Smartfoningiz quvvati tez tugab qolyaptimi?
Smartfoningiz quvvati tez tugab qolyaptimi?
DO`STLARGA ULASHING:
Akkumulyator hajmi kattalashgani sababli, smartfonlar energiya samaradorligi yaxshilanmoqda. Ammo haligacha akkumulyator avtonomlik vaqti ko‘pchilik foydalanuvchilar uchun muammoli vaziyat bo‘lib qolmoqda.
Quyida akkumulyator quvvatini eng ko‘p sarflaydigan omillar haqida so‘z yuritamiz. Shuningdek, odatiy muammolarni bartaraf etish uchun tavsiyalar berib o‘tamiz. Qani, ekran o‘chib qolmasidan oldin bu tavsiyalar bilan tanishib chiqamiz!
Telefon quvvatining tez tugab qolishi sababchilari
• Ekran
• Tarmoqning sifatsizligi
• Ilovalar va fon rejimi
• Akkumulyator quvvatini ketkazuvchi boshqa muammolar
• Yana ikki muhim tavsiya
Ekran
Qanday qilib batareya sarfini tekshirish mumkin?
Smartfoningiz sozlamalarini oching. “Batareya sozlamalari”ga o‘ting. O‘ng yuqori burchakdagi 3 nuqtali menyu tugmasiga bosing. “Qurilmadan to‘liq foydalanishni ko‘rsatish” yozuviga bosing. Batareya sarfini tekshirib, ekran eng ko‘p akkumulyator quvvatini oluvchi omil ekanligini bilib olasiz.
Smartfon displeyi uning akkumulyatoriga qaraganda tez suratlarda takomillashib bormoqda. Vaziyat yaxshilangunga qadar, energiyani tejashga to‘g‘ri keladi.
Buni qanday to‘g‘irlash mumkin?
Quvvat sarfini kamaytiruvchi bir necha usullar mavjud. Bular quyidagilar:
– Past ekran yorqinligi: ekran yorqinligini pasaytirish batareya quvvatini tejashga yordam beradi;
– Moslashuvchan yorqinlikdan foydalaning: bu sizni kerakli bo‘lgan yorqinlik bilan ta’minlaydi. Bundan tashqari, yorqinlik zarur bo‘lmaganda siz telefon quvvatini tejashingiz mumkin;
– Ekran yangilanish chastotasi pasaytirish: ba’zi qurilmalar yuqori yangilanish chastotasiga ega va uni sozlanmalar menyusi orqali sozlashingiz mumkin;
– Ekran avto-bloklash vaqtini kamaytirish: bu usul orqali ekranni bekorga quvvat sarflashini oldini olasiz;
– Jonli fon rasmlardan voz kechish: bunday animatsion fonlar chiroyli ko‘rinishi mumkin, ammo bunday turdagi fon rasmlari doimiy ishlab turadi va akkumulyator quvvatini ko‘p sarflaydi. Agar smartfoningiz AMOLED displeyida ishlasa, qora fondan foydalanish juda samarali usuldir, chunki AMOLED displeyi bunday piksellarni aktivlashtirmaydi.
ro‘yxatga qaytish
Tarmoqning sifatsizligi
Tarmoq sifati yaxshi bo‘lmagan joylarda smartfondagi akkumulyator quvvati tez sarflanadi. Tarmoqqa ulanishingiz uchun, smartfon doimiy ravishda yaqin atrofdagi to‘lqin tarqatuvchi antennalar bilan bog‘lanib turadi.
Agar telefon tarmoq bilan bog‘lana olmasa, gadjet tarmoqqa ulanish va sizni tarmoqqa qaytarish uchun qo‘shimcha ravishda ishlashni boshlaydi. Agar shahar chekkasida yashasangiz yoki tarmoq sifati yaxshi bo‘lmagan joyda bo‘lsangiz, telefoningiz quvvati odatdagiga nisbatan tezroq sarflanadi.
Yechim bormi?
– Aloqa operatorlarini almashtirish: aloqa operatorlari barqarorligi hudud, shahar, mahallalarga qarab farq qiladi. O‘z hududingizda eng yaxshi ishlaydigan aloqa operatori (UzMobile, Beeline, Mobiuz, Ucell yoki Perfectum)ni aniqlang va ushbu aloqa operatoridan foydalaning.
– Parvoz rejimi: parvoz rejimi ishga tushganda telefon antennasi ishlashdan to‘xtaydi. Shunda telefoningiz tarmoqda qolish uchun ortiqcha urinmaydi. Agar aloqa sifati yomon bo‘lgan joyda bo‘lsangiz, ushbu usulni qo‘llash ancha samarali hisoblanadi.
ro‘yxatga qaytish
Ilovalar va fon rejimi
Agar telefoningizdagi akkumulyator quvvati tez tugab qolayotgan bo‘lsa, qurilmadagi ilovalarni tekshiruvdan o‘tkazing. Ba’zi YouTube, Netflix kabi striming ilovalari qolganlardan ko‘ra smartfon quvvatini ko‘p sarflaydi. Agar telefon quvvatini tejamoqchi bo‘lsangiz, o‘yinlar, ayniqsa yuqori grafikali o‘yinlarni o‘ynashdan o‘zingizni tiyishingiz lozim.
Shuningdek, Facebook, Instagram, turli xil messenjerlar kabi ilovalar faol bo‘lmagan holatda ham telefon quvvatini sarflaydi.
Shu kabi kommunakativ servislar doimo aloqada bo‘lib turishga harakat qiladi. Ya’ni ushbu ilovalar doimiy ravishda fonda ishlaydi, ma’lumotlardan foydalanadi, joylashuvingizni aniqlaydi, sizga bildirishnomalar yuboradi.
Buni qanday to‘g‘irlash mumkin?
– Telefonga kamroq ilova o‘rnating: ko‘p ilovalar doimiy ravishda fonda ishlab turadi va quvvat sarflaydi. Buning oldini olish uchun, “Ilovalar boshqaruvi”ga o‘ting va o‘zingizga keraksiz bo‘lgan dasturlarni o‘chirib tashlang.
– Fondagi ilovalarni ishlashdan to‘xtating: agar biror ilova telefon quvvatini ko‘p sarflayotgan bo‘lsa, uning faolligini cheklab qo‘yishingiz mumkin. Buning uchun Sozlamalar menyusi > Ilova va bildirishnomalar > Ilovani tanlash > Batareya > Fonni cheklash > Cheklash amalini bajaring. Shunday qilib, ilovadan foydalanilmayotganda, uning ba’zi xususiyat va funksiyalari ishlamaydi.
– Ilovalarni yopish: Android tizimida ishlovchi qurilmalar ko‘p vazifalarni bajarishga ixtisoslashgan. Shuning uchun ilovalarni yopish usuli foydadan ko‘ra zarar keltirishi mumkin. Ammo vaqti-vaqti bilan bu usulni qo‘llab turish foydadan holi emas.
Shuningdek, ba’zan ilovalar tizimida muammolar yuzaga kelib turadi va keraksiz ravishda telefon quvvatini sarflab yuboradi. Agar shunday holat yuzaga kelsa, ilovani yopish yoki uni qayta aktivlashtirish yaxshi usuldir. Buning uchun Sozlamalar menyusi > Ilova va bildirishnomalar > Ilovani tanlash > Majburan to‘xtatish amalini bajaring.
– Foydalanish vaqtiga e’tiborli bo‘ling: ko‘pincha telefonda kuchliroq akkumulyator bo‘lishini xohlaymiz, ammo doimiy ravishda o‘yinlar o‘ynash, videolar ko‘rish yoki ko‘p vaqtimizni ijtimoiy tarmoqlarda sarflab yuboramizki, hatto telefon quvvati tugab qolganini ham sezmay qolamiz. Shuning uchun, ilovalardan qancha vaqt mobaynida foydalanganingizga e’tiborli bo‘ling.
ro‘yxatga qaytish
Boshqa muammolar
– GPS, Wi-Fi va Bluetooth: bu simsiz aloqa vositalaridan qanchalik ko‘p foydalanasiz? Kam bo‘lsa ham, yoniq qolgan vaqtda ular telefon quvvatini sarflaydi.
Agar ulardan foydalanmasangiz, o‘chirib qo‘ygan yaxshi. Shundan so‘ng akkumulyator avtonom vaqti uzayganini sezasiz.
– Kamera: video va rasmga olish ko‘p energiyani talab qiladi. Shuning uchun kameradan iloji boricha kamroq foydalaning, shunda telefon quvvati uzoq muddatga yetadi.
– Past harorat: past temperatura akkumulyator avtonom vaqtiga ta’sir qiladi. Arctic Tech Solutions kompaniyasi rahbari Rojer Gurnining USA Today’ga bergan intervyusida, litiy-ionli batareyalar haddan tashqari sovuq iqlimda akkumulyator quvvatlanishini to‘xtatib qo‘yishini aytgan.
Shuningdek, u sovuq haroratning ta’siri akkumulyatorga doimiy ravishda zarar yetkazishi haqida eslatib o‘tgan. Yaxshi yechim — telefonni o‘zingizga yaqin joyda olib yurishdir, shunda tana harorati uni normal holatda ushlab turadi.
ro‘yxatga qaytish
Yana ikki muhim tavsiya
— Dasturiy ta’minotni yangilash: dasturiy ta’minot yangilanishlari ko‘pincha batareya zaryadini uzoqroq vaqtga yetishiga xizmat qiladi, shuning uchun, har doim telefoningizdagi dasturiy ta’minotni so‘nggi versiyasiga yangilash tavsiya etiladi.
— Yaxshi quvvatlagich sotib oling: Yaxshi quvvatlagich akkumulyatorning uzoqroq va samaraliroq ishlashiga imkon beradi.
ro‘yxatga qaytish
? Mirzoxidbek Terabayt.uz
Smartfoningiz quvvati tez tugab qolyaptimi?