SSV kompyuter qarshisida ko`p o`tirishning zararli oqibatlaridan ogohlantirdi
Kasb taqozosi tufayli ko`pchilik uzoq vaqt kompyuter oldida o`tiradi. Har kuni takrorlanadigan bunday holatdan keyin bora-bora ko`zlarda qizarish, og`riq paydo bo`lishi bor gap. Sanitariya epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati direktorining o`rinbosari Nurmat Atabekov bu boradagi tavsiyalarini SSV Matbuot xizmati bilan o`rtoqlashdi.
— Kompyuter nurini «kesuvchi» maxsus linza va ko`zoynaklar to`liq himoyani ta`minlamaydi. Ular qisman yordam beradi, xolos. Kompyuterda ishlash paytida ko`zlar toliqmasligi uchun maxsus mashqlar bajarilishi kerak. Mashq quyidagicha amalga oshiriladi:
📌 3-5 soniya davomida ko`zlar yumib, ochiladi.
📌 Ko`z qorachig`i o`ng, chap, yuqori va pastga qarab harakatlantiriladi.
📌 Nigohlar qurilma monitoridan «uzilgan» holatda boshqa tarafga qaritiladi.
📌 Ko`zlarda achishish sezilgani hamon uni yumib, 3-4 daqiqa dam berish kerak.
Kompyuterdan ko`p foydalanganda ko`zda og`riq, qizarish, achishish, yoshlanish, peshona sohasida og`riq, tez charchash, holsizlik kuzatilishi “displey sindromi” deyiladi.
Kompyuter ko`z nurini «o`g`irlamasligi» uchun:
✅ Monitor bilan ko`z oralig`idagi masofa 45 santimetrdan kam bo`lmasligi kerak.
✅ Tashqaridan kelayotgan yorug`lik nuri monitor ekraniga tushib turmasligi lozim.
✅ Ekran yuzasini tez-tez artib turish maqsadga muvofiq. Nega deganda, u o`zida chang zarralarini yig`a oladi.
Bo`lajak onalar eski rusumdagi kompyuter bo`ladimi yoki «notebook»mi – uzoq vaqt foydalanishdan saqlanishlari kerak. Homiladorlikning birinchi uch oyligida kompyuterlardan kamroq foydalangan ma`qul. Bordiyu, ish zarurati tufayli majbur bo`linsa, albatta, har soatda tanaffus qilish kerak.
Kompyuterda uzoq vaqt ishlash tana qismlarining bir xil holatda qotib qolishiga olib keladi. Natijada, nafas olishning qiyinlashishi, elka, bo`yin mushaklari va bosh og`rig`i, osteoxondroz hamda qo`l kafti bo`g`imlariga salbiy ta`siri kabi holatlarning oldini olish uchun, avvalo, qulay stul va stol tanlanishiga ahamiyat berish lozim.
Gavdani tik tutish qiyin kechsa, maxsus bolishlardan foydalansa bo`ladi. Bunday bolishlar elkadan xiyol pastroqqa joylanib, gavda tekis bo`lishiga yordam beradi. Mushaklar «siqilishi»ni bartaraf etishda jismoniy mashqlar (ishda o`rindan turib, xona bo`ylab yurish mumkin yoki zinadan tushib, chiqish) tavsiya etiladi.
Qo`llar uchun mashq:
👨🏻💻Qo`llarni 10-15 marotaba silkiting.
👨🏻💻Barmoqlarni musht tugib, bo`shating (10-15 marta).
👨🏻💻Qo`llarni musht tukkan holatda aylantiring (8-10 marta).
👨🏻💻Bir qo`l bilan ikkinchi qo`l barmoqlarini uqalang.
Shuningdek, kompyuter qarshisida o`tirganingizda ushbu etti muhim qoidaga amal qiling:
1. Doim boshni tik tutib o`tiring.
2. Gavda rostlangan bo`lishi kerak.
3. Ish jarayonida ko`zlarni to`g`riga qarating.
4. Monitorga qaralganida ko`zlar pastga emas, balki qurilma balandligiga mos holatda bo`lishi kerak.
5. Kaftlar va bilaklarni erkin holatda ushlang.
6. Oyoq tagiga kichikroq taxtacha qo`yish mumkin.
7. Vaqti-vaqti bilan qo`llarni yuqoriga ko`tarib birlashtiring va gavdani o`ng, chap tarafga harakatlantiring.
Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
SSV kompyuter qarshisida ko`p o`tirishning zararli oqibatlaridan ogohlantirdi