SOBITOV

SOBITOV

SOBITOV Zohid (Zagid) Zarifovich (1909.21.10, Tatariston Respublikasi — 1982.11.7, Toshkent) — kinorejissyor. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1964). Oʻzbekiston xalq artisti (1970). Faoliyatini 1929-y. «Sharq kinosi» studiyasida rej. yordamchisiligidan boshlagan. 1930—32 y. lar «Mosfilm»da, 1933—35 y. lar «Sharq kinosi»da rej. assistenti boʻlib, «Boʻlat Botir», «Dumli yulduz», «Samara guli», «Yangi hayot» filmlarini ishlashda qatnashgan. 1937—82 y. lar «Oʻzbekfilm» rej. i. «Oddiy ish» (1940) kinonovellasi Sobitovning ilk badiiy filmidir. Urush yillari «Frontdagi doʻstlar», «Vatanga sovgʻa» (K. Yormatov bilan hamkorlikda), «Besh respublika konserti» kabi badiiyhujjatli filmlar yaratdi. «Ogoh boʻl!», «10 yil», «Choʻldagi yoʻl» singari hujjatli hamda «Stadionda uchrashamiz», «Sahrodagi voqea», «Farzandlar», «Hamza», «Samolyotlar qoʻna olmadi», «Fidoyi», «General Rahimov», «Chinor», «Favqulodda hodisa», «Ikki jangchi haqida qissa» kabi badiiy filmlari bilan oʻzbek kinosi rivojiga munosib xissa qoʻshdi. Sobitov oʻzbek kinosida birinchilardan boʻlib detektiv janrda film yaratganlardan, uning filmlari qahramonlik, doʻstlik va insoniylikni tarannum etadi. Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1977).

Ensiklopediya.uz
SOBITOV