SOHIBQIRON HIKOYATLARI VA HIKMATLARI haqida to’liq ma’lumot oling
DO`STLARGA ULASHING:
SOHIBQIRON HIKOYATLARI
VA HIKMATLARI
Bir kuni padari buzrukvorimiz — Amir Tarag’oy bahodir ko’p qo’ylarni menga berib, Samarqand bozoriga savdoga yo’lladilar. Qo’ylarning hammasini ming oltinga sotib, pullarni belga bog’lab sayr qilib yurur edim. Bir yerda xushovoz qalandar odamlarga so’zlab turg’on ekan: qo’lida qog’oz — she’r bitilgan, u der edi:
— Shul yozuvning qadriga yetib, kim ming oltunga olsa, dunyoning oxiriga yetadi…
Himmatim jo’shib, ming oltunni qalandarga tutqazdim. U menga tikilib turdi-da, so’ng nasl-nasabimni so’radi. Aytdim. So’ng tayin qildi:
— Otang oldiga borgil, buni otang oldida o’qi, borg’uncha ochma…
Qog’ozni keltirib, padari buzrukvorga berdim. Ochib o’qidilar. Forscha ruboiy ekan — ma’nosi quyidagicha: zulm bilan dunyoda nom qoldirib bo’lmaydi. Jamshid, Sulaymon, Iskandarlar o’lib ketdi, navbat senga ham yetishi tayin. Dunyoga keldingmi yaxshilik bilan nom qoldir…
Ruboiyning muallifi — o’shal qalandar-alloma shoir Qamol Xo’jandiy erkan. Ul zotni padari buzrukvorimiz ko’p hurmat qilar erkanlar.
— Barakallo, o’g’lim, ko’p dono ishga oltunlarni sarf etibsan. Endi, ming oltung’a olgon ushbu hikmatga qat’iy rioya qilmoq lozimdur…
Padari buzrukvorning aytqonlarini bosh ustida tutdim.
* * *
Qarshi qal’asin zabt etolmay, dilga kadar tugib qaytmoqda edim. Qizildaryodan kechib, bir qishloqqa qo’ndik. Men bir kulbani ixtiyor etdim. Unda ushoqqina kampir yashar, tirikchiligi yolg’iz echkidan erkan. Men momodan biror ovqat qilib bermoqni o’tindim.
Momo oldimga atala to’la tovoq keltirib qo’ydi. Och erdim. Og’och koshiqni tovokdagi atalaga mo’ldirib, yutoqib yegan edim, og’zi-tilim kuygandan-kuydi. Shunda momo dedi:
— Sen-da Amir Temurga o’xshash shoshqoloqlardan ekansan.
— Temurbekning shoshqoloqligini kaydin bildingiz, momo,— so’radim.
— Eshitishimcha, Amir Temur Qarshi qal’asiga tik borib, uni ololmabdi. Magarki, avval kal’a atrofidagi kichik-kichik qishloq va mahallalarni egallab, kuch to’plab, so’ng qal’aga xujum qilmoq lozim edi. U esa bir yo’la beklikni olmoqchi bo’ldiyu, shashti sindi…
Shunga o’xshash sen ham shoshding va og’zingni kuydirding. Atalani avval tovoqning girdidan olib, sekin-sekin yalab ko’radi, sovuganini bilgach, so’ngra qoshiqni to’ldirib yeydi-da…
Shunda xatoyimni anglaganday bo’ldim. Va dedim:
— Darxon momo, o’shal shoshgich Amir Temur mendirman. Tanbehingizni bosh ustiga oldim. Tilang tilagingizni…
Darxon momo odamlar uchun ariq kazib, suv chiqarib berishni so’radi. Oradan ko’p o’tmay Tanqos daryosidan ariq qazib, suv chiqarib berdim.
* * *
Qarshi qal’asin zabt etib, muzaffarlik tug’i birla qaytar edim. Kechda Qo’kbuloqqa yetib, shu yerda tunamoqni ixtiyor etdik. Navkarlarni xonadonlarga taqsimlab, o’zimiz soy bo’yida yashil chodir tikdik.
Subhidam atrofga razm solmoqda edim. Ittifoqo, bir ayol kishining ot yetaklab, soy tomon ketmog’iga nazarimiz tushdi. Shunda bizni o’y cho’lg’adi. Mulozim yo’llab, ul ojizaning erkagini topdirib keltirdik.
Savol ayladik:
— Nechuk, zavjangizni ot sug’org’ali yo’llaysiz? Ot sug’ormoq erkak kishining xizmati-ku?!
— Sohibqiron,— javob ayladi ul kishi,— ot boqish ham, ot sug’orish ham, erkakning yumushi ekonini bilaman. Ammo uyimga qoplonsifat to’rt navkaring tushibdir. Ularning niyatin bilmasman. Shul boisdan ayolimni ot sug’ormoqqa yo’llab, uyda qolgan ikki bo’ydor qizimni qo’riqlamoq istadim…
Biz mulohazaga berildik. Va o’z xatoyimizni anglab, hamishaliqqa qaror berdik: bundan buyog’inda navkarlar konadonlarga joylashtirilmasin. Navkarlarim yalang o’tloq va suvloq joylarda chodirlarda umrguzaronlik qilishsin.
Ko’kbuloq qishlogiga quyosh mo’ralamasdanoq navkarlarni xonadonlardan chiqarilib, chodirlarga joyladim va shu tariqa el osoyishtaligini ta’min etdim.
* * *
Samarqand taxtini egallab, azim Movarounnahr bizning hukmimizga kirgach, yurtda adolat o’rnatmoqqa ahd etdik. Arkonu davlat atrofinda ko’p nobakor mardumlar in qo’ymoqchi erdi. Inchunin, ularning zamzamasidan xunob bo’lib, bir tadbir buyurdim: «Musavvir kelgan arzigo’yning suratin chizib, menga kiritsin. Arzigo’yning qiyofatiga boqib, qabulimni aytarmen…»
Musavvirlar saroyga kelganlarning suvratin chizib, menga kiritishar, arzigo’yning peshona, burun, dahan, ko’z va boshqa sifatlariga qarab, uning maqsad va fe’lini oldindan bilib turardim. Badfe’l va xiyonatkorlarni qabulimga yo’latmaslik harakatida bo’ldim. Bunda pirim — shayx Shamsiddin Parrandadan «Ilmi qiyofa» — qiyofaga qarab baho berish va oldindan taqdirni bashorat etish ilmini mukammal egallaganligim g’oyat qo’l keldi.
Ittifoq, bir arzigo’yning suvratin keltirishdi. Suvratga tikilib, aning g’iybat va bo’htonga ruju qo’yganin angladim. Qabul buyurmadim. Ammo ul kishi mulozimlarga zo’rlik bilan huzurimga g’avg’o solib kirdi.
— Sohibqiron,— derdi u kishi,— siz haqsiz. Qeyingi umrimda men-da ko’p qatori g’iybat va bo’htonga ruju qo’ydim. Ammo ilgari chin ko’ngil kishi erdim. Naylayki, zamon zayli meni shu kuyga soldi… Ortiq chidashim mushkul… Arzim ham zamona zaylidandur. Fayz beruvchi suhbatingdan mahrum etma!..
Shundan so’ng qabulga izn berdim. Mulozimlar bu kishini xos xonaga boshlashdi.
* * *
Qo’l ostimizga o’n to’rt mamlakat raiyyati jam bo’lg’onda, Samarqand kelib katta to’yu tomoshalar berdik. Ziyofatlarga yaqin-yiroqdin barchani chorladik. Odamlar ko’p kunlar to’kin dasturxon atrofida bo’lishib, to’yg’uncha yeb-ichishdi.
Ziyofatga kelg’onlarning barisi shodumon erdi. Ziyofatlar tugadi. Qelg’onlarni yanada xursand etmoq niyatida (ro’zg’origa, bola-baqrasiga yaratar degan umidda) har bir mehmonga bir boshdan hisori qo’y tuhfa etmoqni buyurdim. Bakovullar har kishig’a bittadan qo’y tutqazib, jo’nataverishdi…
Bexos, xayol oldi: mehmonlarim rostdan-da mamnunmikan? Usti-boshimni o’zgartirib, ziyofatdan qaytayotgan odamlar to’dasiga kirdim.
Chahor yo’lda odamlar kuymanishar, dala-dashtda o’sgan qo’ylarni sudrab, uddasidan chiqolmas erdi. Ayniqsa, besh-olti pudli hisori qo’chqorni yetaklab olgan kishi qo’yni harchand tortmasin o’rnidan ko’zg’atolmas erdi. Shunda ul kishi tutoqib dedi:
— Qo’yniku berishga berding, bir quloch arqonni qizg’anib nima qilarding. Bir quloch arqon bilan boyib qolarmiding, ey podgtsohi ziqna…
Bu kishi fikriga qo’shilg’onlar bo’ldi. Shunda el ko’nglini, odamlar ko’nglini olmoq nakadar mushkul ekanini angladim. Qeyin ushbu saboqdin xulosa olib, nuqsonlarga aslo yo’l qo’ymaslik tadorikini ko’rdim.
* * *
Shom sari yurish oldidan Qorabog’da chodir tikib uzoq turib qoldik. Harbu zarb mashqlarini puxtalamoq uchun qo’shin ichinda bo’lib ochiq havoda tunadik. Ko’p vaqt o’tkazib, safar oldidan chodirga qaytsam, ajib manzaraning guvohi bo’ldik. Bizning yo’g’imizda chodir tuynugidan ikki kabutar tushib, juftu halollik qilmishlar. Ular bizning xos o’rindiqqa xas-xashak-la in qurib, bir tuxum bosib yotur edi.
Tangri taoloning bu beozor jonivorlariga xalal yetkazmaslik uchun chodirni o’zga qildik. Ertasi kuni, safarga jo’nar avvalida, to’rt nafar navkarni mulozim birla qoldirdik. Ularga tayin etdikkim:
— Tangri taoloning beozor qushlari tuxum ochib, paloponlari uchurma bo’lg’uncha, shu yonda bo’lursiz. Paloponlar uchib chiqqoch, chodirni yig’ib, ortimizdan yetib borg’aysiz…
Shom safariga otlandik. Jonivorlar borasida tuzgan tadbirimiz tangri taologa xush yoqib, zafar tug’imizni hilpiratdi…
* * *
Aziz avliyolar, sahobalar maqbaralarini, qutlug’ qadamjolarni ziyorat etmoqni ham farz, ham qarz bilur edim. Qayda bo’lmay, ziyoratgohlar oldida otdan tushib, tahorat olgach, yalang oyoq bilan borib, ziyoratni o’rinlatdim. Arkonu davlat, barcha mulozimlarim ham ziyoratgohlarni ana shunday tavof etmoqni odat bilishdi.
* * *
Chaqaloqlarni yig’latmangiz, bolalarga ozor bermangiz — bu gunohi azim erur. Bunday gunohni Olloh xush ko’rmagay…
* * *
Hamishalig’ ta’kid etur edim: xon bo’lsang-da bog’ yarat, gadoy bo’lsang-da bog’ yarat — bir kunmas-bir kun mevasini tatirsan…
* * *
Malohidlarga aytur edim: yolg’on so’zlar birlan g’azab o’tini alangalatmangiz…
* * *
Cherik tuzib, navkar olmoqda uch qoidaga amal qildim: birinchidan — yigitning kuch-quvvatiga, ikkinchidan — qilichni o’ynata olishiga, uchinchidan — aql-zakovatiyu kamolotiga e’tibor qildim. Shu uch fazilat jamuljam bo’lsa, navkarlik xizmatiga oldim. Negakim, kuch-quvvatli yigit har qanday qiyinchiliklarga, azobu uqubatlarga chidamli bo’ladi, qilich o’ynata oladigan kishi raqibni maglub eta oladi, oqil navkar har joyda aql-idrokini ishga solib, mushkulotni bartaraf etmog’i mumkin.
* * *
Piru komil shayx Bahovuddin Naqshbandiyning: «Qam yegin, kam uxla, kam gapir» degan pandu nasihatlariga amal qildim. Arkonu davlatga, barcha mulozimlarga ham aytar so’zim shu bo’ldi: «Kam yenglar — ocharchilik ko’rmasdan boy-badavlat yashaysizlar, kam uxlanglar — mukammallikka erishasizlar, kam gapiringlar — dono bo’lasizlar».
* * *
O’g’illarim, nabiralarim va yaqinlarimni uylantirmoq tashvishida kelin izlamoqqa e’tibor berdim. Bu ishni davlat yumushlari bilan teng ko’rdim. Qelin bo’lmishning nasl-nasabini, yetti pushtini surishtirdim. Xos odamlar orqali sog’liq-salomatligini, jismonan kamolatini aniqladim. Kelin bo’lmish nasli-nasibasi, odob-axloqi, sog’lom va baquvvatligi bilan barcha qusurlardan xoli bo’lsagina el-yurtga katta to’y-tomosha berib, kelin tushirdim.
* * *
O’g’illarim, nabiralarim va yaqinlarimga biron tomchi sharob ichib, xotinlariga yaqinlashishni ma’n etdim. Zero, sharobning ta’sirida bunyodga kelgan farzand nasl-nasibaning buzilishiga ta’sir etgay, debon shu pokiza yo’lni tutdim.
* * *
Har kimdan kengash oldim, har kimdan fikr o’rgandim: qaysi biri foydaliroq bo’lsa, uni ko’ngil xazinasida saqlab, ishlata bildim.
* * *
Ulamo bilan suhbatda bo’ldim va pok niyatli, toza qalbli kishilarga talpindim. Ularning himmatlaridan ulush tilanib, muborak nafaslari bilan duo-fotiha berishlarini o’tindim. Darvesh, faqir va miskinlarni o’zimga yaqin tutdim, ularning ko’ngillarini og’ritmadim va hech bir talablarini rad etmadim. Buzuqi va og’zi shaloq g’iybatchi odamlarni majlisimga yo’latmadim, so’zlariga amal qilmadim. Biror kimsaga tuhmatu g’iybat qilsalar quloq solmadim.
* * *
Qilichim o’tkir bo’lsa-da o’ylab qinidan chiqardim, shirin so’z aytib, g’animning imon topmog’iga yo’l ochdim.
* * *
Men hayotim mobaynida besh narsaga qat’iy e’tiqod qo’ydim va hamishalig’ ularga amal qildim. Ular ushbulardir:
OLLOH — ul har narsaga qodir kuch, sidqidildan sig’insang istagan murodu maqsudingga yetkazadi.
TAFAKKUR — fikrlash va mushohada qobiliyati, quvvai hofizasi kuchli inson har qanday mushkulu mushkulodni oson qilish yo’lini topa oladi.
QILICH — ul yigitning yo’ldoshi, el-yurt osoyishtaligining posboni, har qanday dushmanni mahv etish quroli, aning qudrati ila dinsizlarni dinga solmoq mumkin.
IMON — ul insonni barcha jonlilardan farqlantirib turguvchi xususiyatdir. Imonli odam xiyonat qilmaydi, qarindosh-urug’lari, elu xalqning or-nomusini himoya qiladi, halollik va poklikni fazilat biladi.
KITOB (bitik) — barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql-idrokning, ilmu donishning asosidir, hayotni o’rgatuvchi murabbiydir.
manba:https://kh-davron.uz/kutubxona/qoshimcha/rivoyatlar/sohibqiron-amir-temur-hikmatlari.html
Malumotlar
SOHIBQIRON HIKOYATLARI VA HIKMATLARI