Solim ibn Ubayd to’liq malumot oling

Solim ibn Ubayd to’liq malumot oling

Solim ibn Ubayd mavlo Abu Huzayfa (roziyallohu anhu) fors millatiga mansub bo‘lib, asli istaxralik bo‘lgan. Islom kelishidan oldin mashhur sahobiy Abu Huzayfa (roziyallohu anhu)ning ayoli Sahla (roziyallohu anho)ning xos quli edi. Abu Huzayfa uni ozod qilsa-da, oilaviy bordi-keldi uzilmagan. Abu Huzayfa mavlosini o‘z o‘g‘lidek ko‘rar edi. Hatto ba’zilar uni «Abu Huzayfaning o‘g‘li» deb ham chaqirgan.
Mundarija скрыть

Solim mavlo Abu Huzayfa Islomni birinchilar qatorida qabul qilgan. Sobiq qul bo‘lishiga qaramasdan, u tez orada musulmonlar orasida ulug‘lanib, imomlik darajasiga yetdi.

U qiroatda mohir edi. Yosh bo‘lishiga qaramay, hazrat Umar (roziyallohu anhu) davrida Madinai munavvaradagi “Qubo” masjidida imomlik qilgan. Solim (roziyallohu anhu) Qur’onni yaxshi bilgan, shar’iy ahkomlarni chuqur o‘zlashtirgan va parhezkorligi bilan tanilgan.

Oysha onamiz (roziyallohu anho) aytadilar: «Bir kuni kechqurun Rasululloh bilan birga borar edim. Shunda bir oz to‘xtab Qubo masjidiga uzoq qarab, u yerdan kelayotgan qiroatga quloq soldim. Rasululloh ham bu ovozga quloq tutib, Solim mavlo Abu Huzayfa (roziyallohu anhu)ning qiroati ekanini tanidilar. Shunda U zot: «Mening ummatim orasidan senga o‘xshagan zotni chiqarib qo‘ygan Allohga hamd bo‘lsin», dedilar.

Solim (roziyallohu anhu) ham o‘z vaqtida Madinaga hijrat qildi.

Muhojirlar bilan ansorlar aka-uka tutintirilganda, Solim (roziyallohu anhu) Muos ibn Mois (roziyallohu anhu) bilan birodar bo‘ldi.

Solim mavlo Abu Huzayfa (roziyallohu anhu) barcha janglarda mardonavor qatnashdi. Jumladan, Badr, Uhud g‘azotlari va Makka fathida ham ishtirok etdi.

Bir kuni Rasululloh (alayhissalom): «Qiyomat kuni bir necha kimsalar tog‘dek savoblar bilan kelurlar. Alloh taolo ularning amallarini yo‘qqa chiqarur va shiddat bilan jahannamga uloqtirur» dedilar. Bu dahshatli holatni eshitgan Solim (roziyallohu anhu) dedi: «Ota-onam sizga fido bo‘lsin, yo Rasululloh, biz u qavmni qanday tanib olamiz? Sizni pok Payg‘ambar qilib yuborgan Alloh taolodan mening ulardan bo‘lib qolishdan asrashini umid qilaman». Payg‘ambarimiz: «Ey Solim, ular namoz o‘qiydilar, ro‘za tutadilar, ularga haromdan bir narsa taklif etilgan vaqtda Alloh taolodan hech qo‘rqmasdan haromdan qaytmaydilar. Alloh taolo ularning amallarini va ibodatlarini qabul etmas», deb javob berdilar.

Solim (roziyallohu anhu) dinga nihoyatda ko‘p xizmat qilgan. Hammasidan eng yaxshi xislati uning Qur’onga muhabbati va kuchli hifzi edi. Abdulloh ibn Amr (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Qur’on qiroatini to‘rt kishi – Ibn Mas’ud, Solim mavlo Abu Huzayfa, Ubay ibn Ka’b va Muoz ibn Jabaldan o‘rganinglar», dedilar.

Abu Bakr (roziyal­lohu anhu) zamonlarida payg‘ambarlik da’vosi bilan chiqqan Musaylama kazzobga qarshi Yamoma g‘azotida musulmonlar bayroqdori Solim mavlo Abu Huzayfa (roziyallohu anhu) bo‘ldi.

Umar ibn Xattob (roziyal­lohu anhu) vafotlari oldidan bunday deganlar: «Agar sizlarning oralaringizda ikki odamdan biri hayot bo‘lganida, birini o‘zimdan keyin xalifalikka tayin qilgan bo‘lar edim. Biri Solim mavlo Abu Huzayfa (roziyallohu anhu) va yana biri Abu Ubayda ibn Jarroh (roziyallohu anhu). Chunki bu zotlarni tayin qilganimda Allohning oldida ham yuzim yorug‘ bo‘lar edi».

Solim (roziyal­lohu anhu) haqida Rasulul­lohning o‘z­lari bunday degan edilar: «Men So­lim­ni yaxshi ko‘r­dim, yo Alloh, sen ham uni yaxshi ko‘rgin».

Solim (roziyal­lohu anhu) 633 yilda Musaylama kazzobga qarshi olib borilgan Yamoma jangida shahid bo‘ldi. Alloh u zotdan rozi bo‘lsin.

Salohiddin Siddiqov | Hidoyat.uz

Biografiya
Solim ibn Ubayd