Stomatit — sabablar, turlari va davolash usullari haqida malumot
Og‘iz bo‘shlig‘I shilliq qavatining yallig‘lanishi tibbiyotda – stomatit deb nomlanadi. Ko‘p hollarda kasallik bolalarda uchraydi, lekin hozirgi kunga kelib, bu muammo bilan kattalar ham uchrashmoqda.
Kattalarda stomatit sabablari
Stomatologlar ta’kidlashicha, og‘iz bo‘shlig‘I shilliq qavati yallig‘lanishiga olib keluvchi faktorlar quyidagilar bo‘lishi mumkin:
- Turli xil patogen qo‘zg‘atuvchilar – bakteriyalar va viruslar. Albatta, og‘iz bo‘shlig‘I bakteriyalar mikroflorasi har bir insonda bo‘ladi, ammo ularning rivojlanib ketishi uchun qulay sharoit yaratib berilsa, og‘iz bo‘shlig‘I shilliq qavatini yallig‘lab qo‘yishi mumkin.
- Ovqatlanish tarkibining buzilishi — Ko‘pincha stomatit ba’zi moddalar organizmga yetishmaganda ham kelib chiqishi mumkin, vitamin B, kaliy, fosfor, temir va rux kabi.
- Shilliq qavat mexanik jarohatlanishi — Bemorlar ko‘pincha stomatit kelib chiqishida turli xil mexanik ta’sirlar bo‘lganini aytishadi, masalan kuyishlarda yoki jarohatlarda, juda achchiq va o‘tkir mahsulotlar iste’mol qilganda, qaynoq suv ichib yuborganda, tishlarning o‘tkir qismlari ta’sirida.
Stomatit kelib chiqish xavfini oshiruvchi omillar
- Oziq ovqat mahsulotlarini iste’mol qilayotganda gigiyenaga rioya qilmaslik – meva sabzavotlarni, qo‘llarni yuvmay iste’mol qilish, tishlarni muntazam yuvmaslik;
- Doimiy tishlarni yuvishda natriy sulfat moddasini o‘zida ko‘p saqlovchi tish pastalaridan foydalanganda. Bu modda so‘lak ajralishini kamaytirib yuboradi va shilliq qavat quruq, shikastlanishga moyil bo‘lib qoladi;
- Siydik haydovchi preparatlarni qabul qilganda ham so‘lak ajralishi kamayadi;
- Sun’iy tishlar qo‘yilganda – ularning sifatsiz materialdan ishlangani yoki o‘lchamlarining noto‘g‘ri tanlanganligida;
- Spirtli ichimliklar ichish va tamaki mahsulotlarini chekish – bu moddalar og‘iz shilliq qavatida yaralar paydo qiladi, u yerda bakteriyalar ko‘payishi uchun qulay sharoit kelib chiqadi;
E’tibor bering: stomatit turli xildagi umumiy organizm kasalliklari natijasida ham kelib chiqishi mumkin, masalan: LOR-a’zolarining onkologik kasalliklari, organizmning suvsizlanishi (ko‘p marotaba qayt qilish va ich ketishi natijasida), gormonal o‘zgarishlarda, ayniqsa menopauza, klimaks davrlarida, oshqozon ichak tizimi kasalliklari – kolit, gastrit, oshqozon va o‘n ikki barmoq ichak yara kasalliklarida stomatit kelib chiqishi ko‘p kuzatiladi.
Stomatit turlari va ularning o‘ziga xos klinik ko‘rinishlari
Stomatitning bir necha xil turlari bor va ular turli xildagi klinik ko‘rinishda namoyon bo‘ladi.
Gerpetik stomatit
Katta yoshdagi insonlarda aynan shu turdagi stomatit ko‘proq uchraydi. Bunga sabab aholining 90 %ga yaqini o‘z organizmida gerpes virusini tashib yuradi, gerpes virusi odatiy sharoitda kasallik chaqirmaydi. Ammo, uning uchun qulay sharoit kelib chiqsa – gerpes stomatit keltirib chiqaradi, masalan, sovuq qotish, surunkali infeksion — yallig‘lanishli kasalliklarning avj olish davrida, stress holatlarida va hu kabilarda.gerpetik stomatitda tana harorati ko‘tarilmaydi va umumiy intoksikatsiya belgilari kuzatilmaydi, shunchaki og‘iz bo‘shlig‘i shilliq qavatida qisqa muddat ichida ko‘plab pufakchalar paydo bo‘lishi, ularning tabiiy ravishda yorilishi va juda og‘riqli yarachalar hosil bo‘lishi bilan kechadi.
Gerpetik stomatitning davosi
Gerpetik stomatitning davosi quyidagi chora tadbirlarni o‘z ichiga oladi:
- Og‘riqsizlantiruvchi preprarat – Lidokain, Lido xlor va shu kabilar;
- Mahalliy qo‘llaniladigan yallig‘lanishga qarshi vositalar – Solkoseril, na’matak moyi, Xolisal, Kamistad;
- Virusga qarshi preparatlar – Asiklovir, Zoviraks, Bonafton, Alpizarin, Lizotsim va boshqalar.
- Immunitetni mustahkamlovchi preparatlar – Immunal, Sikloferon.
Diqqat! Bu dori preparatlari qat’iy ravishda shifokor tomonidan buyuriladi!
Aftoz stomatit
Bunday turdagi og‘iz shilliq qavati yallig‘lanish kasalligi har doim surunkali ko‘rinishda bo‘ladi. Uning klinik ko‘rinishida og‘iz boshlig‘i shilliq qavatida ko‘plab yaralar, pufaklar va aft – sarg‘ish oqrangli, chetlari qizargan toshma shaklida namoyon bo‘ladi. Aftoz stomatit oylab, yillab goh paydo bo‘lib, goh yo‘qolib turadi.
Aftoz stomatit davosi
- Aftoz stomatit davosi: aft – bor kislotasi va moychechak eritmasi bilan qayta ishlanadi (chayiladi). Buning uchun 300 ml suvga 1 choy qoshiq moychechak kukunidan va 4 gr bor kislotasi solinadi va aralashtiriladi va og‘iz chayqaladi;
- Furatsilin tabletkasini suvda eritib, antiseptika vositasida og‘izni muntazam ravishda chayib turish tavsiya etiladi;
- Og‘iz shilliq qavatining zararlangan sohalariga oblipixa moyini paxtaga shimdirilgan holda artish;
- Dezintoksikatsiya maqsadida – vena ichiga natriy sulfat eritmasidan quyish;
- Bemorga vitaminoterapiya buyuriladi, ya’ni polivitamin komplekslar qabul qilish.
Diqqat! Aftoz stomatitni davolash vaqtida bemorlar, albatta, diyetaga rioya etishlari zarur. Ovqatlanish ratsionidan o‘tkir, achchiq, sho‘r, shirin un mahsulotlari, qattiq mahsulotlarni cheklash kerak bo‘ladi.
Stomatologlar tinchlantiruvchi vositalarni qabul qilishni ham tavsiya etishadi – ular faqatgina dori preparatlari bo‘lishi shart emas, pustirnik va yalpiz o‘simliklari damlamalaridan foydalansa ham bo‘ladi.
Aftoz stomatit 2 hafta ichida yo‘qolib ketmasa, uning og‘ir ko‘rinishi – nekrotik yaralar shakliga o‘tib ketishi ham mumkin. Kasallikning bu darajasi klinik ko‘rinishi va kechishi boshqalardan farqlanib, organizmning immun yetishmovchiligidan yoki og‘ir metall tuzlari bilan zaharlanganidan dalolat beradi.
Kandidoz stomatit
Bunday ko‘rinishdagi stomatit faqatgina immun tizimi tomonidan yetishmovchiliklar natijasida kelib chiqadi. Gap shundaki, hamma insonlar og‘iz mikroflorasida bo‘ladigan Kandida guruhiga mansub zamburug‘lar bo‘ladi, ular ko‘payishi uchun qulay sharoit hosil bo‘lganda og‘iz shilliq qavatini zararlab stomati keltirib chiqaradi. Masalan, qandli diabet, immun defitsit holatlar, gormonal preparatlar bilan uzoq muddat davolanish kabi.
Kandidoz stomatitning o‘zga xos klinik ko‘rinishida: og‘izda yaralardan tashqari, ko‘chishi qiyin bo‘lgan oq karashlar ham hosil bo‘ladi. Bu karashni qo‘l bilan oson ko‘chirish mumkin, ammo ko‘chgan joyida qizargan, shishli yallig‘lanish o‘chog‘I qolib ketadi va u ham bakteriyalar ko‘payishi uchun qulay joy hisoblanadi. Bemorlar kuchli og‘riqqa, hatto suv ichganda ham kelib chiqadigan achishishlarga shikoyat qilishadi. Bundan tashqari og‘iz burchagida va lablarda ham og‘riqlar kuzatiladi.
Kandidoz stomatitning davosi
- Umumiy ta’sir etuvchi zamburug‘ga qarshi preparatlar – Pimafutsin, Irunin, Klotrimazol, Nistatin, Flukanozol va boshqalar;
- Mahalliy ta’sir etuvchi preparatlar – Levorinov mazi, Mikonzol gel, Nisitatin maz;
- Har ovqatlangandan keyin og‘izni 1 % li ichimlik sodasi bilan chayish.
Diqqat! Zamburug‘li stomatitlarda diyetaga rioya etish ham muhim, sutli mahsulotlar va shirin un mahsulotlaridan cheklanish kerak, chunki ular zamburug‘larning o‘sishi uchun oziqa bo‘lishi mumkin.
Yuqoridagilardan tashqari stomatologlar stomatitning allergik turini ham qayd etishadi. Ammo bunday turdagi stomatitlar biror bir tashqi allergen faktor sababli kelib chiqib, uning ta’sir qilishi to‘xtatilsa stomatit ham bartaraf etiladi, shuning uchun bunday turdagi stomatitlar aytarli darajada xavfli emas.
Kattalarda stomatitning davosi
Kataral stomatit (oddiy yallig‘lanish, hech qanday o‘ziga xosligi yo‘q)ni uy sharoitida oson davolasa bo‘ladi. Buning uchun og‘iz bo‘shlig‘ini antiseptik vositalar bilan chayish kifoya, masalan 1 % li ichimlik sodasi, yallig‘langan joyni asal bilan artish, oblipixa moyini paxtaga shimdirib yarani artish va achchiq, issiq yoki sovuq mahsulotlardan cheklanish kerak.
Umuman olganda stomatitni davolash uchun stomatologlar quyidagilarni tavsiya etishadi:
- Og‘riqsizlantiruvchi preparatlardan foydalanish – ba’zida og‘riq shunchalik kuchli bo‘ladiki, inson hatto ovqat ham iste’mol qila olmaydi. Bunday holatda: Geksoral tabletkasini so‘rish, og‘riqni qoldiradi va tarkibidagi xlorgeksidin borligi uchun antibakterial ta’sir ham ko‘rsatadi;
- Lidokain Acept – aftoz stomatit holatlarida ham kuchli og‘riqni bartaraf etadi;
- Yallig‘lanishga qarshi vositalar stomtitni davolash asosiy o‘rinda turadi.
- Xolisal – yallig‘lanishga qarshi mahalliy qo‘llaniladigan gel;
- Ingafitol – og‘izni chayish uchun, eritma ko‘rinishida bo‘ladi;
- Kameton – sprey ko‘rinishidagi yallig‘lanishga qarshi vosita, aftoz stomatitlarda yaxshi natija beradi;
- Achchiq tosh kukuni – yallig‘lanish jarayonini bartaraf etadi, ya’ni yarani o‘rab olib quritadi va rivojlanishini to‘xtatadi.
- Zamburug‘ga qarshi, virusga qarshi va antigistamin preparatlar faqatgina shifokor tominidan buyuriladi. Ular aynan shu turdagi stomatitlarni davolsh maqsadida foydalaniladi. Masalan: Mikonazol (gel), Naistatin maz – faqatgina kandidoz stomatitlarda qo‘llaniladi;
- Asiklovir, oksolin, interferon mazlari – gerpetik stomatitlarda, virusga qarshi ta’sir ko‘rsatadi;
- Tavegil, Klartin, Loratodin – allergiyaga qarshi ta’sir etadi.
Stomatitda yallig‘lanish keltirib chiqaruvchi mikrob, virus, zamburug‘ va shu kabilar bartaraf etilgandan so‘ng, hosil bo‘lgan yaralarni bitishini tezlashtiruvchi preparatlar ham qo‘llaniladi. Masalan:
- Karotolin – tashqi qo‘llash uchun, tarkibida A vitamin ko‘p, regeneratsiyani tezlashtiradi;
- Propolis spreyi – epiteliyning tiklanishini tezlashtiradi, yumshatuvchi, og‘riq qoldiruvchi ta’sir ko‘rsatadi;
- Solkoseril – to‘qimalar regeneratsiyasini kuchaytiradi.
Kattalarda stomatitni xalq tabobati bilan davolash
Xalq tabobatida har qanday yallig‘lanish jarayonini va og‘riqni bartaraf etuvchi dorivor malhamlar bor. Stomatitni ham shunday vositalar bilan davolasa bo‘ladi. Hatto tibbiyot ham tan olgan ba’zi bir tabiiy vositalar stomatitni davolashda zamonaviy preparatlarga qaraganda xavfsizroq va zararliligi kamroq. Masalan: xom kartoshkani qirg‘ichdan o‘tkazib, unga biroz tuz sepisha kerak. Uni yallig‘langan og‘iz shilliq qavatiga qo‘yilsa, yallig‘lanish va achishish hissini kamaytiradi.
Sabzi soki va suvni 1:1 nisbatda aralashtirib, og‘izni har kuni 3 marta chayish tavsiya etiladi. Sabzi A vitaminiga boy bo‘lganligi sababli zararlangan to‘qimalarning bitishini tezlashtiradi.
Kalendula guli ham yallig‘lanishga qarshi ta’sir ko‘rsatadi va regeneratsiya jarayonini tezlashtiradi. Undan dorivor eritma tayyorlash uchun 1 qoshiq qurutilgan o‘simlikni 1 stakan qaynagan suvga soling. Sovushini kutib og‘iz bo‘shlig‘ini har kuni chayib turing.
E’tibor bering: Agar stomatit belgilari, xalq tabobatidan foydalangan holda 2 hafta ichida o‘tib ketmasa, muolajalarni to‘xtatib shifokor xuzuriga borish zarur, aks holda yallig‘lanish jarayoni chuqurlashib, yiringli nekrotik bosqichlariga o‘tib ketishi mumkin.
Kattalarda stomatit kasalligi bir qaraganda aytarli darajada xavfli ko‘rinmasligi mumkin. Ammo, u insonning normal hayot kechirishiga salbiy ta’sir etadi. Ular oddiy suv va yumshoq ovqatlarni ham iste’mol qila olmaydilar, bundan tashqari og‘riq hissi va og‘izdan keladigan badbo‘y hid ham ularga halaqit beradi. Shuni inobatga olib stomatit kasalligini e’tibordan qoldirmay kerakli chora tadbirlarni o‘z vaqtida qo‘llash kerak.
Diqqat! Yuqorida keltirilgan dori preparatlari faqatgina tanishish maqsadida keltirib o‘tilgan. Sizda kasallik belgilari kuzatilayotgan bo‘lsa, shifokorga murojaat qilishingiz zarur!
Kasalliklar
Stomatit — sabablar, turlari va davolash usullari