SOVUT
SOVUT — jangda tanani oʻq, nayza va qilich zarbidan saqlash uchun kiyiladigan mustahkam harbiy kiy im. Oʻrta Osiyo va Sharq qoʻshinlarida ilk oʻrta asrlardan boshlab qoʻllanishda boʻlgan. Turkiylar tomonidan temir eritishning yoʻlga qoʻyilishi turli jang qurollari qatori Sovutning ham ixtiro qilinishiga zamin boʻlgan. Sovut dastlab toʻr koʻylak shaklida poʻlat simdan toʻqilgan. Keyinchalik uning chidamligini yanada oshirish maqsadida ustiga har xil shakldagi metall tangachalar qoplangan. Sovutning yoqasiz va yengsiz turlari ham boʻlgan, ular yashirin ravishda oddiy kiyim tagidan kiyilgan. Sovut ostidan maxsus paxtali kiyim — hafton kiyilgan. . Turk xoqonligi qoʻshinida Sovut yaraq (yaraq), qoraxoniylar qoʻshinida yariq (yariq), kuba yariq, quyagʻ (quyagʻ), koʻkrak S. i esa tura soʻzlari b-n ifodalangan. Amir Temur, Bobur va oʻzbek xonlari qoʻshinida Sovutning rangbarang turlari mavjud boʻlgan. Jumladan, simdan toʻqilgan javshan, temir zanjirlardan yasalgan zirh, metalldan yasalgan jubba, koʻktemur, poʻlatdan yasalgan oha, koʻha kabi Sovut turlari tarixiy-badiiy asarlarda oʻz ifodasini topgan. Jangovar otlarga va fillarga moʻljallab tayyorlangan Sovutlar ham qurollanishda boʻlgan va ular kejim hamda bargustvon deb yuritilgan. Tunda askar tomonidan toʻshak oʻrnida foydalanilgan va ot sagʻrisida olib yurilgan yopinchiq bagtar deb atalgan. Askar tizzasi va butini dushman quroli zarbidan saklovchi Sovut turlari tizlik va butluq deb nomlangan.
Ensiklopediya.uz
SOVUT