SUGʻORISH SISTEMASI
SUGʻORISH SISTEMASI — muayyan yer maydonlari va uni sugʻorishga xizmat qiladigan gidrotexnika (suv olish inshootlari, kanallar, truboprovodlar va b.) va yordamchi inshootlar (yoʻllar, koʻpriklar va b.) majmui. Odatda sugʻoriladigan maydonlarda kollektordrenaj tarmogʻi ham qurilishi sababli Sugʻorish sistemasi baʼzan gidromelioratsiya sistemasi xam deyiladi. Sugʻorish sistemasi kompleksiga ularni ishlatish uchun zarur boʻlgan inshootlar, kommunikatsiya va qurilmalar (energiya taʼminoti, aloqa, telemexanika, taʼmirlash bazalari va b.) ham kiradi. Sugʻorish sistemasining suv olish inshootlaridan xoʻjaliklarga suv tarqatadigan inshootlargacha boʻlgan qismi xoʻjaliklararo Sugʻorish sistemasi deyiladi. Uni suv xoʻjaligi tashkilotlari ekspluatatsiya qiladi. Sugʻorish sistemasining suvni tarqatadigan inshootdan sugʻoriladigan dalalargacha boʻlgan va dala ichidagi qismi xoʻjalikning Sugʻorish sistemasi (ichki xoʻjalik S. s.) deyiladi.
Ensiklopediya.uz
SUGʻORISH SISTEMASI