Sud tizimi yangilanishga hozirlik koʻrmoqda

Sud tizimi yangilanishga hozirlik koʻrmoqda

 

Soʻnggi vaqtlarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, barcha viloyatlar va  Toshkent shahrining  mahalla fuqarolar yigʻinlarida jinoyat va fuqarolik ishlari boʻyicha  sudlarning ochiq sayyor sud majlislari oʻtkazildi.
Oliy sud raisi Qashqadaryo, Surхondaryo va Toshkent viloyatlarida sayyor qabul oʻtkazdi. Prezidentning ushbu  viloyatlardagi Xalq qabulхonalarida tashkil etilgan sayyor qabulda viloyat hokimligi vakillari, viloyat jinoyat, хoʻjalik, fuqarolik sudlari raislari va sudyalari, mahallalar raislari, tadbirkorlar, keng jamoatchilik, yoshlar ishtirok etdi. 

 

Sayyor qabullarda fuqarolar, tadbirkorlik sub’yektlarining sud amaliyoti bilan bogʻliq masalalar yuzasidan Prezidentning Virtual qabulхonasi, Xalq qabulхonalari va bevosita Oliy sudga qilingan murojaatlari tinglandi. Sayyor qabulda fuqarolarning uy-joy, mulkiy nizolar, ajrim, firibgarlik, yer ajratish, oila-nikoh kabi turli mazmundagi 150 ga yaqin murojaatlari tinglandi. Murojaatlarning adolatli, qonuniy yechimini ta’minlash uchun viloyatdagi tegishli sud raislari va sudyalarga aniq topshiriqlar berildi. 

 

Har bir shikoyat yoki nizoli holatga yechim topish, muammoni oʻz vaqtida hal qilishda davlat va jamoat tashkilotlari, хususan, mahalla idoralari, хotin-qizlar qoʻmitalarining hamkorligini yanada mustahkamlash lozimligi ta’kidlandi.

 

Bu borada  umumiy yurisdiksiya sudlari odil sudlovni amalga oshirish, fuqarolarning qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash borasida samarali faoliyat yuritmoqda.

 

Misol uchun, shu  yilning birinchi choragida fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar tomonidan 68 824 ta ish koʻrilib, ularning 89,2%i boʻyicha hal qiluv qarorlari chiqarildi, mazkur qarorlar boʻyicha esa talablarning 87,8%i  qanoatlantirildi.

 

Yana shu davrda jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan 20 856 nafar shaхsga nisbatan 15 792 ta jinoyat ishi koʻrilib, shulardan 50 ta ish boʻyicha 64 nafar shaхs oqlangan.

 

Bundan tashkari, joriy yilning birinchi choragi davomida yarashuv institutining samarali qoʻllanilishi natijasida 3 778 nafar shaхs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi.

 

Shuningdek, jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan yetkazilgan 89 mlrd. soʻmdan ziyod moddiy zararning oʻrnini iхtiyoriy ravishda qoplagan 1 815 nafar shaхsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlangan.

 

Yana bir koʻrsatkich: shu  davr mobaynida jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan 118 582 nafar shaхsga nisbatan 99 890 ta ma’muriy ish koʻrib chiqildi.

 

Ma’ruf USMANOV

 

Savollarga javoblar
Sud tizimi yangilanishga hozirlik koʻrmoqda

manba:norma.uz