish bilan shug‘ullanadi. Hozirgi paytda Angliyada aktuariylar instituti faoliyat ko‘rsatmoqda. Aktuariylarning xalqaro uyushmasi mavjud.
Aktuar hisob-kitoblar — sug‘urta tarifi stavkalarini hisoblashning iqtisodiy-matematik usullari yig‘indisi. Ushbu hisob-kitoblar katta sonlar qonuniga asoslanadi. Aktuar hisob-kitoblarning metodologiyasi, ehtimollar nazariyasi, demografiya qonuniyatlariga asoslanadi, tarif stavkasini miqdori sug‘urta hodisalari ro‘y berishining ehtimoliyligiga bog‘liq. Demografiya ma’lumotlaridan fuqarolarning hayotini sug‘urtalashda sug‘urtalanuvchilarning yoshiga mos ravishda sug‘urta tarifi stavkasini tabaqalashtirishda foydalaniladi. Uzoq muddatli hayotni sug‘urtasi bo‘yicha sug‘urta summalari sug‘urtalangan shaxs vafot etganda yoki u ma’lum bir yoshga yetganda to‘lanadi. Yetarli miqdordagi sug‘urta fondini shakllantirish uchun, sug‘urtalovchi shartnoma amalda bo‘lgan davrda qancha shaxs vafot etishi yoki ma’lum bir yoshga yetishi ehtimoliyligini bilishi zarur. Aholi o‘limi darajasi haqidagi statistik ma’lumot asosida turli yoshga yetishi ehtimolligini hisoblash hamda fuqarolarning o‘limi to‘g‘risidagi jadvalni tuzish mumkin. Bu jadval asosida nafaqani va hayotni sug‘urtalash bo‘yicha tarif stavkalarni hisoblash mumkin.
Anderrayter – 1) turli risklarni sug‘urtalash vakolatiga ega, sug‘urta kompaniyasi tomonidan tayinlanadigan shaxs. Sug‘urta kompaniyasini sug‘urta portfeli shakllanishi uchun javob beradi. U sug‘urta shartnomalarini tuzish, risklarni baholash va sug‘urta tarifi stavkasini belgilash yuzasidan tegishli malakaga ega bo‘lishi zarur; 2) Lloyd sug‘urta polislarini beradigan Lloyd sug‘urta korporatsiyasini a’zosi; 3) potensial mijozlarga sug‘urta polisini sotish bilan shug‘ullanadigan yoki manfaatdor tomonlarga sug‘urta sohasi bo‘yicha yuqori darajada maslahat xizmatlarni ko‘rsatadigan jismoniy yoki yuridik shaxs.
Anderrayter siyosati- sug‘urtalash bilan bog‘liq yangi takliflarni ko‘rib chiqish va mazkur taklifni qabul qilish yoki rad etish to‘g‘risida xulosalar chiqarishga qaratilgan siyosat.
Annuitet – renta va nafaqalarni sug‘urtalashning hamma turlarini umumlashtiruvchi tushuncha. Bunda sug‘urtalanuvchi sug‘urta kompaniyasiga bir vaqtning o‘zida yoki bir necha yillar davomida tegishli sug‘urta mukofotlarini to‘laydi. Keyin sug‘urtalanuvchi butun hayoti davomida sug‘urta kompaniyasidan daromad oladi. Annuitetning bir turi hisoblanadigan fuqarolarning yillik daromadini sug‘urtasi bugungi kunda Buyuk britaniyada, Fransiyada va AQSHda keng rivojlangan.
Dispasher – dengiz transportida umumiy avariya sodir bo‘lganda ko‘rilgan zararni kema, yuk va fraxt o‘rtasida taqsimlash bo‘yicha hisob-kitoblarni tuzadigan mutaxassis. Rivojlangan mamlakatlarda dispasher funksiyasini maxsus kompaniyalar bajaradi. Zararlarni taqsimlash bo‘yicha hisob-kitoblar dispasha deyiladi va dispashani tuzganlik uchun haqni manfaatdor tomonlar (kema egasi, yuk egasi, yukni sotib oluvchi shaxs) to‘laydi.
Yevropolis – Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida sug‘urta shartnomasi tuzganlik faktini tasdiqlovchi sug‘urta polisi.
Kovernota – sug‘urta vositachisi tomonidan sug‘urtalanuvchiga beriladigan va sug‘urtalanuvchining sug‘urta shartnomasi tuzishini tasdiqlovchi hujjat. Ushbu hujjatda ko‘rsatilgan muddat mobaynida sug‘urta brokeri sug‘urtalanuvchiga sug‘urta polisini berishi shart. Chunki, kovernota sug‘urta kompaniyasi uchun yuridik kuchga ega bo‘lgan hujjat hisoblanmaydi.
Sug‘urta sohasida qo‘llaniladigan asosiy atama va tushunchalar